loading...

Mashinasozlik istiqbollari 

8681

 Mashinasozlik majmuasining yuksalishiga hamohang korxonalar tobora alohida detallarni ishlab chiqarishga ixtisoslashmoqda. Ayni vaqtda tayyor mahsulot qiymatida xomashyo hissasi qisqarib malakali mehnat hissasi, ahamiyati ortmoqda. Bunday jarayonni mashinasozlik korxonalari qoshida kasb-hunar kollejlari, ilmiy tajriba konstruktorlik byurolari singari ilmiy muassasalar faoliyat ko'rsatayotganida ham kuzatish mumkin. 
  Poytaxtimiz Toshkentdagi V.P.Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi o'shanday korxonalarning namunasi deyish mumkin. Bu korxonani shahar ichidagi shahar desa bo'ladi. Unda necha o'n minglab ishchi, muhandis, ixtirochilar ishlaydi. Jahonda eng ulkan «Antey» rusumli transport samolyoti shu korxonada bunyod etilgan. 1993-yilda birlashma IL-114 rusumli 64 yo'lovchiga mo'ljallangan yangi samolyot ishlab chiqardi. U An-24 va YAK-40 singari eskirgan samolyotlarga qaraganda yoqilg'ini 2 barobar kam sarflaydi. 1996-yildan «Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyatiga aylandi.  
  O'tgan asrning o'rtalaridan boshlab elektrotexnika sanoati alohida tarmoq tarzida shakllandi. O'ndan ortiq elektrotexnika zavodlari ishladi. EHM ishlab chiqaradigan «Algoritm» zavodiga asos solindi. EHM uchun mikroelektronika elementlari, mikrosxemalar, masofadan turib boshqarish sistemalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan «Zenit» zavodi ishga tushirildi. 1990-yili konsern «O'zeltexsanoat» uyushmasiga aylantirildi. Uyushma tarkibida 50 dan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Uyushma korxonalari bilan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Singapur va boshqa mamlakatlar firmalari hamkorligida 20 dan ortiq qo'shma korxonalar tashkil etildi. 
  Radioelektronika va elektrotexnika Respublika mashinasozlik majmuasining jadal rivojlanuvchi, istiqbolli tarmog'i. Mamlakatimizda oltin, kumush, mis, rux, kremniy, volfram, kaolin, kvars qumi, uran xomashyosi kabi nodir ruda konlari hamda yetarlicha ishchi kuchi mavjudligi tarmoqning barqaror rivojlanishini ta'minlaydi. 
  Hozirgi vaqtda mashinasozlik tarmoqlarida 100 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda.
 To'qimachilik sanoatining yuksalishi xomashyogagina bog'liq bo'lmay uni zamonaviy to'quv dastgohlar, asbob-uskunalar bilan ta'minlashga ham bog'liqdir. Bunday jihozlarni «O'zbekto'qimachilikmash» birlashmasida ishlab chiqariladi. Birlashma korxonalari Toshkent, Qo'qon, Jizzax shaharlarida joylashgan. 
  Kimyo va neft-kimyo mashinasozligi 1941-yilda tashkil topgan. Uning yirik korxonasi Chirchiq shahridagi «O'zbekkimyomash» zavodi dastavval kimyo, mikrobiologiya, sellyuloza-qog'oz sanoati korxonalari uchun uskuna-jihoz ishlab chiqarar edi. 
 Hozirda kimyo uskunalari, turbokompressorlar, ventilatorlar, nasoslar ishlab chiqarmoqda. Toshkent «Kompressor» zavodida qo'shma kompressor stansiyalar ishlab chiqariladi. Namanganda esa neft va gaz quduqlari uchun jihozlar ishlab chiqariladi. 
Kommunal xo'jaligi mashinasozligi tarmog'ida Samarqand liftsozlik zavodi ishlamoqda. Zavodda yo'lovchi va yuk liftlari, yog'ochga ishlov beradigan stanoklar ishlab chiqariladi. Zavod negizida Rossiya va O'zbekiston qo'shma korxonasi «Sharqlift» tashkil etildi. 
Mashinasozlik korxonalarining istiqboli va hududiy joylashuvini inson omili belgilaydi. Ma'lumki, O'zbekiston aholisining 64 foizi qishloqda yashaydi. Ularni ish bilan ta'minlash jiddiy ijtimoiy muammo bo'lib qolmoqda. Binobarin, mashina qismlarini ishlashga ixtisoslashgan kichik korxonalar bundan buyon qishloqlarga ko'chadi. 
 O'tgan asr o'rtalarigacha O'zbekiston mashinasozligi faqatgina qishloq xo'jaligi mashinalari ishlab chiqargan va ularni ta'mirlash hamda paxtani qayta ishlovchi korxonalarga mashina va uskunalar yetkazib bergan edi. Endilikda esa mashinasozlik majmuining yarmigina agrosanoat majmuasi bilan bog'liq. Ikkinchi jahon urushi davrida O'zbekistonda 16 ta mashinasozlik zavodi ishga tushirildi. Bu mashinasozlik tarmoqlarining tarkibi va hududiy joylashuviga ta'sir etdi. Urushdan so'ng O'zbekiston mashinasozligida an'anaviy tarmoqlarni rivojlantirish bilan bir qatorda oz metall va ko'p mehnat talab tarmoqlar jadal rivojlandi. Natijada ko'p tarmoqli mashinasozlik tarkib topdi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив