loading...

Geotizimlar va ularning pog‘onasimonligi 

17296

Quyi  sinflarda  Siz  tabiat  kompleksi,  tabiiy  hududiy  kompleks,  geografik kompleks degan tushunchalar bilan tanishdingiz, ularning barchasi  tabiiy  geografik  kompleks  atamasining  sinonimi  ekanligini  bilib  o ldingiz. Ushbu tushunchalar ancha umumiy va soddaroq bo‘lib, Sizning  yoshingiz va fikrlash doirangizni inobatga olib yozilgan. Endi esa, ularga nisbatan murakkabroq bo‘lgan geotizim tushunchasi bilan tanishasiz.  

Har  bir  fan  rivojlanib,  takomilla shib  borgani  sari  uning  tadqiqot  obyekti, predmeti va vazifalari  haqidagi tushunchalar  ham aniqlashib,  muayyanlashib  boradi.  O‘tgan  asrning  o‘rtalariga  kelib,  barcha  fanlarda  bo‘lgani  kabi  geograf ya  faniga  ham  tizimlar  haqidagi  ta’limot  kirib  keldi. Natijada geografik tadqiqotlarda  tekshirish  obyektini,  o‘sha  vaqtlarda  bo‘lganidek,  kompleks  deb emas, tizim  deb  qarash  yuzaga keldi. Shu munosabat bilan 1963-yilda akademik V.B.Sochava tomonidan geotizim tushunchasi fanga kiritildi va ta’limoti yaratildi. Bu tushuncha geograf yaning  obyektini  aniqroq  va mukammalroq  ta’rifl  ashi  barcha  tomonidan  e’tirof etildi.  Hozirgi  paytda  geografik  tadqiqotlarda  tizimlar  haqidagi  ta’limotga  amal  qilinadi  va  o‘rganish  obyekti tizim deb qaraladi.

Akademik V.B.Sochava quyidagicha ta’rif beradi: Geotizim – boshqariluvchan tizimlarning alohida, o‘ziga xos sinf; Yer yuzasidagi komponentlari bir-biri bilan tizimli aloqada bo‘lgan hamda ma’lum yaxlitlik  sifatida  fazo  qobig‘i  va  kishilik  jamiyati  bilan  o‘zaro ta’sirda  bo‘ladigan barcha o‘lchamdagi makon. Yaxlit bo‘lish bilan birga, kichik tizimlarga bo‘linadigan bu tizimlar sayyoraning yuzasini to‘liq qamrab oladi,  shu  bilan bir qatorda uning  bir  bo‘lagi sifatida uncha katta bo‘lmagan  makonda mustaqil mavjud bo‘ladi va maxsus faoliyatni bajaradi.

Mazkur  ta’rifga  ko‘ra,  geotizimni  o‘zaro  bog‘liq  komponentlarning  to‘g‘ri va teskari  aloqalar orqali birlashgan hamda bir-biri  bilan o‘zaro  ta’sirda  bo‘ladigan  tabiat  va  jamiyat  kichik  tizimlaridan  iborat,  moddiy-energetik bir butun yaxlit holdagi hududiy tizim deb qarasak bo‘ladi. Geotizim insonning haqiqiy yashash muhiti, xo‘jalik faoliyati bevosita yoki bilvosita ta’sir etadigan tabiiy, tabiiy-antropogen (o‘zgartirilgan  tabiiy)  yoki antropogenlashgan  (inson  tomonidan  kuchli  o‘zgartirilgan)  hududiy tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Geotizimni tashkil qiluvchi va  uni  rivojlantiruvchi  komponentlarning  o‘zaro  ta’sir  va  aloqadorliklari ular  orasida  muttasil  ro‘y  berib  turadigan  modda  va  energiya  almashinishining  natijasi  bo‘lib,  bu  almashinish  moddaning  aylanishi  va  energiya oqimi  shaklida  bo‘ladi.  Geotizimdagi  modda va  energiya ning  harakati  uning  tarkibiy  qismlarini  –  kichikroq  geotizimlarni  va  tabiat  komponentlarini  hamda  antropogen  obyektlarini  bog‘lab  turadi  hamda  bir butunligini ta’minlaydi.

Geotizimlarning  modda va energiya almashinuvi  xususiyatiga  ko‘ra  ikki turi ajratiladi:  a) modda va energiya almashinuvi chegarasidan tashqariga chiqmaydigan yopiq geotizimlar. Masalan, geografik qobiq; b) modda  va  energiya  almashinuvi chegarasidan  tashqariga  chiqadigan ochiq geotizimlar. Masalan, landshaftlar.

Geotizimlarning ko‘lamiga,  ya’ni  katta-kichikligiga  qarab  V.B.Sochava  sayyoraviy, regional, topologik  darajalarini  ajratadi.  Mazkur  sayyoraviy, regional va topologik (mahalliy) ko‘lamdagi geotizimlarning  har biri o‘ziga xos hajmi, yoshi bilan tavsifl anib, o‘ziga xos modda va  energiya almashinishi shakliga egadir. Ushbu uch ko‘lamdagi geotizimlar  yoshi jihatidan ham bir-biridan farq qiladi. Masalan,  sayyoraviy va  regional  ko‘lamdagi  geotizimlarning  yoshi  geologik  davrlar  o‘lchami  bilan  o‘lchansa,  topologik  ko‘lamdagi  geotizimlarning  yoshi  esa  bir  necha o‘nlab, yuzlab ming yillar bilan o‘lchanishi mumkin.

Sayyoraviy  ko‘lamdagi  geotizimlarga  geografik  qobiq  kiradi.  U  eng  katta  va  eng  murakkab  geotizim  bo‘lishi  bilan  bir  vaqtda  juda  ko‘p  va  turli  taksonomik  qiymatga  ega  bo‘lgan  geotizimlarga  tabaqalangandir.  Regio nal  darajadagi  geotizimlar  quyidagilar:  materiklar, o‘lkalar, zonalar, provinsiyalar, okruglar, rayonlar. Bu yerda  biz  faqat  quruqlikning  geotizimlarga  bo‘linishini  ko‘rsatdik.  Suvlik  esa  boshqacha  bo‘linadi. Topologik  (kichik)  ko‘lamdagi  geotizimlar  – landshaft, joy,  urochishe, fatsiya.

Geotizimlar  (fatsiyadan  boshqalari)  o‘z  ichki  tuzilishi  jihatidan  bir  vaqt ning  o‘zida  ham  bir  butundir,  ham  xilma-xildir,  ya’ni  o‘zidan  kichik  bo‘lgan  geotizimlardan  tashkil  topgan.  Bu  geotizimlar  o‘zining  katta-kichikligiga  bog‘liq  holda  pog‘onasimon  taksonomik  qiymatga  egadir.  Masalan,  geograf ik  qobiq  o‘zidan  kichikroq  bo‘lgan  geotizimlar – quruqlik va okeanlarga, quruqlik esa, o‘z navbatida, materiklarga,  materiklar esa o‘zidan kichikroq bo‘lgan geotizimlar – tabiiy geografik  o‘lkalardan tashkil topgan va h.k.

Geotizimlarni  katta-kichikligi  bo‘yicha,  ya’ni  pog‘onasimon  qo‘yib  chiqilsa,  quyidagicha bo‘ladi: geografik  qobiq – quruqlik – materiklar – tabiiy geografik o‘lkalar–tabiiy geografik zonalar – tabiiy geografik provinsiyalar –  tabiiy  geografik  okruglar  –  tabiiy  geografik  rayonlar – landshaftlar – joylar – urochishelar – fatsiyalar.  Lekin geotizimlar, odatda,  yuqorida aks ettirganimizdek, birin-ketin emas, balki kichik geotizimlar  birgalikda kattalarini, ular esa, o‘z navbatida, undan kattaroqlarini hosil  qilib, ya’ni "kattasining ichida kichiklari” joylashgandir.

Geografik  tadqiqotlarda  yuqorida  keltirilgan  geotizimlardan,  asosan,  landshaft va uning qismlari bo‘lgan joy, urochishe va fatsiya o‘rganiladi.

Landshaft  nemischa  so‘z  bo‘lib,  (land-yer  va  schaft  –  o‘zaro  aloqadorlik  va bog‘liqlikni  aks ettiruvchi suffiks),  umumadabiy tilda manzara,  joyning  ko‘rinishi  ma’nolarini  anglatadi.  Geograf  yada  esa  ilmiy  termin  bo‘lib,  geotizimlarning bir taksonomik pog‘onasini nomlash va tavsifl ash  uchun  ishlatiladi. Landshaft – bir  xil  geologik  tuzilishi,  bitta  relyef  turi,  bir  xil  iqlimi  hamda  faqat  shu  landshaftga  xos  bo‘lgan,  o‘zaro  bog‘liq  kichik geotizimlar yig‘indisidan iborat genetik jihatdan bir butun geotizimdir. Landshaft bir jihatdan qaraganda zona, provinsiya, okrug, rayon kabi  regional geotizimlarni tashkil qiluvchi  eng oddiy  geotizim, geografik  qobiqning  eng  oddiy  va  eng  kichik  birligidir.  Ikkinchi  jihatdan,  o‘zidan  kichik  bo‘lgan  urochishe,  fatsiya  kabi  qismlar  va  oddiy  geotizimlar  bog‘lamidan hosil bo‘lgan murakkab ko‘p yarusli va dinamik geotizimdir.  Landshaft  yon-atrofdagi  landshaftlar bilan modda  va energiya  almashinishi orqali doim o‘zaro ta’sirda bo‘lib turadigan ochiq geotizimdir.

Landshaftlar joylardan, joylar urochishelardan, urochishelar esa fatsiyalar tizimidan iborat.

Joy – o‘zaro  bog‘liq  va  o‘xshash  urochishelarning  mujassamligidan  iborat  geotizim.  Landshaftlarning  joylarga  tabaqalanishida  relyef  asosiy  ahamiyatga  ega.  Joy  relyefning  mezoshakllariga  to‘g‘ri  keladi.  Daryolarning  quyi terrasalari,  qayir  joylarni  tashkil qiladi.  Ushbu  joylar  guruhi  uchun  grunt  suvlarining  yer  betiga  yaqin  joylashishi,  tuproq  hosil bo‘lishida ularning faol qatnashishi, asosan, gidromorf, ya’ni allyuvial  tuproqlar rivojlanishi, namsevar o‘simliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi.  Daryo terrasalarining yuqori va quyi qismlari O‘zbekistonda deyarli to‘liq  o‘zlashtirilgan va ularda sug‘oriladigan dehqonchilik bilan shug‘ullaniladi.  Shuning uchun bu joylar qadimdan dehqonchilik yerlari hisoblanadi.

Urochishe  relyefning  mezoshaklida  joylashgan  bo‘lib,  kelib  chiqishi  va  rivojlanishi  jihatdan  uzviy  bog‘liq  bo‘lgan  fatsiyalardan  iborat  geotizimdir.  Joylarning  alohida  urochishelarga  bo‘linishida  uning  litogen  asosi  –  relyef  hamda  tog‘  jinslarining  litologik  tuzilishi  asosiy  ahamiyatga  egadir.  Tekisliklarda  urochishe  ko‘proq jarliklarga,  murakkab tu zilgan qayirga, quyi terrasalarga, yuqori terrasalardagi botiqlarga,  deltalardagi qurigan kichikroq ko‘llarning botiqlariga, tog‘larda esa soylarga, adiroldi  qirlarga,  past  va  o‘rtacha  balandlikdagi  tog‘larning turli  qismlari va boshqalarga mos keladi.  

Fatsiya–  (lotincha facies –  tashqi  qiyofa ma’nosini  anglatadi)  tog‘  jinslarning  litologik  tarkibi  bir  xil,  relyef  tuzilishi,  namlanishi  bir  xil,  mikroiqlimi,  tuproqlari,  o‘simlik  va  hayvonot  dunyosi  bir  xil,  ya’ni  uni  hosil  qiluvchi  komponentlariga xos bo‘lgan belgilari bir  xilligi  bilan  tavsifl anadigan  eng oddiy tuzilgan va  eng kichik  geotizimdir.  Fatsiyalar  relyefning  mikroshakllariga  to‘g‘ri  keladi.  Masalan,  jarlarning  ichi, pastqamliklarning tubi fatsiyalari. Fatsiyalar geotizimlar ichida eng  ochig‘i  hisoblanadi  va  faqat  qo‘shni  fatsiyalar  bilan  o‘zaro  bog‘liqligi  va  aloqadorligi  sharoitidagina shakllanadi,  rivojlanadi.  Ular  o‘zidan  katta  bo‘lgan  boshqa  geotizimlarga  nisbatan  tashqi  kuchlar  ta’siriga  beriluvchan va tez o‘zgaruvchan  bo‘ladi.  Buning sababi shundaki, fatsiya doirasida uning komponentlari  orasidagi  aloqadorlik  va  bog‘liqlik  boshqa geotizimlardagidan ko‘ra  mo‘rtroq, tez shikastlanuvchan, tashqi omillar ta’siriga chidamsizroq ekanligidadir. Shuning uchun ham, insonning  xo‘jalikdagi  faoliyatini geotizimlarga ta’siri va  uning  o‘ziga  xos  oqibatlari  dastavval  fatsiyalar miqyosida ro‘y beradi. Jumladan, bunday  o‘zgarishlar  fatsiyalarning eng harakatchan, o‘zgarishga moyilroq bo‘lgan o‘simliklarida  ko‘zga tashlanadi va keyinchalik ularning boshqa xususiyatlari:  mikroiqlimi,  namlanishi, issiqlik tartibi  kabilarning o‘zgarishiga olib keladi. Tog‘ jinslari ko‘pincha o‘zgarmay qoladi. Shu sababli fatsiyalarga  bo‘ladigan inson ta’siri to‘xtatilsa, o‘zgargan  fatsiyalar yana o‘zining avvalgi holatiga qaytishga harakat qiladi.

Geotizimlarning bir xil tabiiy sharoitga ega ekanligi, ularni ilmiy va  amaliy  jihatdan  o‘rganish  muhim  ekanligini ko‘rsatadi. Chunki, ularning o‘zgaruvchanligi, rivojlanishi, resurslarning joylashuvi, mahsuldorlik va boshqa xususiyatlarini tadqiq qilish, ulardan xo‘jalikni rivojlantirish maqsadlarida foydalanishning eng samarali yo‘llarini ochib beradi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash