loading...

Suvning sirli xossasi 

5785

  Suv — tabiatning bebaho ne’mati, bamisoli yer, quyosh va havo singari insoniyat, hayvonot va nabotot olami tirikligining asosiy omili. Biz uni har doim iste’mol qilamiz yoki qandaydir korimizga ishlatamiz. Obi hayot Yer kurrasining katta qismini egallashini, sovuqda muzlashini, issiqda gazga aylanishini yaxshi bilamiz. Shu bilan bir qatorda, u ba’zan dahshatli tilsiz yovga aylanib, katta vayronagarchiliklar keltirib chiqarishini yoki yuqumli kasalliklar tarqalishiga sababchi bo’lishini ham inkor etmaymiz. 
  Bular sizu biz o’z ko’zimiz bilan ko’rib, ishonch hosil qilishimiz lozim bo’lgan oddiy hodisalar. Ammo suvning yana bir mo`jizavor xossasi borki, ko’pchiligimiz buni sezmaymiz. Aniqrog`i, u har qanday quvvatni o’zida aks ettiruvchi axborot tashish omili ekanligini, gohida inson hayoti uchun xavf tug`diruvchi manbaga aylanishi ham mumkinligini xayolimizga keltirmaymiz. 
  Faraz qiling, qandaydir sababga ko’ra, siz uyingizda turmush o’rtog`ingiz bilan qattiq janjallashib qoldingiz. Ana shu jarayonda ikkalangiz bir-biringizning ustingizga ag`dargan "mag`vaza”lar biron-bir joyga izsiz yo’qolmaydi. Aksincha, barchasi xonangiz burchaklariga cho’kadi va suvga shimiladi. Siz o’sha suvni iste’mol qilsangiz, o’zingiz bilmagan holda undan manfiy quvvat olasiz.
  Qolaversa, inson jismining to’rtdan uch qismi suvdan iborat bo’lgani bois boyagi manfiy quvvat butun vujudingizga tarqalib, tana a’zolaringiz hujayralariga o’rnashib oladi. 
  Alqissa, siz nojo’ya xatti-harakatingiz oqibatida ruhiyatingiz, badaningiz, suyaklaringiz va boshqa a’zolaringizda muammo ustiga muammo tug`dirasiz. Boz ustiga, manfiy quvvatga ega suv ko’p ichilsa, odamni sal narsaga shubhalanadigan qilib qo’yadi. Badgumon kishi esa noxush fikrlari bilan g`ayrishuuriy ravishda o’z vujudida xavfli kasalliklar rivojlanishiga sababchi bo’ladi. Masalan, televizorda tibbiy mavzuda ko’rsatuv berilayapti, deylik. Sershubha odam ekranda onkologik xastalikka chalingan bemor ko’rinishi bilanoq uning o’rniga o’zini qo’ya boshlaydi va yomon o’y-xayollar iskanjasida qoladi. Shu tariqa ongsiz ravishda jismida kasallik urchishiga sababchi bo’ladi. 
  Yoki boshqa misol. Siz o’zingizni bezovtalantirgan xastalik sabab, davo istab, shifokor huzuriga bordingiz. U inson ruhiyatini yaxshi tushunsa, yaxshi gaplar aytib, ko’nglingizni tinchlantiradi. Bordi-yu, sal vahimachiroq bo’lsa-chi? Yo’qdan bor yasab, bir talay tashxis qo’yadi. O’lganning ustiga tepganday, allakimlar xuddi shunaqa kasallikka uchragani-yu vaqtida davolanmagani tufayli azob cheka-cheka jon taslim qilganii haqida qator dalillar keltirib, yuragingizga qutqu soladi. Qarabsizki, sizning kayfiyatingiz buziladi. Noxush o’ylardan miyangiz g`ovlab, dardingiz battar og`irlashadi. Oxir-oqibat sog`ayishingiz cho’zilib ketadi. 
  Ana, ko’rdingizmi, ortiqcha shubha-gumonlaru noo’rin gap-so’zlar nimalarga olib keladi. Ehtimol, kimdir "Endi nima, xavfli jihatlari ham bor ekan deb, umuman suv ichmaslik kerakmi?” deya hayratga tushishi mumkin. Yo’q, ichish kerak! Busiz yashashning sirayam iloji yo’q. 
  Modomiki, shunday ekan, endi haqli savol tug`iladi: xo’p, biron-bir tankerning halokati tufayli okean yoki dengizga tarqalib ketgan neftni-ku, bir amallab to’plash, nogahon o’pirilib, o’zida to’plangan zararli unsurlarni oqizib yuborgan tozalash inshootini qayta tiklash mumkin. Turli-tuman zahri qotillar va chiqindilar bilan ifloslangan suvni, garchi har doim ham ko’ngildagidek samara bermasa-da, qaynatish, xlorlash va boshqa usullar bilan zararsizlantirish imkoni mavjud. Biroq odamlarning o’zi suv orqali tarqatadigan manfiy, ya’ni xastalikka qorishgan quvvatni qanday yo’qotsa bo’ladi? 
  Buning uchun, avvalo, ichishdan oldin suv tarkibini sog`lom energiya bilan to’yintirish kerak. Lekin bu o’rinda ayrim soxta shifokorlarning televizor orqali bir vaqtning o’zida ham suvni, ham qo’l telefoni akkumulyatorini quvvatlantirish mumkin degan safsatalariga zinhor-bazinhor ishonmang. Quvvatlantiruvchi "qurilma” vazifasini o’zingiz bajaring. Sidqidildan qilingan toat-ibodat, ezgu tilaklar, shirin so’zlar va dilrabo kuylar suvga ijobiy xususiyat bag`ishlaydigan vosita vazifasini o’tay olishini yodda tuting. Suvni idishga solgach, u bilan obdon "suhbatlashing”. Faqat qalbingizni qiynayotgan muammolar haqida churq etmang, chunki ular zararli unsurlar miqdorini ko’paytirib yuboradi. Eng muhimi, siz suvdan zavqlaning. Juda bebaho, ajoyibdan-ajoyib ne’mat ekanligini aytib, uni maqtang. Sihat-salomatlik, farovon hayot, baxt, sevgi, Alloh, ilohiyot, tabarruklik, muqaddaslik va boshqa ezguliklar haqida so’z yuriting. 
  Shunda, xoh ishoning-xoh ishonmang, mo’jiza ro’y beradi. Iliq gaplarni "tinglagan” suv o’z tarkibini to’liq o’zgartirib, musbat quvvatga ega bo’ladi. Bu inson salomatligi uchun o’ta muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun ham o’tmishda aksariyat azayimxonu tabiblar bemorlarni aynan dam solingan, qaytariq qilingan obi hayot bilan davolaganlar. Kohinlar ham butxonalarda o’tkaziladigan sirli ibodatlar paytida xochlardan tashqari, tarkibi yaxshi tilaklar ila boyitilgan suvdan ham foydalanganlar. 
Abdunabi Haydarov
O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash