loading...

Rekreatsiya resurslarini baholash 

13548

  Tabiat komplekslarining dam olish maqsadlarida foydalaniladigan xususiyatlari yoki komponentlari rekreatsion resurslar deb ataladi. Masalan, manzarali o‘rmon, dengiz va okean qirg‘oqlari, tog‘ vodiylari, g‘orlar, manzarali chiroyli o‘simliklar, ajoyib relyef shakllari, muzlar shular jumlasidandir.
  Rekreatsiya (tiklash, o‘rnini to‘ldirish)ning qamrovi katta bo‘lib, odamlarning dam olishi, salomatligini tiklashi, madaniy hordiq chiqarishi ma’nosida ishlatiladi.
Tabiiy komplekslar yoki landshaftlarni rekreatsion nuqtayi nazardan tadqiq qilish asosan landshaftlarning rekreatsion imkoniyatlarini va ularga rekreatsion bosimning ta’sirini baholashdan iborat.
  Dam olish tashkiliy va notashkiliy (ixtiyoriy) bo‘lishi mumkin. Tashkiliy dam olish turli muassasalar tomonidan uyushtiriladi. Notashkiliy (ixtiyoriy) dam olish esa odamlarning o‘z xohishlari bo‘yicha bir yoki bir necha kishi bo‘lib, tanlangan hududlarda uyushtiriladi.
Dam olishdan ko‘zlangan maqsad turlicha bo‘lishi mumkin: davolanish, sog‘lomlashtirish, sport, tanishuv va h.k.
  Dam olish mavsumga qarab ham turlicha bo‘lishi mumkin. Yozgi dam olish turlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: cho‘milish, quyosh vannalari olish, piyoda yurish (davolanish, salomatlikni tiklash, ekskursiya), qayiq sporti, baliq ovi, turli xil mevalar va qo‘ziqorin terish, otda sayr qilish, alpinizm bilan shug‘ullanish va h.k. Qishki mavsumda quyidagi dam olish turlari bilan shug‘ullanish mumkin: chang‘i sporti, muzosti baliq ovi, sport ovchiligi, davolanish, salomatlikni tiklash, piyoda sayr.
  Rekreatsion baholash obyekti — landshaftlar, joylar, mavdonlar va fatsiya bo‘lishi mumkin. Rekreatsiya komplekslarini joy- lashtirishni loyihalashda landshaftlarni tahlil qilish yaxshi natija beradi. Bunda turli landshaftlarni rekreatsion maqsadlarda foydalanish darajasiga qarab eng qulay landshaft turi tanlanadi. Ma­salan, daryo vodiysi, tog‘ yonbag‘ri, ko‘l yoki suv ombori qirg‘og‘i, tekislik, okean yoki dengiz qirg‘og‘i, o‘rmon va h.k. 
  Alohida rekreatsion komlpekslarni (dam olish uylari, sanatoriylar, sayyohlik majmualari va h.k.) loyihalashtirayotganda aniq maydonni baholash yaxshi natija beradi.
  Aniq bir dam olish muassasalarining ichki tuzilishini loyiha­lashda tabiat komplekslarini fatsiya darajasida baholash lozim. Asosiy inshootlarni fatsiyaning relyef sharoiti, suvlari o‘simligi, landshaft manzarasiga qarab joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
  Rekreatsion maqsadlarda baholashda ularni estetik jihatdan baholash ham muhim o‘rin tutadi. Bunda tabiiy sharoitning relyefning, o‘simliklarning, landshaft umumiy ko‘rinishining estetik jihatdan zavq bera olish imkoniyati hisobga olinadi. 
  Baholashning oxirgi bosqichida tabiiy komplekslarning rekreatsion korxonalarni joylashtirish uchun yaroqliligi va rekreat­sion bosimga barqarorlik darajasi hisobga olinadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash