loading...

O'zbekistonda demografik holat 

3535

O'zbekistonning doimiy aholisi 2017-yilning 1-yanvar holatiga ko'ra 32,121 million kishini tashkil etdi. Bu esa 1 yilda o'sish 1,7 foizga teng bo'lganini (545,8 ming kishi) ko'rsatadi. Ushbu ma`lumotlar Davlat statistika qo'mitasi axborot xizmati tomonidan e`lon qilindi.

2016-yilning yanvar oyidan dekabr oyi oxirigacha mamlakatda 726,8 ming bola tug'ilgan, tug'ilish koeffitsiyenti 22,8 promille (2015-yildagidan 0,6 promille kam) bo'ldi. Tug'ilishlar soni Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Andijon, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida sezilarli darajada kamaygani qayd etilgan. Tug'ilish hajmi oshishi Toshkent shahri va Navoiy viloyatida kuzatilgan.

O'tgan yil mobaynida 154,5 ming o'lim qayd etilib, o'lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil etdi. O'lim holatlari Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida nisbatan ko'p qayd etildi. O'lim koeffitsiyenti tushishi Andijon, Namangan, Farg'ona va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.

Ro'yxatga olingan o'limlarning 59,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklari, 9,4 foizi o'simtalar, 6,7 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanish, 5,9 foizi ovqat hazm qilish organlari kasalliklari, 4,9 foizi nafas olish organlari xastaliklaridan, 1,9 foizi esa yuqumli va parazitar kasalliklar tufayli sodir bo'lgan. 11,6 foiz kishi boshqa kasalliklar tufayli o'lim topgan.

O'tgan yil davomida bir yoshgacha bo'lgan 7700 bola hayotdan ko'z yumib, go'daklar o'limi 10,5 promilleni tashkil etgan. 56,7 foiz bir yoshgacha bolalar perinatal davrda vujudga kelgan holatlardan vafot etgan bo'lsa, 22,4 foizi nafas olish organlari kasalliklari, 9,8 foizi tug'ma nuqsonlar, 3,1 foizi infeksion va parazitar kasalliklardan, 1,9 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar, 0,6 foiz bola ovqat hazm qilish xastaliklari, 5,5 foiz bola esa boshqa kasalliklardan vafot etgan.

2016-yil boshidan oxirigacha FHDYo organlari 275,1 ming nikoh va 29,4 ming ajrimni qayd etdi. Respublika bo'yicha nikoh koeffitsiyenti 8,6 promille, ajrashuvlar — 0,9 promilleni tashkil etdi. Nikoh koeffitsiyenti kamayishi respublikaning barcha viloyatlarida qayd etilgan. Ajrashuvlar soni esa Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida nisbatan ko'p bo'lgan. Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida ajrashuvlar soni qisqardi.

Yanvar-dekabr oylarida respublika bo'yicha ko'chib kelganlar 141,7 ming, ko'chib ketganlar — 168,3 mingni tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 26,6 ming bo'ldi (2015 yilda — minus 29,3 ming). Migratsiya saldosi Toshkent va Samarqand viloyatlarida hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida sezilarli darajada ko'p bo'lgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash