Qora metallurgiya
Metallurgiya majmuasi ikki tarmoqni:
qora metallurgiya va rangli metallurgiyani o'z ichiga oladi.
Qora metallurgiya - temir rudasi
qazib chiqarish, cho'yan, po'lat eritish, prokat va ferroqotishmalar ishlab
chiqarishdan iborat. Hozirgi zamon metallurgiyasi uchun, birinchidan,
metallning asosiy qismini metallurgiya kombinatlarida ishlab chiqarish
xarakterlidir. Metallurgiyada xomashyoga
ketma-ket ishlov beradigan kombinatlarning hissasi katta bo'ladi. Chunki
kombinatlarda bir yo'la temir rudasidan domna pechlarida cho'yan eritib
olinadi, suyuq cho'yan va temir-tersakdan (metallolomdan) po'lat erituvchi
(marten, konverter, elektr) pechlarda po'lat eritiladi, po'latdan esa tayyor
mahsulot - prokat olinadi.
Fan-texnika taraqqiyoti metall
eritishning chiqindisiz texnologiyasini, metall olishning yangi, serunum
usullarini joriy qilishga olib kelmoqdaki, bu po'lat sifatini oshirishni va
prokatning xilma-xil turlarini olishni ta'minlamoqda. Metall olishning eng
yangi usuli metallni domnasiz, ya'ni rudani eritmay undan metallni ajratib
olishdir.
Qora metallurgiyada ishlab chiqarish uzluksiz
markazlasha boradi.
Metallurgiya kombinatlari ko'p miqdorda xomashyo va yoqilg'i ishlatadi.
Shu sababli ular xomashyo yoki yoqilg'i bazalari yaqinida, ba'zan ular
oralig'ida quriladi. Bu metallurgiya korxonasi (kombinat)ni joylashtirishning
eng muhim shartidir. Bunda suv, elektr energiya, tabiiy gaz bilan ta'minlash va
tabiatni muhofaza qilish imkoniyatlari ham e'tiborga olinadi.
Birinchi metallurgiya korxonasi -
Bekobod metallurgiya zavodi 1946-yilda ishga tushirilgan. Zavodda 3 ta marten
pechi, prokat sexi, metall quyadigan termik sex va bir qancha yordamchi
korxonalar bor. Keyingi vaqtlarda zavodning marten pechlari elektropechlarga
aylantirildi.
Zavodda po'lat va prokat ishlab
chiqarish ortib bormoqda. 1950-yilda 119 ming tonna po'lat eritilgan, 76 ming
tonna tayyor prokat ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2007-yilda eritilgan po'lat
656,4 ming tonna va tayyor prokat 619,6 ming tonnadan ortib ketdi. Ammo zavod
mahsuloti mamlakatning metallga bo'lgan ehtiyojini qoplay olmayotir. Natijada
qo'shni davlatlardan ko'plab metall keltirishga to'g'ri kelmoqda. O'zbekistonda
temir va marganes ruda zaxiralari ma'lum bo'lsa-da, ulardan hozircha
foydalanilmayotir. Samarqand viloyati, Qoraqalpog'iston Respublikasi va
Markaziy Qizilqumda ruda konlarini qidirish ishlari olib borilmoqda. Shu
bilan birga yig'ilgan temir-tersakni qayta ishlaydigan korxonalar Urganch,
Boyovut, Qarshi, Kitob, Denov va Taxiatoshda bunyod qilinmoqda.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.