Magellan izdoshlari
Har bir inson o`z umri davomida ma’lum bir masofani piyoda bosib o`tadi.
Ammo bu masofaning qanchaga tengligi har bir kishini qiziqtirishi tabiiy.
Ushbu savolga javob topish maqsadida o`tkazilgan izlanishlar natijasida
olimlar turli transport xizmatlarining rivojlanishi sababli inson harakatlanish
faolligining hozirgi vaqtda birmuncha pasayganligi haqidagi xulosaga kelishdi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, XX asr boshlarida inson o`z hayoti davomida o`rtacha
75 ming km yoki Yer sharini ekvator bo`ylab qariyb ikki marta aylanishga teng
masofani bosib o`tgan bo`lsa, hozirgi kunda bu masofa o`rtacha 24 ming km. ga
teng. Shunisi xavotirliki, insonning o`rtacha piyoda yurish masofasi yil sayin
qisqarishda davom etmoqda. Shu ning uchun ham asr kasalligi nomini olgan
kamxarakatlilik natijasida sayyoramizda ortiqcha vaznga ega bo`lgan kishilar
soni tobora ko`payib bormoqda.
Ammo Yer yuzida yashaydigan aholi, shu jumladan, umuman harakat qilish
imkoniyatidan mahrum kishilar ham kitob o`qiyotganda, darsda o`tirganda,
televizor ko`rayotganda va hatto, uxlayotgan paytda ham mutloq tinch turmasdan,
quyidagi uch harakat ta’sirida bo`ladilar.
Birinchidan, Yer sharining o`z o`qi atrofida aylanishi tufayli biz
o`zimiz bilmagan holda ekvatorda soatiga 1700 km, O`zbekistan
joylashgan kengliklarda esa o`rtacha 900 km tezlikda harakatlanamiz va bir sutka
davomida o`ziga xos bo`lgan dunyo bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshiramiz.
Ikkinchidan, sayyoramiz katta bir fazoviy kema sifatida sekundiga 30 km tezlikda Quyosh atrofida
aylanadi va uchinchidan Quyosh tizimi Galaktikamiz markaziga nisbatan sekundiga
220 km
tezlik bilan harakatlanadi.
Ammo shunday kishilar borki, ular o`zlarining tinib-tinchimas sayyoh
ekanliklarini amalda isbotlaydilar. Biz Yer shari bo`ylab ilk aylanma dengiz
sayohatini portugal
sayyohi F.Magellan amalga oshirganligini 5-sinf geografiya darsligidan yaxshi
bilamiz. Shu bois, keyinchalik Yer shari bo`ylab amalga oshirilgan aylanma
sayohatlarning aksariyati kengliklar yo`nalishida sharqdan g`arbga yoki
aksincha amalga oshirilgan.
Ammo Buyuk
Britaniyalik sayyohlar R.Feyns va Ch.Berton Yer shari atrofida aylanma
sayohatning odatda amalga oshiriladigan yo`nalishini o`zgartirishgan. Jumladan,
ular 1979-1982-yillar davomida dunyoda birinchi bo`lib Yer shari atrofini
meridian bo`ylab aylanib chiqishgan.
1979-yil 2-sentyabrda sayyohlar Temza daryosidan «Benjamin Boring»
(«Benjamin zerikmoqda»), deb nomlangan kichik kemada yo`lga chiqishgan va
nolinchi meridian bo`ylab janubga yurishgan. Fransiyaning shimoliy qirg`o`laridan
boshlab ushbu mamlakat, keyin Ispaniya hududini quruqlik orqali piyoda kesib o`tdilar.
So`ng yo`llari Sahroi Kabir orqali Jazoirdan Kot d'Ivuar poytaxti Abidjan shahrigacha davom
etgan. So`ng sayyohlar yana kemaga o`tirib, Janubiy Afrikadagi Keyptaun shahriga
yetib olishdi.
Keyptaun shahridan Atlantika okeanini kesib o`tgan sayyohlar Antarktida qirgoqlaridagi
Modalar Qirolichasi Yeriga yetib kelishgan. Maxsus tayyorlangan qorda yuradigan
motorli moslamalarda sayyohlar Janubiy qutb tomon yo`l olib, 1980-yil 16-dekabrda
janubiy geografik qutbda joylashgan «Amundsen-Skott» stansiyasiga yetdilar.
Sayyohlar hammasi bo`lib 66 kunda Antarktidani kesib o`tib, materikning boshqa
chekkasidagi Viktoriya yeri qirgoqlarigacha yetib kelishgan. So`ngra shu
yerdagi Ader burnidan sayyohlar o`z kemalarida 180-meridian bo`ylab Yangi
Zelandiyaga jo`nadilar.
Yangi Zelandiyadan
kemada yo`lga chiqqan sayyohlar Tinch okeanini kesib o`tib, AQShning
Los-Anjeles shahriga kelishdi. AQSh va Kanadaning Tinch okeani qirgoqlari bo`ylab
suzgach, Alyaskadagi Yukon daryosining quyilish joyi orqali Jek London
asarlaridan yaxshi tanish bo`lgan oltin izlovchilar shahri Dousonga yetib
oldilar. Bu yerdan Makkenzi daryosining quyilish joyidagi Inuvik
shaharchasiga sayyohlar piyoda borishgan. So`ng, motorli qayiqda Kanada
arxipelagining shimoliy oroli Elsmirga kelib, shu yerdagi Alert shaharchasida qishladilar.
Elsmir orolidan sayyohlar shimoliy qutbga tomon yo`l olishgan va unga 1982-yil
11-aprelda yetib borishgan.
Ekspeditsiyaning oxirgi bosqichida R.Feyns va Ch.Berton 99 kun suzuvchi
muz ustida harakat qilib, Shpitsbergen orollariga yetib oldilar.
Shpitsbergenga yaqin joyda sayyohlar yana o`zlarining «Benjamin Boring»
kemasiga o`tirib, shimoliy dengizlar orqali 1982-yil 29-avgustda Londonga qaytib
kelishdi.
Uch yil davom etgan ushbu sayohat davomida sayyohlar 56325 km masofani bosib o`tishgan.
O va 180-meridian bo`ylab harakatlangan sayyohlar Yevropa, Afrika, Atlantika
okeani bo`ylab Antarktidaga, ya’ni Janubiy qutbga yetib, Tinch okeani, Shimoliy
Amerikaning Tinch okeani qirgoqlari va Shimoliy muz okeani orqali Shimoliy qutbni
zabt etdilar.
Yer sharini piyoda aylanib chiqqan sayyohlar soni ham talaygina.
«Ginnessning rekordlar kitobi»da yozilishicha, ulardan birinchisi amerikalik sayyoh
Jorj Metyu bo`lib, u sayyoramizni 1897-1904-yillar davomida aylanib chiqqan.
Ammo yana bir amerikalik sayyoh D.Kanet Yer sharini piyoda birmuncha qisqa
muddatda – 1970-yil 20-iyundan 1974-yil 5-oktyabrgacha aylanib chiqqan. U to`rtta
kontinentdagi bir necha mamlakatlarda bo`lib, o`z sayohati davomida 22 juft
poyafzalni ishdan chiqargan.
AQShning Oxayo shtatidan 32 yoshli Stiv Nyumen 4 yil davomida
(1983-1987) bir o`zi 36200
km yo`l bosib, Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya va
Shimoliy Amerikaning 22 mamlakati orqali Yer yuzini piyoda aylanib chiqqan.
Shimoliy Amerikadan Irlandiyaga, Osiyodan Avstraliyaga va u yerdan Shimoliy
Amerikaga bo`lgan oraliqda samolyotda uchgan bo`lsa-da, S.Nyumen ko`rsatilgan qit’alarning
ichkari qismlarini to`liq piyoda bosib o`tgan. Uning bu sayohati davomida qadamni
o`lchaydigan asbob 40 million qadam bosib o`tilganini ko`rsatgan. U o`zi bo`lgan
har bir shaharda uning yo`l jurnaliga imzo va rasmiy muhr qo`yib berishlarini
iltimos qilardi.
S.Nyumen bilan musobaqalashish va undan o`zish maqsadida AQShlik sayyoh
D.Kanet 1987-yil dekabrda yangi sayohatini boshlagan. Bu safar u ekvatorning quruqlik
qismi bo`ylab 23300 km
masofani bosib o`tgan. U mazkur sayohat davomida to`rtta qit’adagi dunyoning
13 ta mamlakatida bo`lib, Yer sharini birmuncha tezroq, ya’ni 4 yilu 3 oyu 16
kun davomida aylanib chiqib, 21 juft poyafzalni kiyib tugatgan.
Angliyalik jurnalist G.Uilson birinchi bo`lib, Yer shari atrofini
yugurib aylanib chiqish maqsadida 1986-yilning 1-mayidan boshlab 30 ming km masofani
bosib o`tgan. U safari davomida qator mamlakatlarni videotasmaga tushirgan, dam
olish vaqtlarida sayohat natijalarini keyinchalik yozishni rejalashtirgan «Yer
shari bo`ylab yugurib» nomli kitobida foydalanish uchun kurgan-kechirganlarini
kundaligiga qayd etib borgan.
Ammo dunyoda birinchi bo`lib Yer sharini yugurib aylanib chiqishga ahd
qilgan ingliz jurnalistining rejasi amalga oshmay qoldi. Chunki safarining
oxirgi bosqichida, ya’ni AQShdagi Nyu-York shahri markazidan yugurib o`tayotganda,
sayyohni kuzatib kelayotgan avtomobilni noma’lum bosqinchilar to`dasi tunab
ketgan. Shu tariqa G.Uilson kiyimsiz, pulsiz, hujjatsiz qolgan. Bo`lajak kitobi
uchun yiqqan barcha fotosuratu videofilmlari ham o`g`irlab ketilgandi.
Fransuz talabasi Iv Bonne Yer sharini 1500 kunda velosipedda aylanib chiqib,
75000 km
masofani bosib o`tgan. Ammo Yer shari atrofi bo`ylab amalga oshirilgan eng uzoq
muddatli - 17 yillik velomarafon 640 ming km masofani bosib o`tgan angliyalik
sayyoh U.Stoulga tegishli.
Shuningdek, hindistonlik sayyoh A.Kumarning Yer shari bo`ylab
mototsikldagi 1971-yilda boshlangan sayohati 16 yil davom etgan va u 400 ming
km.ni bosib o`tib, dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida bo`lgan. Suriyalik
chavandoz A.Azau esa 1982-1986-yillarda birinchi bo`lib Yer sharini otda
aylanib chiqib, 35 ming km masofani bosib o`tgan.
Italiyaning Turin shahridan bo`lgan D.Rikatto 1962-yilda motorollerda O`rtayer
dengizi mamlakatlarini aylanib chiqqach, sayohat qilish uning hayoti mazmuniga
aylangan. Sayyoh shundan keyin 15 oylik Yer shari bo`ylab aylanma dengiz
sayohatiga chiqqan. Sayohatlari davomida juda ko`p ob’ektlarni suratga
tushirgan va hozirda uning arxivida 130 mingdan ortiq fotosurat mavjud. Dunyo
xaritasida 60 yoshlar arafasidagi D.Rikattoning bormagan mamlakati yo`q va u
barcha sayohatlari davomida 3 million kilometrdan ortiq yo`lni suv, havo va quruqlik
orqali bosib o`tgan.
Samolyotda Yer shari bo`ylab qilingan eng ajoyib sayohat belgiyalik
Bruno Lionenga tegishli. U 11 oy davomida Yer atrofini samolyotda ikki marta
aylanib chiqib, 52 mamlakatdagi 109 ta shaharda bo`lgan. Shuning uchun mazkur
sayyoh dunyodagi eng uzun va eng og`ir aviachiptaning sohibi bo`lgan. Uning
ushbu sayohatiga sotib olgan aviachiptalarning uzunligi 13 metr va og`irligi 1
kilogramm bo`gan.
1986-1987-yillarda Kanadada «Yil odami», deb tan olingan vankuverlik Rik
Xansen esa misli ko`rilmagan jasorat ko`rsatgan. U 26 oy, ya’ni 1985-yil 21-
martdan 1987-yil 22-maygacha 40 ming km masofani bosib o`tib, dunyoning 34 ta
mamlakatida bo`lgan. Sayohat qilish oddiy hol bo`lgan XX asr oxirida bu sayyoh qanday
jasorat ko`rsatgan ekan, dersiz. R.Xansen ushbu sayohatidagi 40074 km masofani
nogironlar aravachasida bosib o`tgan. R.Xansen o`zining safari davomida olgan
taassurotlarini «Harakatdagi odam» kitobida batafsil yozgan.
Yer
shari bo`ylab aylanma sayohatlar haqida gap ketganda, albatta, barchaning ko`z
oldiga birinchi navbatda mashhur yozuvchi-geograf Jyul Vernning «Dunyo bo`ylab
80 kun» asari keladi. Mazkur asar asosida suratga olingan badiiy filmning bosh qahramoni,
olim va ixtirochi Fileas Fog va taniqli kinoaktyor Jeki Chan obrazini talqin
etgan uning yordamchisi Pasportuning sarguzashtlarga boy safari muxlislarga
juda yaxshi tanish. Ular dengizda, havo sharida, poyezdda, velosipedda va hatto,
ot-aravada harakat qilgan holda Yer sharini 80 kunda aylanib chihib, Britaniya
Fanlar Akademiyasi rahbarini baxsda yutib chiqishadi.
Mazkur sayohat amalga oshirilgan XIX asrdagi kemalarning o`rtacha
tezligi 15 uzel (25-27 km/soat) bo`lib, Atlantika okeanining eng tor qismini (2830 km) 113 soat yoki 4,5
kunda, Tinch okeanini ekvator bo`ylab (17 OOO km) 680 soat yoki 28,8 kunda
suzib o`tishi mumkin edi. Hozirgi zamonaviy tezyurar kemalar esa (tezligi 300 uzel yoki
555 km/soatgacha) Atlantikani 5-6 soatda, Tinch okeanini esa 30 soatda kesib o`tishi
mumkin.
Ma’lum bo`lishicha, tezlik imkoniyatlari tobora oshib borayotgan XXI
asrda Fileas Fog va uning yordamchisi yurgan transport vositalaridan foydalanib
80 kunda Yer shari bo`ylab aylanma sayohatni amalga oshirishning iloji yo`q
ekan. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda nafaqat Jyul Vern asarida keltirilgan yo`nalishlardagi
reyslar, balki transport vositalarining ko`pchiligi mavjud emas, borlari ham
uzoq tarixda qolgan.
Bir guruh ingliz geograflari dunyoga mashhur «Kuk» va «Lloyd» dengiz va
temir yo`l kompaniyalari bilan birgalikda tadqiqot o`tkazdilar. Unga ko`ra,
agar istisno tariqasida asarda tasvirlangan transport vositalari va yo`nalishlar
barpo etilgan taqdirda ham, Fileas Fogning rekordini takrorlashga ahd qilgan
sayyoh garovda yutqazgan bo`lardi. Chunki asarda ko`rsatilgan ma’lumotlarning ko`pchiligi
yozuvchining ijodiy fantaziyasi bo`lib, amalda xuddi shu yo`l bilan yurgan
sayyoh Yer sharini 80 kunda emas, balki 102 kunda, ya’ni 22 kun kechikib, bosib
o`tishi mumkin ekan.
Londonda chop etiladigan «Sandey tayme» ruznomasi mutaxassislarining
xulosasi xam J. Bern asaridagi ma’lumotlarning xakikatdan birmuncha yiroq
ekanini tasdiklaydi. Londonlik jurnalistlar hozirgi vaqtda mavjud zamonaviy
transport yo`nalishlari va davlatlar o`rtasidagi chegaralardagi
rasmiyatchiliklarga ketadigan vaqtni o`rganish natijasida Fileas Fogning
sayohatini 202 kunda bosib o`tish muhim, degan xulosaga kelishdi. Bundan tashqari,
hisob-kitoblarga ko`ra, hozirgi vaqtda Yer shari bo`ylab aylanma sayohatni
amalga oshirish xarajatlari ham J. Bern asaridagi voqealar kechgan XIX asrga
nisbatan 30 barobarga oshib ketgan.
Ammo
mutaxassislarning fikricha, agar bitta, tez yuradigan transport vositasidan,
masalan, avtomobildan foydalangan taqdirda, Yer sharini J.Bern qahramonlari
rekordidan qisqaroq vaqtda aylanib chiqish mumkin ekan. Buni amalda isbotlagan
sayyohlar ham bor. Jumladan, 1992-yilning bahorida hindistonlik er-xotin Saolo
va Ninis Choudrilar 40500
km masofani Yer shari bo`ylab avtomobilda 39 sutka 7
soat 15 daqiqada bosib o`tishga muvaffaq bo`lishgan. Sayyohlar turli ob-havo
injiqliklariga (jazirama issiq, qattiq sovuq, qor, yomg`ir, qalin tuman) qaramasdan,
kuniga 1200 km.dan
ziyod masofani bosib o`tishgan. «Dunyo bo`ylab 80 kun» asari qahramonlaridan
ikki karra tezroq harakat qilgan hindistonlik sayyohlarning ushbu sayohati
«Ginnessning rekordlar kitobi»ga kiritilgan.
Er-xotin Choudrilarning ta’kidlashlaricha, mazkur sayohatning eng qiyin qismi
Avstraliyada kechgan. Ushbu materikda kengurularning nihoyatda ko`pligi va to`satdan
yo`lga sakrab chiqib qolishi xavfi tezlikning kamayishiga sabab bo`lgan.
Avstraliya yo`llarida «Ehtiyot bo`ling, kenguru», deb nomlangan ogohlantiruvchi
yo`l belgisini ko`plab uchratishi mumkin. Bunga nafaqat mahalliy aholi, balki
sayyohlar ham ko`nikib ketishgan. Ma’lumotlarga qaraganda, yashil qit’ada bir
yilda sodir bo`ladigan 20 mingga yaqin yo`l-transport hodisalarining 70 foizdan
ziyodi, aynan, avtomobillarning kenguru bilan to`qnashib ketishi tufayli sodir
bo`larkan.
Bundan tashqari, hindistonlik sayyohlar safari yo`nalishi o`tadigan
mamlakatlarning hukumatlari bilan oldindan kelishib olingani tufayli qisqa
muddatda Yer shari bo`ylab sayohatni amalga oshirishgan. Anglaganingizdan turli
davlat chegaralarini kesib o`tish chog`ida Choudrilar ortiqcha vaqt yo`qotishmagan.
Keyin hindistonlik sayyohlar F.Fog va yordamchisi Pasportu kabi bir
transportdan ikkinchisiga o`tish uchun ham vaqt sarflashmagan. Shu bois ham
avtomobilda Yer shari bo`ylab sayohat qilgan er-xotin sayyohlar o`ziga xos
rekord o`rnatishga muvaffaq bo`lishgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.