loading...

Dunyo to’fon, toshqin va zilzilalar qarshisida 

3466

Inson hamisha o’zini tabiat qarshisida ojiz sezadi. U har qancha qudrat kasb etmasin, koinotga parvoz qilib, ummonlar tubiga yetgan bo’lmasin, baribir, tabiatning ayrim sirlarini anglay olmaydi. Ayniqsa, tabiiy ofatlar qarshisida har doim zaifligicha qoladi. Bu ofatu balolarga qalqon bo’la olmaydi, ularni to’xtatish imkoni yo’q. Ammo insoniyatda tabiatning bu taxlit tahdidi qanday yuzaga keladi va unga nima sabab bo’ladi — buni o’rganish imkoni mavjud.

Mutaxassislarning fikrlariga ko’ra, tabiatga antropogen, ya’ni inson omili ko’rsatadigan ta’sir natijasi o’laroq vaqti-vaqti bilan kutilmagan anomal hodisalar yuz berib turadi. Masalan, dunyo ummonidagi «El-Nino» hodisasi ana shundaylardan biri bo’lib, u iqlim o’zgarishlari bois okeanlar yuzasining ko’tarilishi, suv harorati o’zgarishidan kelib chiqqani aytiladi. Bo’ronu to’fon, zilzila ham garchi qadimdan mavjud bo’lsa hamki, keyingi asrlarda tez-tez ro’y berayotganiga sayyora iqlimidagi global o’zgarishlar sabab qilib ko’rsatiladi. Global o’zgarishlar — havo haroratining ko’tarilishi, parnik gazlari hosil bo’lishi, isish ta’sirida ming-million yillik muzliklarning erishi hisobiga dunyo ummoni sathi ortishini ham mutaxassislar inson omilining tabiatdagi muvozanatga ta’siri tufayli yuz berayotganini ta’kidlaydilar.

2017-yilning o’tgan to’qqiz oyi davomida esa insoniyat 5 marta to’fon, 3 marta yirik talafotli zilzila, suv toshqinlariga duch keldi. Bu hodisalar oqibatida odamlar halok bo’ldi, shaharu qishloqlar, aholi yashash manzillari vayron bo’ldi, dunyo iqtisodiyotiga milliardlab dollar miqdorida zarar yetdi. Masalan, 29 may kuni Moskva shahri va viloyatida ro’y bergan bir kunlik kutilmagan bo’ron (unga momaqaldiroq, jala, do’l va shiddatli shamol «hamroh»lik qilgan) natijasida 18 nafar kishi halok bo’ldi, 170 odam jabrlandi. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, bunday hodisa Moskvada 1904 yildan beri kuzatilmagan. Tabiiy ofat 300 aholi punktiga ta’sir ko’rsatdi — 16,5 ming uy, 1,4 mingta dacha zararlandi. Moskva shahrida 27 mingdan ortiq daraxt sindi. 243 ko’p qavatli uy va ma’muriy bino zararlangan, 135 ta yoritish ustunlari, 2 mingta avtomobilga ziyon yetgan.

17-avgustda boshlangan «Xarvi» tropik sikloni kuchli jala oqibatida vujudga keldi va Texasning janubi-sharqiy qismida suv toshqinlariga sabab bo’ldi. Bu 2005-yilda Meksika qo’ltig`ida yuz bergan «Katrina» to’fonidan keyingi eng yirik hodisadir. Uning oqibatida kamida 83 nafar odam hayotdan ko’z yumdi, «CoreLogic» kompaniyasi ekspertlari hisob-kitobiga ko’ra, to’fon yetkazgan zararni qoplash uchun hukumat 70 milliard dollar mablag` sarflashi kerak bo’ladi.

30-avgust kuni Afrikaning kontinental qismida kuchli tropik to’lqin paydo bo’lishi tufayli Kabo-Verde oroli yaqinida «bosh ko’targan» «Irma» tropik sikloni kuzatuvlar tarixidagi eng ko’p davom etgan va joriy yilgi to’fonlar mavsumidagi eng fojialisi bo’ldi. Garchi 24 soatdan keyin u «biroz g`azabdan tushib», 5-kategoriyadan 2-kategoriyaga o’tgan bo’lsa-da, 5 sentyabrga kelib, yana xavflilikning eng yuqori darajasiga chiqdi. Shamol tezligi soatiga 297 kilometrga yetdi va uning qudrati 2005 yildagi «Vilma» to’fonidan keyingi eng kuchli siklonni qayd etdi. «Irma» to’foni quturib turgan kunlarda Atlantika ummonida 2010-yildan beri kuzatilmagan holat ro’y berdi, ya’ni bir yo’la uchta siklon — «Katya», «Irma» va «Xose» to’fonlari baravar qutqu solib turdi. 27-sentyabr holatiga ko’ra, «Irma» tufayli qurbon bo’lganlar soni 124 nafarga yetdi. Bu hodisa iqtisodiyotga 60 milliard AQSh dollaridan ortiqroq zarar yetkazdi. To’fon Barbuda, Sen-Bartelemi, Sen-Marten, Angilya, Virginiya orollari, Terks va Kaykos hamda Bagam orollarining janubiy qismida vayronagarchiliklarga sabab bo’ldi. Barbuda va Sen-Martendagi binolarning 90 foizdan ziyodroq qismiga zarar yetdi, aholining teng yarmi hech narsasiz qoldi. Bundan tashqari, to’fon quturgan kunlarda Kubaning shimoliy qirg`oqlariga yetib bordi, Gavana suv toshqinlari ostida qoldi. Bu vaqtda xavflilikning 3-darajasiga tushgan bo’lsa-da, yana keskin ko’tarilgan to’fon tufayli Kuba suvlarida 7 metrlik to’lqin kuzatilgan, shamol shiddati esa soatiga 250 kilometrga yetgan. 10-sentyabrda to’fon Floridaga yetib keldi. Shtat hukumati 6,3 million kishini evakuatsiya qilishga majbur bo’ldi. 10-11-sentyabr kunlari esa to’fon shtatning g`arbiy sohillaridan o’tayotib, Florida-Kis arxipelagida vayronagarchilik keltirib chiqardi, Mayami va boshqa shaharlarni suv bosdi. «Irma» 12 sentyabr kuni, harqalay, hovuridan tushdi.

16-sentyabrdan 6-oktyabrgacha davom etgan «Mariya» to’foni Dominika orolini vayron qildi. Oroldagi binolarning 90 foizdan oshig`i zararlangan. Kuchli siklon natijasida Gvadelupa, Martinika va Santa-Krus orollariga ham ziyon yetdi. Boshlanganidan 4 kun o’tib, Puerto-Rikoga yetgan to’fon elektr energiyasi ta’minoti va aloqa tizimini ishdan chiqardi. 3,4 million kishi elektrsiz qoldi. Puerto-Riko gubernatori Rikordo Rosello elektr energiyasi ta’minotini tiklash uchun oylar talab qilinishini aytdi. Shuningdek, «Mariya» tufayli yirikligi bo’yicha dunyoda 2-o’rinda turadigan «Aresibo» radioteleskopi ishdan chiqdi. 29 metrlik antenna sinib tushdi, uning parchalari esa asosiy ko’zguga ziyon yetkazdi. To’fon oqibatida 78 kishi halok bo’ldi: Dominikada 30, Puerto-Rikoda 34, Gvadelupada 2, Gaitida 3, Dominikan respublikasida 5, Amerikaning Virginiya orolida 1, Kontinental shtatlarda 3 nafar odam zavolga yuz tutdi. 5 sentyabrda boshlanib, 25 sentyabrga qadar davom etgan «Xose» to’foni Antil orollariga xavf soldi, harholda, uning natijasida qurbonlar bo’lmadi.

O’tayotgan yilning iyul oyidan sentyabrga qadar Janubiy Osiyoda ro’y bergan suv toshqinlari sabab minglab odamlar halok bo’ldi, millionlab aholi yirik masshtabli suv toshqinidan zarar ko’rdi. Bangladesh, Hindiston, Nepal va Pokistonni qamrab olgan tabiiy ofat musson yomg`irlari tufayli kelib chiqdi.

Eng ko’p qurbon Hindistonda kuzatildi — mingdan oshiq odam halok bo’ldi. Har yili Janubiy Osiyoda iyun-sentyabr oylari musson yomg`irlari mavsumiga to’g`ri keladi, ammo bu yil yomg`ir odatdagidan ko’p yog`di va keyingi yillarda kuzatilmagan yirik suv toshqiniga sabab bo’ldi. Ekspertlar toshqinni oxirgi o’n yillikda yuz bergan shunday hodisalarning eng yirigi ekanligini aytishmoqda. 2 sentyabr holatiga ko’ra, toshqin tufayli 1288 nafar odam halok bo’lgan, 45 milliondan ziyodi esa qattiq zarar ko’rgan. YuNISEF ma’lumotlariga qaraganda, bu raqamning 16 millionini bolalar tashkil qiladi.

Iqlim o’zgarishi va taraqqiyot bo’yicha xalqaro markaz va boshqa ilmiy muassasalarning xulosalariga ko’ra, mazkur tabiiy ofat iqlim o’zgarishini yanada murakkablashtirishi mumkin.

Markaziy Italiyada 18-yanvarda 5 balldan yuqori kuchga ega zilzila ro’y berdi. Abrutsso, Latsio, Marke va Umbriya viloyatlarini qamrab olgan zilzilaning epimarkazi L’Akuila shahridan 25 kilometr shimoli-g`arbda bo’lib, 9 kilometr chuqurlikda yuzaga kelgan. 29 nafar odam halok bo’ldi. Mehmonxonalar, uylar katta zarar ko’rdi. Meksikadagi    Pueble shahrida 19 sentyabrda ro’y bergan zilzila Rixter shkalasi bo’yicha 7,1 ballni tashkil etdi. 363 kishining halokatiga sabab bo’lgan ofat oqibatida yana 6 mingdan ziyod odam jabrlandi. 40 dan ortiq bino zarar ko’rdi.

7-sentyabrda Meksikaning janubiy sohillarida, Pixixyapan shahridan 96 kilometr janubi-g`arbda ro’y bergan 8,1 ballik zilzila ham fojiali bo’ldi.  Uning oqibatida mamlakat poytaxti Mexiko jiddiy zarar ko’rdi, 65 nafar kishi hayotdan bevaqt ko’z yumdi, 200 ga yaqin aholi jabrlandi. Meksika prezidenti bu zilzila mamlakatda asr davomida ro’y bergan eng kuchli yer osti silkinishi ekanligini ta’kidladi. Bundan avval ushbu hududda bunday hodisa 1787-yilda kuzatilgan bo’lib, silkinish magnitudasi 8,6 ballga teng bo’lgan.

Olimlarning bashoratlariga ko’ra, kelajakda Yevropada tabiiy ofatlar ro’y berishi 50 martaga oshishi mumkin. Italiyadagi Yevropa komissiyasining birlashgan tadqiqot markazi 1981-yildan 2010-yilgacha bo’lgan tabiiy ofatlarni tadqiq qildi va yuqoridagi xulosaga keldi. 28 mamlakatdagi sunami, suv toshqini, o’rmon yong`inlari, qurg`oqchilik va bo’ron kabi hodisalarni o’rgangan ekspertlar Yevropada tabiiy ofatlardan ziyon ko’rganlar soni yildan-yilga ortib borishini aniqlashdi. Asr boshida bu ko’rsatkich 2-3 million odamni ko’rsatgan bo’lsa, asr so’ngiga borib, raqam 351 millionni tashkil etishi mumkin. 2016 yilda sayyoradagi iqlim holatiga bag`ishlangan dokladda Yer ekstremal hududga aylanib borayotgani qayd etilgan edi va bunga sabab qilib, tabiiy ofatlar, ularning kutilmagan tarzda, kutilmagan hududlarda ro’y   berayotgani ko’rsatilgandi.

Albatta, yuqorida sanalgan hodisalar tabiatning insoniyatga jiddiy tahdidi bo’lib, uni atrof-muhitga, iqlimga salbiy ta’sir ko’rsatmaslikka undayotganday. Shundan kelib chiqib, odamlarni bu xatarli tahdiddan ogoh etish, tabiiy ofatlar   xavfini kamaytirishga erishish maqsadida 1989-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan oktyabr oyining ikkinchi chorshanbasi tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan. 2009-yildan boshlab esa har yili 13-oktyabr — Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish xalqaro kuni sifatida nishonlanadigan bo’ldi. Maqsad — aholi va davlatlarning tabiiy ofatlarga bardoshliligini oshirish, ularning iqlim o’zgarishlariga moslashishlarini ta’minlash, aholining tabiat-ekologiya borasidagi bilimlarini mustahkamlash. Zero, kutilmagan ofatga tayyor turish, bunday paytda to’g`ri harakatlanish tabiiy falokatlar oqibatini biroz bo’lsa-da yumshatishda muhim omil hisoblansa, har bir odamda atrof-muhitga to’g`ri munosabatni   shakllantirish orqaligina tabiatning tahdidini kamaytirish mumkin bo’ladi.

Manbalar asosida Xurshida ABDULLAYEVA tayyorlagan.
«Qashqadaryo» gazetasidan olindi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash