Kun va tunni birga qarshi oluvchi mamlakat
Ha, dunyoda shunaqa
mamlakatlar ham bor. Bu — Osiyo va Yevropa qit’alari bo`ylab yastanib yotgan, umumiy
maydoni bo`yicha dunyodagi eng yirik mamlakat Rossiyadir.
Hududi g`arbdan sharqqa tomon shu qadar chuzilganki,
uning g`arbidagi Kaliningrad viloyatida kechki soat 21.00 bo’lib, aholi tunni qarshi
olishga tayyorlansa, xuddi shu paytda uning eng sharqidagi Bering bug`ozidagi Ratmanov
orolidagi kishilar ertalabki Quyoshni kutib oladi. Shu bois, Rossiyani «kun va tunni
birga qarshi oluvchi mamlakat», deb aytish mumkin. Bunday hodisani dunyoning
boshka hech qaysi mamlakatida kuzatmaysiz.
Rossiyaning umumiy maydoni 17,075 mln. kv.km bo’lib,
u dunyoda maydoniga ko’ra ikkinchi o’rinda turuvchi Kanadadan qariyb ikki baravar
katta. Mamlakat dunyodagi kuruqlik yuzasining 11,46 foizini, Yer kurrasida aholi
yashaydigan hududning 12,65 foizini tashkil etadi. Qirg`oqlarini Tinch, Shimoliy
Muz va Atlantika okeani dengizlari yuvib turadi. Osiyo va Yevropa o’rtasidagi chegara
Rossiyadan, Ural tog`lari va Kuma-Manich botig`i orqali o’tadi. Hududining kattaligi
bois, dunyoning 16 ta mamlakati bilan chegaradosh va bu ko’rsatkich bo’yicha dunyoda
birinchi o’rinda turadi.
Rossiya hududining 70 foizidan ortig`ini tekislik
va pasttekisliklar egallaydi. Mamlakatning g`arbida ulkan Sharqiy Yevropa tekisligi
va Ural tog`laridan sharkda G`arbiy Sibir pasttekisligi yastanib yotadi. Sharqda
O’rta Sibir yassi tog`ligi, Markaziy Yoqutiston tekisligi katta maydonni egallaydi.
Mamlakatning janubiy va sharqiy qismlarida tog`li o’lkalar joylashgan. Janubdagi
Kavkaz tog`larining shimoliy chekkalarida Rossiyadagi eng baland cho’qqi - Elbrus
tog`i (5642 m) joylashgan. Sharqda Oltoy, G`arbiy va Sharkiy Sayan, Stanovoy, Sixote-Alin,
Verxoyansk kabi tog` va tizmalar mavjud. Kamchatka yarimoroli va Kuril orollarida
200 dan ortiq vulqonlar bo’lib, ular dan 50 tasi harakatdadir.
Rossiya — dengiz, daryo va ko’llar o’lkasi. Hududini
Dunyo okeanining 11 ta dengizi va dunyodagi eng yirik ko’l — Kaspiy dengizi yuvib
turadi. Qirg`oq chizig`ining uzunligi bo’yicha (60 985 km) Rossiya dunyodagi kontinental
mamlakatlar ichida birinchi o’rinda turadi. Rossiyaga qarashli dengizlarning umumiy
maydoni — 8,6 mln. kv.km.
Rossiyada umumiy uzunligi 12,4 mln. km bo`lgan
2,8 mln. dan ortiq daryolar mavjud. Ulardan 90 foizi Tinch va Shimoliy Muz okeani
havzasiga tegishli. Shuningdek, mamlakatda Kaspiy dengizini hisobga olmaganda, umumiy
maydoni 408,8 ming kv.km bo’lgan 2,74 mln. ta ko’llar mavjud. Ammo barcha ko’l suvlarining
96 foizi eng yirik 8 ta ko’lda yig`ilgan.
Mamlakat hududida umumiy maydoni 56,13 ming kv.km
maydonga ega 8100 ta muzlik borligi aniqlangan. Ularda 40 ming kub km chuchuk suv
zaxirasi mavjud bo’lib, yiliga 110 kub km suv daryolar tomon oqadi. Shuningdek,
5 mln. kv. km maydon abadiy muzliklar bilan qoplapgan, ba’zi hududlar (Yoqutiston)da
doimiy muzlok yerlarning qalinligi 1-1,5 km. ga yetadi.
Yevrosiyo materigining shimoliy qismida joylashgani
bois, (mamlakat hududining katta qismi 50-paralleldan shimolda yotadi), bu yerda
arktik, subarktik, mo’tadil va qisman subtropik iqlim mintaqalari mavjud. Ammo mamlakatning
asosiy qismida mu’tadil iqlim ustun. Yanvar oyining o’rtacha harorati turli mintaqalarda
+6°C dan —50°C gacha, iyulniki esa +1-+25°C o’rtasida tebranadi.
Rossiya hududidagi eng yuqori harorat (+45,4°C) juda
issiq kelgan 2010-yil 12-iyulda Qalmiqistonning
Utta meteostansiyasida kuzatilgan. Eng past harorat (-71,2°C) akademik S. Obruchev
tomonidan 1924-yilda Oymyakonda kuzatilgan va bu yerda ushbu ko’rsatkichni uzida
mujassam etgan yodgorlik o’rnatilgan. Eng yuqori va past harorat o’rtasidagi farq
(116,6°C) bo’yicha Rossiya dunyoda birinchi o’rinda turadi.
Mamlakat hududi o’rmonlarga boy. Bu yerda dunyodagi
barcha o’rmonlarning 20 foizidan ortig`i, igna barglilarning qariyb yarmi joylashgan.
Hayvonot dunyosi xilma-xil - oq ayiqlardan morjlargacha,
yulbarsu leopardlargacha yashaydi. Rossiyada 35 ta milliy bog` va 84 ta qo’riqxona
mavjud. Omsk shaxri chegarasida mamlakatdagi yagona tabiiy park — «Ptichiy gavan»
mavjud.
Mamlakat tarixiy-me’moriy obidalarga boy va ular
asosan, g`arbiy viloyatlarda joylashgan. Rossiyadagi 23 ta tarixiy-madaniy obida,
jumladan, Sankt-Peterburgning tarixiy markazi, Moskva Kremli, Qizil maydon, Baykal
ko’li va Darbanddagi Norin qal’a va boshqa bir qator obidalar YuNESKOning «Butunjahon
merosi» ro’yxatiga kiritilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.