Yozuvsiz xarita bilan ishlash bo`yicha tavsiyalar
1. Yozuvsiz xaritani asosini amaliy ishlarni bajarish tashkil qiladi. Odatda yozuvsiz xaritani hamma joyi birdaniga bajarilmaydi.
2. Yozuvsiz xarita bilan ishlashni boshlashdan oldin diqqat bilan topshiriqni o’qing. Nima aynan belgilangan bo’lishi kerak ekanligini aniqlab oling.
3. Topshiriqlar o’qituvchi tomonidan tavsiya etilgan maktab darsligi materiallari, maktab atlasi va boshqa axborot manbalari yordamida amalga oshiriladi.
4. Yozuvsiz xaritani bajarish uchun zarur bo’lgan oddiy va o’tkir rangli qalam tayyorlash kerak.
5. Har qanday xarita yuqori tomonidan yozilgan nomga ega bo’lishi kerak. Bu aniq va lo’nda bo’lishi va o’rganilgan mavzuga mos bo’lishi kerak.
6. Oriyentir olish uchun geografik xarita bilan yozuvsiz xaritada tushirilgan hududlarni solishtiring . Asosiy tog` va daryolarini aniqlab oling.
7. Topshiriq bajarayotganda geografik ob`ektlarni qanday ketma-ketlikda kelishini oldindan o`ylab ko`ring, ular bir-birini yopmasligi va aralashib ketmasligi kerak.
8. Yozuvsiz xaritaga qanaqa shartli belgilarni ishlatishingizni aniqlab oling va xaritani belgilangan joyiga tushiring.
9. Yozuvsiz xaritaga hamma shartli belgilarni (ranglar, belgilar, strelkalar va bosh.) maxsus joyga, ya`ni shartli belgilar joyiga tushirilishi lozim. Har bir shartli belgiga izoh bo`lishi kerak.
10. Yozuvsiz xaritaga nomlari uzun bo`lgan geografik ob`yektlarni sonlar yoki harflar yordamida tushirsa bo`ladi. Ularni izohini shartli belgilarda ko`rsatish lozim.
11. Matnlar va geografik ob’yektlarning nomlari har doim o’qiy oladigan bo’lishi kerak. Daryolar, tog’lar va shaharlar nomlari, aniq bosma harflar yordamida yozilishi kerak.
12. Relyef elementlari (tog`lar, pasttekisliklar, jarlar) qora rangga, gidrografik elementlar( daryo, ko`l, suv omborlar) ko’k rangda yoziladi.
13. Faqat berilgan topshiriqni bajarish lozim. Ortiqcha axborotlarni xaritaga tushirishdan saqlaning. Ortiqcha axborotlarni tushirish bahoni pasayishiga olib kelishi mumkin.
14. Topshiriqni turiga qarab oddiy qalam yoki rangli qalamlar bilan bo`yash mumkin. Maktab atlasida berilgan ranglarda bo`yashga harakat qiling.
15. Geografik ob`yektlarni bo`yashda faqat rangli qalamdan foydalaning. Flomaster va markerlardan foydalanmang!
16. Har bir relyef shakli o`z rangiga ega, ya`ni balandlik va chuqurlik shkalasiga.
17. Geografik ob`yektlarni nomlarini yozuvsiz xaritaga to`g`ri tushirish uchun daraja to`riga e`tibor berish lozim. Geografik nomlar paralel bo`yicha yoki meridianal yo`nalishda yozilishi kerak.
18. Kichikroq geografik ob`yektlarni, misol uchun vulqon yoki tog` cho`qqilari nomlarini parallel bo`yicha ob`yektdan o`ng tomonda yozilsa maqsadga muvofiq bo`ladi.
19. Tog` va daryo nomlarini ularning yo`nalishi bo`yicha yozish kerak.
20. Hududlarni nomlari ularni chegarasidan chiqib ketmasligi lozim. Kichikroq hududlarni nomini son bilan ko`rsatsa bo`ladi. Misol uchun; shartli belgilarda 1-Sarez ko`li deb yozilib qo`yiladi.
21. Yodda tuting! hududli ob`yektlarni, misol uchun tekislik yoki dengizni tushirayotganizda ularni chegaralarini belgilamang. Ob`yekt nomi ularni chegarasini ko`rsatadi.
22. Shartli belgilarni tushirishda sistemasiga e`tibor bering. Atlasdagi qoidalarga rioya qiling.
23. Yozuvsiz xaritani to’ldirishda bo`yoqlardan foydalanmang.
24. Yozuvsiz xaritani tekshirishda o`qituvchi nafaqat uning to`griligiga balki ozodaligi va did bilan ishlanganligiga ham e`tibor beradi.
Bekzod YUSUPOV
Jizzax shahar 29-umumiy o`rta ta`lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.