Pasxi orolidagi sivilizatsiya qanday yo’q bo’lgan?
Pasxi orolida istiqomat qilgan tub
aholi vakillarining
taqdiri nima
bilan yakunlangan? Tinch okeanida joylashgan mazkur orol bilan bog`liq shov-shuvlar
hamon tinmagan. Tosh haykallari
bilan mashhur bu orol ekoxalokat sabab fojea bilan to’qnash kelgani
aytiladi.
Mahalliy xalq tomonidan Rapa-Nui deb ataluvchi orol o’rmonlari muntazam ravishda
kesilgan. Buning oqibatida ekotizim barbod bo’lib, qishloq xo’jaligiga katta ziyon yetgan. Natijada
orolda ocharchilik boshlangan va xalq ovqat topish maqsadida bir-birini qirib tashlagan. Olimlarning fikricha,
orol aholisi bu yerga yevropaliklar kelishidan avvalroq yo’q bo’lib ketish arafasida edi. Ma’lumki,
yevropaliklar orolga ilk bor 1722-yilda qadam qo’ygan.
Pasxi
(Rapa-Nui) oroli Tinch okeanining janubiy-sharqiy qismida joylashgan bo’lib, quruqlikdan eng olisda
joylashgan jahondagi eng olis orol sifatida ko’riladi. Orol yaqin atrofdagi
qitadan, to’g`rirog`i Chili sohillaridan 3 ming 514 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Pasxi orolida ayni damda 3 ming 700ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu orolga ilk bor eramizdan
avvalgi 400 yilda odamlar ko’chib kelgan. Olimlar mazkur orol vulqon kullaridan
tashkil topganini taxmin qiladilar. Orolda daryo yo’q. Aholi toza ichimlik suvini ko’ldan
oladi. Florasi unchalik boy emas. Atigi 30 xil o’simlik mavjud. Yevropaliklar ilk
bor orolga qadam qo’yganlarida bu yerda daraxtlar yo’qligidan hayron bo’lishgan edi. O’shanda ular
odamlarning aybi bilan o’rmonlar yo’q bo’lib ketishganini taxmin qilgandilar. XX asrda
olib borilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, bir vaqtlar orol qalin o’rmon
bilan qoplangan bo’lgan. Keyinchalik odamlar qishloq xo’jaligi ekinlarini ekish va o’tin
g`amlash maqsadida o’rmonlarni kesa boshlagan. Qadimiy odamlarning toshga aylangan
tishlari o’rganilganda, Pasxi oroli aholisining asosiy taomi batat (shirin
kartoshka) bo’lgani aniqlandi. Aynan kartoshka ekish maqsadida o’rmonlar
yo’q qilingan bo’lishi ham mumkin. Tadqiqotlarga qaraganda orolda palma daraxtlari XVI asrda yo’qolib ketgan. Olimlar orolga batat ilk bor
IX asrda olib kelinganini isbotlashdi. Aholi soni oshib borishi bilan palma
daraxtlari kesilib, uning o’rniga shirin kartoshka ekila boshlangan. Bu o’z navbatida
yerlarning eroziyaga uchrashiga olib kelgan. Natijada qirg`in-barotlarga sabab bo’lgan
Oradan ko’p o’tmay orol aholisi keskin qisqarib ketgan. XXI asrga kelib tarixchi olim Jared Daymond
odamlarning qirlib ketishiga tabiatga bo’lgan noto’g`ri munosabat sabab bo’lgan degan
qarashni ilgari surdi. "Bir necha asr davomida orol aholisi o’z o’rmonlarini
qirg`in qilib, o’simlik va xayvonat dunyosini yo’q qilishdi. Buning
oqibatida jamiyatda boshboshdoqlik kelib chiqdi. Ular so’nggi daraxtni qirqishayotganda nimalarni o’yladi ekan?”
dedi olim. Jared Daymond tabiatga qiron keltirayotgan insoniyat Pasxi
oroli taqdiridan xulosa chiqarishi lozimligini eslatib o’tdi. Hatto, Buyuk
Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher 1989-yilda BMT minbaridan turib, bugungi
sivilizatsiya Pasxi oroli yo’lidan ketayotganidan ogohlantirgan edi.
Biroq so’nggi yillarda orol fojeasi xaqida boshqacha taxminlar ham ilgari surilmoqda. Masalan,
amerikalik arxeologlar Terri Xant (Terry L. Hunt) va Karl Lipo (Carl P. Lipo)lar
2006-yilda Science jurnalida e’lon qilingan maqolasida fojeaga kalamushlarni ayblab chiqishgandi.
Olimlar bir fikrda yakdildirlar. Ularning xammasi millionlab Paschalococos
disperta palma daraxtlari XIII-XVII asrlarda yo’q bo’lib ketganini ta’kidlaydilar.
Biroq daraxtlarni yo’q bo’lishiga insonlarmi, yoki kemiruvchilar aybdormi, degan
savol xamon ochiq qolmoqda. Xant va Lipo kalamushlar daraxtlarni bir zumda yo’q qilishini isbotladilar.
Tinch okeani kalamushlari (Rattus exulans) orolga biror bir qarshilik va
raqibka uchramay kelgani taxmin qilinadi. Daraxtlarning yo’q bo’lib ketishiga aynan kalamushlar
aybdor ekanini arxeologlar tomonidan olib borilgan qazishmalar xam
isbotlamoqda. Olimlar kalamushlar 400-500 yil davomida orol o’rmonlarnni
yo’q qilganini aytishmoqda.
Biroq bu borada boshqa bir qarashlar ham mavjud. Ayrim olimlar tub aholi ekologiya
qurboni bo’lmaganini, balki bosqinchilar tomonidan genotsidga uchraganini aytishadi. Ya’ni
tub aholi yevropaliklar tomonidan olib kelingan mikroblar va o’q otar qurollar tufayli
nobud bo’lgan.
Sharofidin To’laganov
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot"
informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.