loading...

Urushlar, kasalliklar yoki tabiiy ofatlardan ham xavfliroq narsa ma`lum qilindi 

2912

Atrof-muhit, jumladan suv va havo ifloslanishi, urushlar, zo'ravonliklar, kasalliklar, ocharchilik yoki tabiiy ofatlardan ko'ra ko'proq odamlarning umriga zomin bo'ladi. Amerikalik mutaxassislar shu haqdagi xulosaga kelishdi, ular o'z hisobotlarini Lancet tibbiy jurnalida e`lon qilishgan, deb xabar bermoqda Britaniyaning The Guardian nashri.
Mutaxassislarning fikricha, ifloslanishdan o'lim soni chekish sabab yuz beradigan o'lim miqdoridan bir yarim barobarga; OITS, sil va bezgakdan uch martaga; urushlar hamda zo'ravonliklardan 15 baravarga yuqori.

2015 yilda dunyo bo'ylab to'qqiz million o'lim holati ifloslanish bilan bog'liq bo'lgan. Bu faqat taxmin bo'lib, ekspertlarning fikricha, haqiqiy miqyos juda katta bo'lishi kerak. Sababi barcha mamlakatlar ham rivojlangan monitoring tizimiga ega emas hamda atrof-muhitdagi barcha zaharli kimyoviy moddalar kuzatib borilmaydi.

Bu o'limlarning deyarli barchasi aholisi daromadi past yoki o'rta darajada bo'lgan mamlakatlarda qayd etilgan. Bunday davlatlarda ifloslanish barcha o'limlarning deyarli to'rtdan bir qismiga olib kelishi mumkin. Bangladesh va Somali ifloslanishdan eng ko'p aziyat chekmoqda.

Odamlarning salomatligiga eng katta ta`sir havo bilan bog'liq muammolar orqali keladi – ifloslanish sabab yuz bergan o'lim holatlarining uchdan ikki qismi shunga aloqador.

Bruney va Shvetsiyada – ifloslanish bilan bog'liq sabablardan eng kam o'lim yuz bergan.
Ushbu o'limlarning aksariyati yuqumli bo'lmagan, ifloslanish bilan bog'liq bo'lgan kasalliklar - masalan, yurak xastaliklari, miyaga qon quyilishi va o'pka saratoni tufayli yuz beradi.

Eng katta xavf omili - havo ifloslanishi - taxminan 6,5 mln. erta o'lim holatiga sabab bo'lgan. Ular ichiga gaz sizib chiqishi, xonada yog'och yoki ko'mir yoqish kabilar kiradi.
Ikkinchi muhim omil - suv ifloslanishi - 1,8 million o'limga olib kelgan. Shu bilan birga, ish joyidagi ifloslanish butun dunyo bo'ylab 800 ming o'limga aloqador ekani aytiladi. Ushbu o'lim holatlarining 92 foizi qashshoq mamlakatlarda yuz bergan. Shuningdek, iqtisodiyoti o'sib borayotgan davlatlar – Hindiston (ifloslanishdan o'lim holati bo'yicha 5-o'rin) va Xitoy (16-pog'ona) ayniqsa ko'proq jabrlangan.

«Atrof-muhit ifloslanishi insoniyatning buyuk ekzistentsial muammolaridan biridir. U Yerdagi tizimlarining barqarorligi va insoniyatning omon qolishiga tahdid soladi», - deya xulosa qilishgan hisobot mualliflari.

Tadqiqotchilarning aytishicha, ifloslanish tufayli yuz beradigan yo'qotishlar yiliga 4,6 trln. dollarni tashkil etadi, bu jahon yalpi ichki mahsulotining 6 foizidan ko'prog'iga teng. «Bu xarajatlar shunchalik kattaki, ular ilgari siljishga intilayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini pastga sudrashi mumkin. Inson faoliyati, jumladan, sanoatlashtirish, urbanizatsiya va globallashuv ifloslanishning harakat kuchi sanaladi. Umid qilamizki, komissiya xulosalari yetakchilarni milliy, davlat, viloyat va shaharlar darajasida ifloslantiruvchi moddalarga qarshi kurashni ustuvor vazifaga aylantiradi. Bugungi va kelajak avlodlar ifloslanishdan xoli atrof-muhitga loyiqdir», - deyiladi hisobotda.
Manba: kun.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash