Fazliddin Hikmatov
Fazliddin Hikmatov
Geografiya
fanlari doktori (2001), professor (2003). 1985-yilda nomzodlik, 2001-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U 150
dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Shulardan 5 tasi monografiya, 2 ta darslik, 11
ta o’quv qo’llanma, 20 dan ortiq o’quv-uslubiy
ko’rsatmalardir. Uning ilmiy maqolalari «Vestnik MGU», «Problemi osvoyeniya pustin»,
«Voprosi
geografii i geoekologii», «Vestnik KazNU»
kabi chet el, «O’zbekiston FA axboroti», «O’zbekiston FA ma’ruzalari», «O’zbekiston
Geografiya jamiyatining axboroti», «O’zbekiston Ekologik xabarnomasi», «O’zMU xabarlari»
kabi respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan. U tog`li hududlar gidrologiyasi
sohasida nafaqat O’zbekistonda, balki chet ellarda ham taniqlidir. Uning ilmiy ishlarida
tog` daryolari oqimining shakllanish qonuniyatlariga oid ilmiy-nazariy qarashlar
rivojlantirilgan, ularni hisoblash va prognozlash usullari takomillashtirilgan.
Fazliddin Hikmatov rahbarligida mamlakatimizda ilk bor "Orol havzasi yer usti suvlari
kartasi” (2004) va "O’zbekiston yer usti suvlari atlasi” (2006, 2008) o’zbek, ingliz
va rus tillarida, yaratildi. U 2012-yilda nashr etilgan "Географический атлас Узбекистана”
ning redkollegiya a’zosi va undagi "Suv resurslari” bo’limining ilmiy rahbaridir.
Fazliddin Hikmatov Xalqaro Biosfera fanlari akademiyasining muxbir a’zosi
(2001-y.) va 2005-yilda M.V.Lomonosov nomidagi MDUning «Faxriy yorlig`i» bilan mukofotlangan.
Fazliddin Hikmatov
muntazam ravishda O’zR Davlat Ilmiy Texnika Dasturining ustuvor ilmiy yo’nalishlari
hisoblangan fundamental, amaliy va innovatsion grantlari ilmiy rahbaridir. Hozirgi
kunda u O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi – O’zgidrometda BMTning
Rivojlanish Dasturi (UNDP) doirasida "O’zbekistonda iqlimiy xavflarni boshqarish”
mavzuida bajarilayotgan xalqaro loyihaning ishtirokchisi, O’zMUda TEMPUSning
"UZWATER - O’zbekistonda Oliy ta’lim tizimi uchun atrof-muhit
muhofazasi va suv resurslarini boshqarishga urg`u bergan holda barqaror rivojlanish
fanlari bo’yicha magistratura dasturlari” loyihasi ijrochilaridan biridir.
Fazliddin Hikmatovning hamkasblari va shogirdlari
bilan hammualliflikda yaratgan "Gidrologiya asoslari”, "Umumiy gidrologiya”, "Gidrometeorologiyada
statistik usullar”, "Iqlim o’zgarishi”, "O’zan jarayonlari va o’zan oqimi dinamikasi”,
"Ko’lshunoslik”, "Gidrologiya va gidrometriya”, "Gidrometriya”, "Gidrologik bashorat”
kabi darslik va o’quv qo’llanmalaridan mamlakatimiz va qo’shni respublikalar oliy
o’quv yurtlarida o’quv jarayonida keng foydalanilmoqda. Uning rahbarligida tayyorlagan
"Umumiy gidrologiyadan amaliy mashg`ulotlar” (2005-y.), "Gidrologiya va
gidrometriya” (2008-y.) o’quv qo’llanmalari "Yilning eng yaxshi darsligi va o’quv
adabiyoti muallifi” Respublika tanlovining II darajali diplomi va "Faxriy yorlig`i”
bilan mukofotlangan.
Fazliddin
Hikmatov rahbarligida 3 ta nomzodlik va 20 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari
himoya qilingan. Ular Respublikamizning turli oliy o’quv yurtlari va tashkilotlarida
mutaxassisligi bo’yicha faoliyat ko’rsatmoqdalar. Hozirgi kunda 3 katta ilmiy xodim
– izlanuvchi va 1 mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchi F.Hikmatov rahbarligida doktorlik
dissertatsiyasi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz universitet ta’lim tizimida yangi "Gidrometeorologiya” va "Gidrologiya” ta’lim yo’nalishlari,
"Quruqlik gidrologiyasi, suv resurslari”, "Gidrokimyo”, "Glyatsiologiya va qor qoplami
monitoringi”, "Sel toshqinlari gidrologiyasi”, "Gidrometeorologiya (faoliyat turi
bo’yicha)” kabi magistratura mutaxassisliklari ochildi. Mazkur bakalavriatura yo’nalishlari
va magistratura mutaxassisliklarning Davlat ta’lim standartlari, namunaviy o’quv
rejalari va fan dasturlari tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblangan O’zMUda F.Hikmatov
rahbarligida ishlab chiqildi.
Fazliddin Hikmatov Rossiya, Qozog`iston oliy o’quv yurtlari bilan O’zMU aloqalarini
yanada kengaytirishga hissa qo’shmoqda. Bugungi kunda O’zMU F.Hikmatov professorlik
lavozimida ishlayotgan Quruqlik gidrologiyasi kafedrasi vakilligida Rossiya Gidrometeorologiya
universiteti, Moskva Davlat universiteti, Qozog`iston Milliy universiteti, O’zR
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, O’zgidromet, Samarqand davlat universiteti,
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti kabilar bilan mutaxassislar tayyorlash
va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda innovatsion va korporativ hamkorlik haqida
shartnomalarga ega.
Fazliddin
Hikmatov "Umumiy gidrologiya”, "Umumiy va maxsus gidravlika” fanlaridan bakalavrlarga,
"Quruqlik gidrologiyasi”, "Gidrologik prognozlar” kabi maxsus kurslardan esa magistratura
bosqichi talabalariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo’llagan holda ma’ruzalar
o’qiydi, amaliy mashg`ulotlarni o’tkazadi. Uning «Umumiy va maxsus gidravlika» fanidan
«Ochiq o’zanlarda suvning notekis harakati»
(dekabr,2014-y.) va "Quruqlik gidrologiyasi” fanidan "Daryo oqimining o’zgaruvchanligi
va oqim me’yori” (noyabr, 2014-y.) mavzuidagi ochiq darslari yosh
hamkasb-pedagoglar ishtirokida o’tkazildi.
Fazliddin
Hikmatov yosh olimlar va iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratadi.
Uning rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan iqtidorli talabalar
xalqaro va respublika miqyosidagi turli tanlovlarda sovrinli o’rinlarni egallagan.
Jumladan, 2013-yilda I.Belikov Qozig`istonning Almati shahrida talabalar o’rtasida
o’tkazilgan xalqaro seminar-treningdagi ma’ruzasi uchun maxsus diplom bilan, M.Boboxonova, A.Shodiyev, S.Kadirovalar
"Global iqlim o’zgarishiga moslashish bo’yicha eng yaxshi g`oya – 2012” Respublika tanlovida II
darajali diplom bilan taqdirlandilar, A.Shodiyev
(2012 y.), D.Djurayeva (2013 y.) va A.Qushakovlar (2014 y.) esa oliy o’quv yurtlari
talabalari o’rtasida "Gidrologiya va gidrometriya” fanidan o’tkazilgan Respublika fan olimpiadasida faxrli
ikkinchi o’rinni egalladilar.
Fazliddin Hikmatov Gidrometeorologiya ilmiy-nazariy seminari raisi, O’zR Geografiya
Jamiyatining prezidenti, "O’zbekiston Geografiya Jamiyatining Axboroti” jurnalining
bosh muharriri o’rinbosari, O’zR OAK ekspertlar kengashi, Fan va texnologiyalar
markazi ekspertlar kengashi, O’zR Qishloq
va suv xo’jaligi vazirligining Irrigatsiya va Drenaj milliy qo’mitasi, MDU qoshidagi
Eroziya va o’zan jarayonlari muammolari bo’yicha Xalqaro Muvofiqlashtiruvchi Kengash
a’zosi sifatida jamoat ishlarini sitqidildan bajarib kelmoqda.
Fazliddin
Hikmatov 2008-yilda "Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Fazliddin Hikmatov mehnatkashligi, namunaviy axloqiy
madaniyati va hayotning barcha jabhalarida kamtarinligi, ayni paytda fidoiy, jonkuyar
olim va pedagog sifatida respublikamiz ziyolilari orasida hurmat qozongan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.