Jahondagi zamonaviy geosiyosiy vaziyat. Davlatlarning integratsion uyushmalari
Jahon
siyosiy sahnasidan kontinental davlatlar qudratini namoyon etuvchi Sobiq Ittifoqning
parchalanib ketishi ko‘plab
siyosiy o‘zgarishlarning yuzaga
kelishiga sababchi bo‘ldi. Uzoq davrlardan buyon ikki qutbli ya’ni, bipolyar
bo‘lgan dunyoda qisqa fursat ichida bir qator geosiyosiy markazlar shakllandi.
Ma’lumki,
Yevropa jahon mintaqalari orasida eng ko‘p turli siyosiy jarayonlar va
o‘zgarishlarni boshidan kechirgan mintaqa hisoblanadi. Potsdam shartnomasi
urushdan keyingi davrlarda G‘arbiy Yevropaning AQSH, Buyuk Britaniya va
Fransiya davlatlari yordamida siyosiy jihatdan yuksalishi, kapitalistik
munosabatlarga asoslangan iqtisodning rivojlanishiga sababchi bo‘ldi.
Sharqiy Yevropa davlatlarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi esa
Sobiq Ittifoq davlati ta’sirida amalga oshgan va bu yerda sotsialistik tuzum
asosiy mafkuraga aylangan.
Urush
talofatlari bartaraf etilgach, ushbu subregionning asosiy davlatlari hamkorlikda
ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish, sharqiy davlatlarda yuzaga kelgan
sotsialistik tuzumning g‘arbiy
hududlarga yoyilishining oldini olish
maqsadida keyinchalik jahondagi
eng kuchli integratsion uyushmalardan biri deb tan
olingan Yevropa Ittifoqi shakllantirildi. Sharqiy Yevropa hududida sotsialistik
tuzum yemirilgach, undagi davlatlarni o‘z geosiyosiy nazoratida
ushlash maqsadida 2004–2013-yillar oralig‘ida subregionning
11 ta davlati Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiritildi.
Yevropa davlatlari
iqtisodiyotida 2008-yil yuz
bergan moliyaviy-iqtisodiy
inqirozning salbiy oqibatlari hali ham sezilib turgan davrda Afrika va Yaqin
Sharq davlatlarida yuz
berayotgan turli siyosiy
notinchliklar natijasida mintaqa
hududiga katta miqdorda migrantlarning kirib kelishi bir qator siyosiy,
ijtimoiy, iqtisodiy muammolarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lmoqda. Turli toifadagi migrantlar bilan birga
Yevropaga turli g‘oyalar, turli madaniyat va urf-odatlar ham kirib kelmoqda. Bu
esa o‘z navbatida migrantlar va tub aholi o‘rtasida turli ziddiyatlarni
keltirib chiqarmoqda.
1776-yil
Angliyaning Amerikadagi 13 ta mustamlakasi o‘z siyosiy mustaqilligini e’lon qildi. Asosan, zamonaviy
AQSH hududining shimoli-sharqiy va sharqiy qismlarini egallagan 13 ta shtat
keyingi davrlarda o‘z hududlarini kengaytirish maqsadida bu yerdagi turli
davlatlarga tegishli bo‘lgan bir qism yerlarni sotib olgan bo‘lsa (masalan:
Fransiyadan Luizianani, Rossiyadan Alyaskani), janubiy va markaziy shtatlarning
katta qismini esa urushlar natijasida Ispaniya, Meksika kabi davlatlardan
tortib oldi. XIX asrning oxiridan boshlab, avval meridinal yo‘nalishda butun Amerika
qit’asini, keyinchalik esa Yevropa, Osiyo, Afrika va Avstraliya hamda Okeaniya
hududlari nazoratini sekin-astalik bilan qo‘lga kiritdi.
Hozirgi
davrda AQSH o‘zining asosiy raqiblari deb bilgan Rossiya, Xitoy, Germaniya,
Eron, islom diniga e’tiqod qiluvchi Arab davlatlari atrofida o‘z geosiyosiy
tayanch nuqtalarini shakllantirib, ularni qirg‘oqbo‘yi hududlariga chiqish
imkoniyatini iloji boricha cheklashga harakat qilmoqda. Shu orqali bir qutbli
dunyoni shakllantirib, butun dunyo mintaqalarini nazoratini qo‘lga olishga
intiladi.
SSSRning
parchalanishi uning eng qudratli davlati hisoblangan Rossiya oldida bir tarafdan ichki
ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, ikkinchi tarafdan, qaytadan
jahondagi siyosiy mavqeyini
tiklashdek murakkab vazifani
ko‘ndalang qilib qo‘ydi. Rossiya o‘z
muammolarini hal etish uchun zarur bo‘lgan vaqtni qo‘ldan boy bermaslik uchun,
avvalo, MDH hududida tinchlikni saqlanib turishidan manfaatdordir. Shu bilan
birga g‘arb ta’siriga tushib qolayotgan MDH davlatlarini o‘z ta’sir doirasida saqlab
turishga ham harakat qilmoqda.
Sobiq sho‘rolar
tizimidan qolgan ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega bo‘lgan
ichki, Rossiyaning ta’sir
doirasini toraytirishga qaratilgan NATO hududining sharqqa qarab
kengayib borishi, xalqaro terroristik va boshqa guruhlarning Rossiya geosiyosiy
mavqeini pasaytirishga bo‘lgan harakatlari ko‘rinishidagi tashqi omillar uning
jahondagi asosiy geosiyosiy markazlaridan biriga aylanishiga to‘sqinlik
qilmoqda.
Jahonning
qadimiy madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Xitoyda 1910-yil monarxiya tuzumining ag‘darilishi
Sharqiy Osiyo mintaqasida katta o‘zgarishlarning yuz
berishiga sababchi bo‘ldi.
1949-yil ichki siyosiy kelishmovchiliklarni SSSR yordamida
hal qilgan kommunistik partiya bu yerda sotsialistik tuzumni o‘rnatishga
erishdi. Bugungi Xitoy geosiyosati davlatning izchil iqtisodiy rivojlanishi,
sotsialistik rejali iqtisodiyotdan erkin bozor munosabatlariga o‘tishiga
qaratilgan. Xitoyning 1976–1989-yillardagi rahbari Den Syaopin tomonidan ishlab
chiqilgan konsepsiya asosida Xitoyda iqtisodiyot va jamiyatni erkinlashtirish
borasidagi islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatda iqtisodiyotda
ijobiy natijalarga erishildi. Buni Xitoyning
umumiy YMM ko‘rsatkichiga ko‘ra
jahonda birinchi o‘rinni egallashida ham ko‘rish mumkin. 2016-yil
ma’lumotlariga ko‘ra, jahon umumiy YMMning 17,8 % ga yaqini aynan ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tabiiyki, iqtisodiy qudratini oshirib borayotgan Xitoy jahonda
o‘zining geosiyosiy ta’sir
doirasini ham kengaytirishga intilmoqda. U birinchi
navbatda, yaqin qo‘shnilari, katta tabiiy, ijtimoiy va iqtisodiy resurs
imkoniyatiga ega davlatlar bilan aloqalarini mustahkamlab bormoqda.
Ma’lumki,
Yaqin Sharq davlatlari o‘ta qulay geosiyosiy o‘ringa ega. Uch qit’a – Yevropa,
Osiyo va Afrika chorrahasida joylashganligi mintaqaga ko‘plab yirik
davlatlarning geoosiyosiy qiziqishlariga sabab
bo‘ladi. So‘nggi yillarda bu yerda topilgan energiya resurslarining
katta zaxirasi bu qiziqishning yanada ortishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga bu hudud jahonning eng
notinch mintaqalaridan biri
bo‘lib hisoblanadi. Bunga, birinchi navbatda, diniy omil asosiy
sababchi hisoblanadi.
1947-yil
29-noyabrda BMT tomonidan
taklif etilgan rejaga muvofiq Falastin hududlarida yahudiy va arab
davlatlari tashkil etish ko‘zda tutildi. 1948-yil 14-mayida bu hududda
yahudiy diniga e’tiqod qiluvchi
Isroil davlatining tashkil topishi arab davlatlarining noroziliklariga
sabab bo‘ldi. Natijada, 1948-yil 15-may arab davlatlar ligasi o‘z qo‘shinlarini
Falastin yerlariga olib kirdi. Harbiy harakatlar uzoq muddat davom etmagan
bo‘lsa-da, u hozirgacha o‘z yechimini topmagan "Falastin - Isroil” muammolarining
shakllanishiga olib keldi.
Bundan
tashqari, so‘nggi yillarda mintaqa hududining Suriyaga tegishli hududlariga
kelib o‘rnashgan radikal islom guruhlari
tomonidan tashkil etgan davlatchilik
ko‘rinishining yuzaga kelishi, unga qarshi avval Suriya Armiyasi, so‘ngra Rossiya, AQSH, bir qator Yevropa davlatlari ittifoqi birlashgan qo‘shinlarining kurashi
mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning yomonlashuviga olib
kelgan. Harbiy harakatlar
olib borilayotgan hududlarda
tinch aholining o‘z uylaridan bosh olib ketishlariga, mavjud iqtisodiy
obyektlarning yakson bo‘lishiga sababchi bo‘lmoqda. Yaqin Sharq davlatlari
muammosi jahon siyosiy hayotidagi hal qilinmagan munozarali masalalardan biri
hisoblanadi.
Davlatlarning integratsion
uyushmalari. Jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonining
yuzaga kelishi iqtisodiy
integratsiyalarning shakllanishiga
sababchi bo‘lgan. Ma’lumki,
iqtisodiy integratsiya davlatlararo
kelishuv siyosati asosida ular o‘rtasida o‘zaro uzoq muddatli va barqaror
iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi
(YI) mintaqaviy integratsion
guruhlar orasida a’zo davlatlar soni ko‘pligi, ularning jahon
iqtisodiyotida muhim o‘rin egallashi bilan
ajralib turadi. Uning shakllanishi 1951-yil Yevropa ko‘mir va temir ishlab chiqaruvchilar birlashmasi
tashkil etilishi bilan
bog‘liq. Ushbu birlashmaga Germaniya,
Fransiya, Italiya, Belgiya,
Niderlandiya va Lyuksemburg
davlatlari a’zo bo‘lgan. 1957-yil mazkur davlatlar Yevropa iqtisodiy
hamkorligi va atom energiyasi bo‘yicha
Yevropa hamjamiyati tashkil qilish
bo‘yicha shartnoma imzolaganlar. 1967-yil yuqorida nomlari qayd qilingan uch
tashkilot birlashuvi Yevropa Ittifoqining tashkil topishiga asos bo‘ldi. 1973-yil
– Buyuk Britaniya, Daniya,
Irlandiya, 1981-yil – Gretsiya, 1986-yil Ispaniya, Portugaliya,
1995-yil – Avstriya, Shvetsiya, Finlyandiya, 2004-yil – Polsha, Chexiya,
Vengriya, Slovakiya, Sloveniya, Litva,
Latviya, Estoniya, Kipr, Malta, 2007-yil
– Ruminiya, Bolgariya, 2013-yil – Xorvatiya davlatlari mazkur tashkilotga a’zo bo‘ldilar. 2016-yil Buyuk
Britaniyada o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra ushbu davlat Yevropa
Ittifoqi tarkibidan chiqib ketdi. Uning mazkur tashkilotdan to‘liq ajralib
chiqishi 2017-yil yozida yuz berdi.
Ichki
chegaralarga ega bo‘lmagan yagona iqtisodiy makonni yaratish, ushbu hududda
ijtimoiy va iqtisodiy aloqalarni
kuchaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini tenglashtirish maqsadida muomala uchun yagona valyutani joriy
etish Yevropa Ittifoqining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga 1991-yil 8-dekabrda asos solingan bo‘lib,
o‘z faoliyatini o‘sha
yilning 21-dekabrida boshlagan. Hamdo‘stlik nizomiga ko‘ra a’zo
davlatlar inson huquqlari va erkinligini
ta’minlash, davlatlar tashqi siyosatini nazorat qilish, iqtisodiy hamkorlik, transport
va aloqa tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiatni
muhofaza qilish, ijtimoiy va migratsion siyosat masalalarini hal etish;
uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalarini hamkorlikda hal qilishlari
zarur. Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston,
Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston Respublikalari
tashkilot a’zolari bo‘lib hisoblanadilar. Turkmaniston esa assotsiatsiyalashgan
davlat maqomiga ega. Shu bilan birga
Mongoliya, Afg‘oniston tashkilot
kuzatuvchilari sifatida turli darajadagi yig‘ilishlarda ishtirok
etadi.
Shanxay hamkorlik
tashkiloti (SHHT) ning shakllanishi
1996-yil 26-aprelda Xitoy ning
Shanxay shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, XXR va Tojikiston harbiy
sohada hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolashi bilan bog‘liq.
Avvaliga "Shanxay beshligi” deb nom
olgan ushbu tashkilot 2001-yil
O‘zbekistonning unga a’zo bo‘lgandan
so‘ng hozirgi rasmiy nomdagi
tashkilot tuzilganligi haqidagi
deklaratsiyani e’lon qildi. 2017-yil
Hindiston va Pokiston ushbu tashkilotning
teng huquqli a’zolariga aylandilar. Shu bilan birga 6 ta
muloqot hamkor davlatlar, 4 ta kuzatuvchi
va 2 ta nomzod davlatlar ham ishtirok etadi. A’zo davlatlar
o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni ta’minlash,
mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlik masalalarini o‘zaro hamkorlikda hal
qilish, terrorizm
va ekstremizmga qarshi birgalikda harakat qilish, qurol-yarog‘, narkotik
vositalar hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, iqtisodiy masalalarda
o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish kabilar tashkilotning asosiy maqsadi
hisoblanadi. Hozirgi kunda tashkilot tarkibida jahonning qudratli davlatlaridan
uchtasi – Rossiya, Xitoy, Hindistonning faoliyat olib borishi uning jahondagi
mavqeyi oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.