loading...

Turg`unboy Mirzaliyev 

6814

  
 Turg`unboy Mirzaliyev 1932-yil 19-sentyabrda Qozog`iston Respublikasining Chimkent viloyati Sayram qishlog`ida dehqon oilasida tavallud topgan. 
  Taniqli kartograf-olim, yuqori malakali pedagog, kamtarin inson, sodiq do’st, mehribon va talabchan murabbiy Turg`unboy Mirzaliyev tavallud topganiga bugun 80 yil, ilmiy pedagogik faoliyatiga esa 60 yil to’ldi.
 Turg`unboy Mirzaliyevning o’rta maktabdagi o’qish davri mashaqqatli urush yillariga to’g`ri kelgan bo’lsa-da, u Sayram qishlog`ida joylashgan, tuman bo’yicha yagona bo’lgan o’rta maktabni 1949-yili a’lo baholar bilan tugatdi. Olim o’sha vaqtda o’rta maktabda o’qib yurgan chog`larida dars bergan ustozlaridan U.Nuraliyev, Sh.To’raboyev, Q.To’raboyeva, Y.Nishonboyev, Sh.Siddiqov, A.Qosimov va boshqalarni har doim eslab, ularni xizmatlarini yuksak qadrlaydi.
  1949-yilda O’rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O’zbekiston Milliy universiteti) geografiya fakultetiga kartografiya mutaxassisligi bo’yicha o’qishga kiradi va 1954 yilda o’qishni kartografiya sohasi bo’yicha  imtiyozli diplom bilan tugatdi. T.Mirzaliyev va u bilan birga o’qishni bitirgan kursdoshlari O’rta Osiyodagi dastlabki mahalliy kartograf mutaxassislar edi. Universitetda o’qib yurgan vaqtida prof. H.Hasanov, dots. N.Dolimov, malakali kartograf-o’qituvchi M.Tursunov va boshqa yirik olimlardan geografiya va kartografiya sirlarini chuqur o’rgandi. 
 Turg`unboy Mirzaliyev talabalik yillaridayoq O’rta Osiyoning ko’p hududlarini, jumladan, Janubi–G`arbiy  Turkmanistonning Mashhad-Messerion platosini, Tojikistonning Vaxsh vodiysini va Sirdaryo bo’ylarini yirik masshtabda topografik s’yomka qilishda faol qatnashdi.
  1954-yili o’qishni tugatgach, O’rta Osiyo aerogeodeziya korxonasiga injener-kartograf lavozimiga ishga yuborildi. Mazkur tashkilot O’rta Osiyo hududida topografik-geodezik ishlarni olib borish va ushbu hududlarning yirik masshtabli topografik kartalarini yaratish ustida ish olib borish bilan birga geologik qidiruv ishlarini olib borish, yangi yerlarni o’zlashtirish, yirik gidrotexnik inshootlar qurish hamda harbiy  maqsadlar uchun zarur bo’lgan boshqa planli-kartografik materiallarni tayyorlash bilan shug`ullanar edi.
  1954-yilda Qozog`istonning Boyqo’ng`ir, Balxash ko’li g`arbiy qismining, 1955-56-yillarda Ustyurt platosi, 1957-yilda Sirdaryo o’rta qismining topografik kartalarini yaratishda bevosita ishtirok etdi.
 Turg`unboy 1957-58-yillarda vaqtincha o’zi tug`ilib o’sgan qishlog`i Sayramga qaytib, o’zi o’qigan maktabda, keyinchalik Toshkent viloyati Bekobod tumani Juma qishlog`ida joylashgan o’rta maktabda o’qituvchi bo’lib ishladi.
 1959-1961-yillarda T.Mirzaliyev Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida o’qituvchi bo’lib ishlab, talabalarga  "Topografiya asoslari va kartografiya”dan dars berdi. Uning ishlab chiqarishda topografik kartalar yaratish bo’yicha to’plagan  boy tajribasi talabalarga dars berish jarayonida qo’l keldi. O’sha vaqtda O’zRFA Iqtisod institutida ishlayotgan geograf olim Z.M.Akromov maslahati bilan Moskvadagi sobiq Ittifoq akademiyasining Geografiya instituti kartografiya laboratoriyasiga aspiranturaga kirib, kartografiya sohasidagi yirik olimlardan biri professor Maksim Ivanovich Nikishov rahbarligida qishloq xo’jaligini kartaga tushirish bo’yicha ilmiy ish olib borib, 1966-yil yanvarda shu institut ilmiy kengashida «O’rta Osiyo qishloq xo’jaligini kartada tasvirlash» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’ldi.
  1966-yil sentyabr oyidan boshlab o’zi o’qib, ilm olgan oliy dargox Toshkent Davlat universitetining Geografiya fakulteti Geodeziya va kartografiya kafedrasiga kafedra mudirligi lavozimiga tanlov asosida saylandi.
 Proffessor T.Mirzaliyevning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u 50-yillarning oxiriga kelib yopilib qolgan «kartografiya» mutaxassisligini qaytadan tikladi va 1967-1968-o’quv yilida  o’zbeklardan 7 kishi geograf-kartograf mutaxassisligiga qabul qilindi va 1971-yili bitirib chiqdi. Ushbu yillari kafedra ham son ham sifat jihatidan o’sdi. Kafedrada kartografiya sohasi bo’yicha ilmiy tadqiqot va  ilmiy-uslubiy ishlar keng ko’lamda yo’lga qo’yildi.
 Kafedrada sotsial-iqtisodiy kartografiya yo’nalishiga ko’proq e’tibor berilib, shu sohada katta ilmiy ishlar qilindi. Aspirantura ochilib, unga birinchi bo’lib hozirgi vaqtda kafedra dotsenti bo’lib ishlayotgan A.Egamberdiyev qabul qilindi.  Unga T.Mirzaliyev ilmiy rahbarlik qildi. 
 O’sha davrda o’zbek tilida darslik va o’quv qo’llanmalar yaratish eng asosiy masala bo’lib hisoblanar edi. T.Mirzaliyev darslik va qo’llanmalar yaratishga kirishib «Geografik karta va undan foydalanish» nomli (o’qituvchi va talabalar uchun) o’zbek tilida dastlabki o’quv qo’llanmasini chop ettirdi.
 Sotsial-iqtisodiy va o’quv kartografiyasi bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borilib, markaziy matbuotda va respublikamiz matbuotida ilmiy maqolalar muntazam chop etilib turildi. Turg`unboy Mirzaliyev respublikada birinchi bo’lib «Atlas kartografiyasi» deb nomlangan o’quv fanini yaratib uni keng ko’lamda rivojlantirdi.
 Prof. Z.M.Akramov va T.Mirzaliyevning sa’y harakatlari bilan Geodeziya va kartografiya kafedrasida 1980-yili o’zbek va rus tillarida «O’zbekiston o’quv o’lkashunoslik atlasi» yaratildi. Atlasdagi yettita karta T.Mirzaliyev muallifligida tuzilgan.
  Respublikamiz poytaxti-Toshkent shahrining 2000 yillik yubileyi munosabati bilan 1983-yili kompleks «Toshkent geografik atlasi» chop etildi. Atlasning ilmiy muharriri T.Mirzaliyev bo’lgan. Bu atlas Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrining (1977) tarixiy-geografik atlasidan keyin sobiq Ittifoqda nashr qilingan ikkinchi shahar atlasi hisoblanadi. T.Mirzaliyev markaziy jurnallarda, chunonchi «Geodeziya i kartografiya», «Xlopkovodstvo» va Ittifoq akademiyasida nashr qilinadigan jurnallarda o’zining ilmiy maqolalari bilan muntazam qatnashib turdi. 
  Prof.  Turg`unboy Mirzaliyevning faol ishtirokida O’zbekiston Respublikasi hukumatining maxsus qarori bilan O’zbekistonning 2 jildli (1982-1985-yillarda) kompleks ilmiy-ma’lumotnoma atlasi chop etildi. Atlasga T.Mirzaliyev mas’ul muharrirlik qilgan. Bu atlas sobiq Ittifoqdosh respublikalari ichida chop etilgan birinchi 2 jildli yirik kartografik asardir. T.Mirzaliyev ushbu asarga bag`ishlab O’zbekistonda o’tkazilgan birinchi Butunittifoq kartografiya ilmiy-amaliy konferensiyasining (1983-yil) asosiy tashkilotchilaridan biri bo’lgan. Atlasning dasturini tayyorlash, kartalarini tuzish, tahrir qilish va nashr qilish jarayonida T.Mirzaliyevning bu sohadagi ilmiy salohiyati yanada oshdi. Atlasdagi 30 dan ortiq mavzuli kartalarga muallif va  hammualliflik qildi. Bu atlas to’g`risida markaziy nashrlarda juda ko’plab ijobiy taqrizlar bosilib chiqdi.
  80-yillardan boshlab geografiyada aerokosmik suratlardan foydalanishga katta e’tibor berila boshlandi. T.Mirzaliyev aerokosmik suratlardan respublikamizda kartografiya sohasida foydalanishni birinchilardan bo’lib boshlab berdi, ilmiy-amaliy ahamiyatga molik maqolalar yozdi va 1978-yili universitetlarning geografiya fakulteti talabalari uchun «Geografik tadqiqotlarda aerokosmik metodlar» deb nomlangan maxsus o’quv qo’llanmasini nashr ettirdi. Keyinchalik, bu sohani chuqur o’rganib, 1984-yili «Kosmos xalq xo’jaligi xizmatida» nomli monografiyani va «Kosmik suratlardan tabiatni muhofaza qilishda foydalanish» (1990 yil) risolasini yaratdi.
 T.Mirzaliyev bo’lib o’tayotgan kartografiyaga oid turli konferensiyalarda (Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Xarkov, Irkutsk, Qozon, Bishkek va b.) ilmiy maqola va ma’ruzalar bilan muntazam qatnashib kelmoqda. 
 1987-1996-yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining geografiya bo’limida yangidan tashkil qilingan «Kartografiya va geografik tadqiqotlarda aerokosmik metodlar» laboratoriyasiga mudirlik qildi. Bu laboratoriya Atlas kartografiyasini na faqat respublikamizda, balki sobiq Ittifoq va xorij kartograflariga ham tanitdi. Masalan, ularning bevosita ishtirokida va rahbarligida respublikamizning «Paxtachilik» va «Tibbiy-geografik atlas» lari tuzilib, nashrga tayyorlab qo’yilgan edi. Biroq ayrim sabablarga ko’ra, bu atlaslar o’z vaqtida  chop etilmay qoldi. O’sha yillarda amalga oshirilgan tadqiqot ishlarining ilmiy yakuni sifatida T.Mirzaliyev 2 ta monografiya («Problemi kompleksnogo i tematicheskogo kartografirovaniya v Uzbekistane». -Tashkent: «Fan», 1987, va «Atlasnoye kartog­rafirovaniye v Uzbekistane» (hammualliflikda). –Tashkent: «Fan», 1990) chop ettirdi. Domla  Geografiya bo’limida ishlab  yurgan vaqtlarida ham universitet bilan aloqani uzmasdan talabalarga dars berib keldi. Natijada oliy maktablar uchun «Topografiya va kartografiya asoslari» (Toshkent, «O’qituvchi», 1985 y) va «Topografiya asoslari va kartografiyadan laboratoriya mashg`ulotlari» (hammualliflik-da).(Toshkent, «O’qituvchi», 1999 y) o’quv qo’llanmalari yaratildi.
  T.Mirzaliyev Geografiya bo’limida mudirlik qilgan davr­da kompleks va mavzuli kartografiyaning dolzarb nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan qator ilmiy to’plamlar chop etildi. Domla ularga mas’ul muharrirlik qilgan.
Professor T.Mirzaliyev o’zining boy ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatida ko’proq o’quv kartografiyasiga e’tibor qaratib, yangi o’quv fanlarini o’quv rejaga kiritdi va ularning dasturlarini ishlab chiqdi. Masalan, «O’quv karta va atlaslari», «Atlas kartografiyasi» va «Kartografiyaning dolzarb muammolari» va b.
  90-yillarning boshida T.Mirzaliyevning hammuallifligida 1:1 000 000 va 1:1 500 000 masshtabli «O’zbekiston Respublikasining ekologik kartasi» va «O’zbekiston aholisi» kartalari yaratilib, chop etildi.
1995 yildan T.Mirzaliyev yana o’zi o’qib va ishlagan qadrdon universiteti bag`riga qaytib, ish faoliyatini davom etkazdi.
  Univeristetda ishlab, o’quv jarayonini takomillashtirish, kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlarini keng yo’lga qo’yish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash va uzoq yillik ilmiy izlanishlarini sarhisob qilish maqsadida, chop etilgan ilmiy asarlari asosida 1997-yili doktorlik dissertatsiyasini («O’zbekistonda sotsial-iqtisodiy kartografiyaning shakllanishi va rivojlanishi asoslari» mavzusida) muvaffaqiyatli himoya qildi va 1998-yilda professor unvoniga sazovor bo’ldi. T.Mirzaliyev o’zining mazkur ilmiy tadqiqot ishida respublikada kartografiya sohasida olib borilgan ilmiy va amaliy ishlarni mujassamlab, bu sohadagi keyingi qilinadigan tadqiqotlarning asosiy yo’nalishlarini belgilab berdi. Doktorlik dissertatsiyasi asosida 1998-yili prof. O.B.Otamirzayev bilan hamkorlikda «Sotsial-iqtisodiy kartografiya: nazariya va amaliyot» deb nomlangan yangi o’quv qo’llanmasi chop etildi.
  Prof. T.Mirzaliyev 1998-yili O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi asosida tuzilib, shu yili chop etilgan «O’zbekiston geografik atlasi» ning Bosh muharriri va 10 dan ortiq kartaning muallifidir. Bu atlasni respublikamizni mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarini ko’rsatib beruvchi o’ziga xos ko’zgu desa bo’ladi. Atlas kartalarini loyihalash-tirish va tuzishda respublikamizdagi yetakchi kartograf va geograflar biryoqadan bosh chiqarib, yirik kartografik asarlar yaratishga o’zlarini qodir ekanliklarini yana bir bor ko’rsatib berdilar. Bu atlas «Ustoz» jamg`armasi tomonidan tashkil qilingan Respublika o’quv qo’llanma va darsliklar tanlovida fahrli 3-o’rinni oldi.
  T.Mirzaliyevning bu sohada qilgan katta xizmatlarini e’tiborga olib, Respublika hukumati va rahbariyati 1999-yili ularni yuksak mukofot. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi. 
  T.Mirzaliyev uzoq yillardan buyon Respublika Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Geografiya bo’yicha ilmiy-metodik kengash a’zosi sifatida respublikamizda tayyorlanib, chop etilayotgan barcha o’quv atlas va kartalariga bosh-qosh bo’lib, Toshkent kartografiya fabrikasi bilan hamkorlikda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Ularning rahbarligida hozirgi vaqtda Respublika Fan va texnologiyalar markazi bilan shartnoma asosida O’zbekistonning 10 ta 1:1 000 000 masshtabli devoriy o’quv kartalari seriyasi tayyorlandi va Respublika Xalq ta’limi vazirligiga topshirildi. Hozir mazkur seriya nashrga tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, T.Mirzaliyevning tashabbusi bilan hozir universitet tarixchi olimlari bilan hamkorlikda o’rta maktablar uchun maxsus «O’zbekiston tarix atlasi» yaratilmoqda. T.Mirzaliyev ko’p yillar rahbarlik qilgan Geodeziya, kartografyai va kadastr kafedrasi mamlakatimiz uchun kartografiya sohasida bakalavr va magistrlar tayyorlab beradigan yagona o’quv maskani bo’lib hisoblanadi. Yer kadastri bo’yicha kartalar tuzishni yo’lga qo’yish maqsadida, shu sohada ham malakali mutaxassislar tayyorlash yo’lga qo’yildi va respublika bo’yicha injener-kartograf tayyorlashni istiqbolda rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Mazkur mutaxassislikning o’quv rejasi tuzildi va u Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Tinib-tinchimas olim o’rta va oliy maktablar hamda harbiy o’quv yurtlari uchun o’zbek tilida hududimizning o’ziga xos yettita landshaftini aks ettiruvchi 1:10 000, 1:25 000, 1:50 000 va 1:100 000 masshtabli o’quv-topografik kartalarini yaratishda faol qatnashdi. 
  Proffessor T.Mirzaliyev respublikamizdagi boshqa oliy o’quv yurtlari bilan ham hamkorlik qilib, ilmiy ishlarni davom ettirmoqda. Masalan, Toshkent Islom universiteti olimlari bilan hamkorlikda «Islom tarixi», «Dinshunoslik» fanlari uchun devoriy o’quv kartalarni yaratish ustida, Buxoro, Samarqand universitetlari va Toshkent viloyati Pedagogika instituti geograflari bilan hamkorlikda shu viloyatlarning geografik o’quv-ma’lumotnoma atlaslarini yaratish ustida olib borilayotgan ishlarga rahbarlik qilmoqda. 
  Shu kunlarda prof. T.Mirzaliyevning ko’p yillar mobaynida orzu qilib yurgan orzulari ro’yobga oshib, kartograflar uchun birinchi marotaba «Kartashunoslik» darsligi chop etildi. Ularning yana bir yuksak orzulari u ham bo’lsa «O’zbekiston Milliy atlasini» yaratishdir. Hozir ushbu muammo bo’yicha ham tashkiliy ishlar boshlab yuborildi. Albatta, ularning asosiy maqsadi respublikamiz uchun suv va havodek zarur bo’lgan injener-kartograflarni yetishtirish, magistrlar tayyorlash orqali respublika oliy o’quv yurtlari uchun o’qituvchilar tayyorlash va aspirantura orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat. 
  Prof. T.Mirzaliyev rahbarligida o’ndan ortiq fan nomzodlari tayyorlangan. Hozirgi kunda ularning ko’pchiligi geodeziya, kartografiya va kadastr sohalariga oid har xil ishlab chiqarish tashkilotlarida va o’quv muassasalarida muvaffaqiyatli ishlamoqdalar. 
  Professor T.Mirzaliyev o’zining ilmiy-pedagogik ish foliyatida 4 ta monografiya, 3 darslik, 10 ta o’quv qo’llanma, 120 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqolalar va 60 dan ortiq kartalarni tayyorlab, ularni chop ettirdi.
 T.Mirzaliyev O’zbekiston Respublikasi Geografiya jamiyati Prezidiumi a’zosi va respublika Oliy Attestatsiya komissiyasining Geografiya bo’yicha ilmiy kengashi a’zosidir. Respublikamiz kartograflarining otaxoni bugungi kunda 83 yoshga to’ldi. Domla kartografiya fani taraqqiyotiga qo’shgan hissasi, jonkuyarligi, mehnatsevarligi, kamtarligi bilan jamoatchilik orasida munosib obro’-e’tiborga egadir.
Do`stlari, safdoshlari, shogirdlari

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив