Mashinasozlik majmuasi
Mashinasozlik majmuasi - iqtisodiyotning barcha sohalari uchun mashina va asboblar ishlab chiqaruvchi, aholini televizor, muzlatkich singari xilma-xil is'temol buyumlari bilan ta'minlovchi sanoat tarmoqlari uyg'unligidir.
Mashinasozlik mamlakat
iqtisodiyotining ustuvor majmuasi hisoblanadi. Chunki iqtisodiyotning
hech bir tarmog'i mashinalar bilan ta'minlanmay turib rivojlana olmaydi.
Hozirgi zamon mashinasini tayyorlash uchun ko'p miqdorda metall,
plastmassa, bo'yoqlar, rezina, gazlama,
yog'och-taxta kerak bo'ladi.
Mashinalar minglab detallardan
tayyorlanadi. Bu qadar xilma-xil detallarni bittagina zavodda yasash noqulay va
samarasizdir. Shu sababli mashinasozlikda detallar yasashga ixtisoslashish,
ya'ni tayyor mahsulotning ayrim detallari va qismlarini yasash, shuningdek,
predmetlar yasashga ixtisoslashish, ya'ni avtomobil, traktor, dastgoh kabi
tayyor mahsulot ishlab chiqarish keng rivojlangan.
Binobarin, mashinalar uchun ayrim
detallarni ishlab chiqaruvchi ko'pdan ko'p mashinasozlik zavodlari bir-birlari
bilan, shuningdek, metall, plastmassa, rezina va hokazolarni yetkazib beruvchi
(boshqa tarmoq) korxonalari bilan ishlab chiqarish aloqalari bo'lishini, ya'ni kooperativlashishlarini
talab qiladi. Ammo bunday ishlab chiqarishni transportsiz amalga oshirib
bo'lmaydi. Shu sababli mashinasozlik tarmoqlarini joylashtirishda qulay transport
magistrallarining mavjudligi albatta hisobga olinadi.
Mashinasozlik buyumlari murakkab
dastgohlar vositasida, yuqori malakali mehnat evaziga yaraladi. O'rta hisobda
har bir mashinaning tannarxi unga sarflangan xomashyo - metall tannarxidan
yuzlab marta ortiq bo'ladi.
Mashinasozlik korxonalarini
joylashtirishda malakali ishchi va ilmiy-texnik mutaxassislar yetarli bo'lishi
shart. Mashinasozlikning turli tarmoqlari bir xil miqdorda metall ishlatmaydi.
Agar bir dona mashinani yasash uchun ko'p metal (yoki boshqa material ko'p)
kerak bo'lsa, bunday mashinasozlikni ko'p metall yoki ko'p material talab
qiluvchi mashinasozlik deyiladi. Masalan, kon va metallurgiya asbob-uskunalari,
temiryo'l vagonlarini ishlab chiqarish bunga misol bo'ladi.
Shu sababli mashinasozlik korxonalarini joylashtirishda iste'molchining
yaqinligi va metallurgiya bazasi ham hisobga olinadi.
Shunday qilib, sarf qilinadigan
material va malakali mehnat miqdori, shuningdek, xomashyo hamda tayyor
mashinalarni tashish sharoiti mashinasozlik zavodlarini: a) transport
magistrallari; b) malakali kadrlar; d) iste'molchilar; e) yirik metallurgiya
korxonalari mavjud yerlarda joylashtirish tamoyillarini belgilab beradi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.