loading...

Avtomobilsozlik 

10581

  Mashinasozlik sanoatining muhim tarmog'i hisoblangan avtomobilsozlik O'zbekistonda mustaqillikdan so'ng shakllana boshladi. Shungacha avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatuvchi avtomobillarni tuzatadigan bir nechta zavod bor edi. 1992-yili O'zbekiston Respublikasi Janubiy Koreyaning «DAEWOO» kompaniyasi bilan hamkorlikda Andijon viloyatining Asaka shahrida paxta tashiydigan tirkamalar zavodi negizida yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan «Uz-Daewoo Avto» (bugungi kunda «GM Uzbekistan») avtomobil zavodi qurila boshlandi. 1996-yili dastlabki «Damas», «Tico», «Nexia» rusumli yengil avtomobillar zavod konveyeridan chiqa boshladi. Bu yosh va istiqbolli soha neftkimyo, elektronika kabi boshqa milliy iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalarining o'ziga xos lokomotivi bo'ldi. 
 Koreyalik, italiyalik, gollandiyalik va amerikalik hamkorlar bilan faoliyat yuritib, kompaniya doim respublikada ishlab chiqariladigan jamlovchi qismlar ulushini oshirishga harakat qilmoqda. 
  Dastlabki yili avtomobil qismlarining 20 foizi O'zbekistonda tayyorlangan bo'lsa, 5 yil o'tgach bu ko'rsatkich 60 foizga yaqinlashdi. Endilikda bu ko'rsatkich 85 foizni tashkil etib, avtomobilsozlik korxonalarining mamlakat doirasidagi kooperatsiyasi yuksak darajaga ko'tarildi. Bugungi kunda respublikaning o'ttizdan ortiq korxonalari o'z mahsulotlarini Asaka shahridagi avtozavod konveyeriga yetkazib bermoqda. 
 Mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish tadbirkorlik ruhini rivojlantirishga yordam berib, qo'shimcha ish joylari yaratildi. O`zbekiston jahonda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28-davlatdir. «GM-Uzbekistan» zavodi uchinchi ming yillikka zamonaviy avtomobil modellari ancha salmoqli to'plami bilan: «Damas», «Nexia», «Matis», «Lacetti», «Chevrolet Epica», «Chevrolet Captiva», "Spark”, "Malibu”, "Cobolt” avtomobillarini ishlab chiqarmoqda.  Jahon bozorida kuchayib borayotgan raqobatchilik kompaniyadan doimiy ravishda, zamonaviy texhnologiyalarni, ilmiy va dizaynerlik ishlanmalarini tatbiq etishni talab etmoqda. 
  Kelajakda yosh mutaxassislarni tayyorlash, ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlarini barpo etish, ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish, ishchilarning intellektual imkoniyatlarini rag'batlantirish muhim vazifa hisoblanadi. 
 1999-yili Samarqand shahrida O'zavtosanoat uyushmasi bilan «KochXolding» Turkiya kompaniyasi hamkorligida «SamKochavto» avtomobil zavodi ishga tushdi. 2006-yildan zavod Yaponiya bilan hamkorlikda «Isuzu» rusumli avtobus va kichik yuk avtomashinalarini ishlab chiqarishga kirishdi va «SamAvto» deb nomlandi. 
 «SamAvto» avtotransport vositalarining 30 dan ortiq turini ishlab chiqaradi. Loyihani ishlab chiqish davrida «SamAvto» qo'shma korxonasining ta'minotchisi bo'lishi mumkin bo'lgan korxonalar aniqlandi. Ular orasida: lak-bo'yoq, o'rindiq va detallar hamda ko'plab boshqa buyumlar ishlab chiqarish bo'yicha O'zbekiston-Janubiy Koreya qo'shma korxonalari bor. Istiqbolda mahalliy ishlab chiqarish ulushi avtobuslarning 56 va yuk mashinalarning 44 foizini tashkil etishi kerak. Bu mamlakatimiz mashinasozligi o'zining mustahkam zaminiga va porloq istiqboliga ega ekanligidan dalolat beradi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив