Norvegiya atlantidasi haqida eshitganmisiz?
Olesun shahrini ko’pchilik
Norvegiyaning Venetsiyasi deya be’jiz atamaydi. Bu maskan ko’p yillardan buyon dunyoning
ko’plab sayyohlarini o’ziga jalb etib kelmoqda. Atlantika okeani sohilidagi bu hudud o’zining hayvonot
va o’simliklar dunyosi bilan ham mashhurdir.
Olesun shahri
1904-yilning qishida bir kecha-kunduz ichida yonib kulga aylandi. Ko’hna shahardagi
uylar asosan yog`och materiallaridan tayyorlanganligi, qolaversa, qayiqlar va qayiqlar
to’xtaydigan joylar ham yog`ochdan ishlanganligi ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. O’shanda
Yevropa va Amerika qit’asidagi mamlakatlar og`ir ahvolda qolgan olesunliklarga yordamga
oshiqdi. Qo’shni Germaniya va Shvetsiya mamlakatlari keksalar, ayollar va bolalarni
o’z bag`riga qabul qila boshladi. Erkaklar esa yonib kulga aylangan shaharni qayta
tiklash bilan mashg`ul bo’ldi. Bundan tashqari erkaklar dengizga chiqib baliqchilik
bilan shug`ullanishdi. Baliqni qayta ishlash kombinati birinchi navbatda
qayta tiklandi. Chunki bu tarmoq shahar g`aznasi daromadini
to’ldiradi. Bejizga Olesunda baliqchilik muzeyini tashkil etilmagan. Endi bu shaharga
kelgan odamlar boshqacha manzaraning guvohi bo’ladi. Shahar butunlay o’zgargan.
Olesunning tabiati ham juda go’zal. Sohildan qo’l bilan uzatadigan darajadagi uzoqlikda
barjalar, paromlar va bahaybat kemalar harakatlanayotganini ko’rasiz.
Portlar va
sanoat korxonalari ishi to’xtamaydi. Bu o’lka neftga boy bo’lganligi bois uglevodorod
xom ashyosi qazib chiqarish hajmi yil sayin ko’payib bormoqda. Neft shu yerning
o’zida qayta ishlanayotir. Suvi juda toza. Norvegiya mehmonlariga
kranning o’zidan bemalol qo’rqmasdan suv ichaveringlar deb tavsiya qilishadi. Uning
ta’mi juda ham shirin. Do’konlarda sotilayotgan shishaga solingan suvlardan a’lo
deyishadi. Yustedalsbreen tog` etaklarida muzliklar muzeyi ham bunyod etilgan.
Norvegiya
suvini mo’jizaga qiyoslashadi. Bu mamlakatning 3 foiz yerigina qishloq xo’jaligi
ekinlarini yetishtirishga moslashgan. Mittigina davlat o’z xalqini boqibgina qolmay,
boshqa mamlakatlarga ekologik mahsulotlarni eksport qilmoqda. Ayniqsa, Gudbransdal
vodiysida boqilayotgan echkining sutidan tayyorlangan pishloq deysizmi, qahraton
sovuqda inson tanasini issiq tutuvchi qo’y yungidan tayyorlangan kiyimlar deysizmi,
bularning bari Norvegiyaniki. O’tgan asrning 60-yillarida bir paytlar qoloq, agrar
mamlakat sifatida tilga olingan Norvegiyada kattadan katta neft zaxirasi topildi.
Mamlakat fuqarolari bepul ta’lim, davolanish huquqiga ega. Ishsizlik yo’q hisobi.
Olesunga kelgan ha bir sayyohni birinchi navbatda Aksla tog`i cho’qqisiga olib chiqishadi.
Bu yerda tomoshagoh qurilgan bo’lib, 7 orolda joylashgan shaharni bemalol ko’rish
mumkin. U xuddi Venetsiyaning o’zginasidir. Hatto, undan ham chiroyli deyishadi. Olesunning 3 tomoni
Atlantika okeani bilan o’ralgan. Kanallar markaziy ko’chalar o’rnini o’taydi.
Xuddi suratdagidek.
Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, ko’priklar va yo’lkalar ostiga maxsus quvurlar
joylashtirilgan bo’lib, u qishda yo’llarning muzlashining oldini oladi. Sirpanchiq
yo’llarda ko’plab noxush holatlar yuz berishi sir emas. Bundan 112 yil ilgarigi
yong`inning takrorlanishini oldini olish maqsadida barcha uylar tosh xarsanglardan
qurilgan. Hatto, tomlari ham. Samolyotdan turib shaharni tomosha qilsangiz,
u okeanda suzib borayotgan uzun kumush baliqni eslatadi. Darvoqe, Olesun qimmatbaho
dengiz balig`i nomiga qo’yilgan. Hatto uning nomini o’zgartirishga ham harakat
qilib ko’rishdi. Xalq buni unamadi. Oddiy baliqning nomi qolgani ma’qul deyishdi.
Norvegiyada baliq so’zi juda jarangdordir. Zamonaviy Olesun ko’chalarida xuddi muzey
zallari bo’ylab yurgandek his qilasiz o’zingizni. Har bir uy turli rangda, loyihasi
ham o’zgacha qilib ishlangan. O’yma eshiklar, panjaralar ham diqqatingizni o’ziga
tortadi. Suvga to’lgan ko’chalar bo’ylab mitti yaxtalar va motorli qayiqlar suzib
yuradi. Sohilga shundoqqina tutashtirib qurilgan yo’lkalar odam oyoqlari ostida
qimirlab turadi. Uyning ayvonida gazeta o’qib sigareta tutatib o’tirgan kishining
oyoq kiyimlarini qayiq harakatidan keyin yuzaga kelayotgan to’lqinlar suvga oqizib
yuborayotgandek tuyuladi.
Muallif: Azimjon Po’latov
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.