Sayyoramizdagi eng issiq joylar
Yoz – yilning orziqib kutilgan fasli. Lekin sayyoramizda shunday joylar ham borki, u yerlarda yilning issiq kunlari orziqib kutilmaydi. Shunday joylar bilan tanishib chiqaylik.
1. Lut-Dashti, Eron
Bu – sayyoramizdagi eng issiq joy. Lut-Dashti shunchalik tashlandiq hududki bu yerda harorat o‘lchash ishlari olib borilmaydi.
NASA sun’iy yo‘ldoshining yetti yil davomidagi kosmosdan olib borgan kuzatishlari shuni ko‘rsatdiki, 2004-2007 va 2009 yillarda sayyoramizdagi eng issiq joy aynan Lut-Dashti bo‘lgan. 2005 yilda 70,7° harorat qayd etilgan va bu rasmiy tasdiqlangan eng yuqori harorat hisoblanadi.
2. Bedlends, Avstraliya
Avstraliya – bu sayyoramizdagi eng qurg‘oqchil qit’a bo‘lib, uning katta qismi cho‘llardan iborat. Bu mintaqada ko‘p aholi istiqomat qilmaydi, haroratning qayd etilgan aniq darajasi ham ma’lum emas. Ayniqsa osmonda bulut bo‘lmagan qurg‘oqchilik davrida quyosh nurlari qumlarni qizdirib yuboradi. 2003 yilda NASA sun’iy yo‘ldoshi Bedlends hududida 69,3° haroratni qayd etgan.
3. Olovli tog‘lar, Xitoy
Tyan-Shan tog‘ tizimida joylashgan Olovli tog‘lar olovni eslatuvchi qizil qumtoshli jarliklar tufayli shu nomga sazovor bo‘lgan. Bu tog‘lar kuydiradigan darajada issiq.
Meteostansiyalar yo‘qligi tufayli havo harorati to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchab ko‘rilmagan, lekin kosmosdan turib yer yuzasidagi haroratni o‘lchaydigan qurilmaga ega bo‘lgan NASA sun’iy yo‘ldoshi o‘z o‘lchashlari davomida 66,8° darajani qayd etgan. 2008 yilda qayd etilgan bu ko‘rsatgich o‘sha yilning eng yuqori harorati hisoblanadi.
4. O‘lim vodiysi, Amerika Qo‘shma Shtatlari
Kaliforniya cho‘lida joylashgan O‘lim vodiysi – bu Shimoliy Amerikadagi eng past, quruq va issiq hudud bo‘lib, havo harorati 56,7° darajagacha borishi mumkin. Quyosh taftida qizib turuvchi bu vodiyda harorat yuqori bo‘lishiga qaramay, bu yerda hayot mavjud. Kechga yaqin silovsin, tulki va kemiruvchilar o‘z inlaridan chiqadilar.
5. Rub-al-Xali, Arabiston yarim oroli
Rub-al-Xali Arabiston yarim orolining uchdan birini egallagan va Saudiya Arabistoni, Omon, Yaman va Birlashgan Arab Amirliklari hududida joylashgan. Bu yerning ob-havosi issiq va quruq. Simob ustuni ko‘rsatgichi 56° darajagacha boradi, yillik yog‘ingarchilik darajasi 3 sm ni tashkil etadi.
6. Kebili, Tunis
Tunisning markaziy qismida joylashgan Kebili cho‘l vohasida odamlar janubiy Afrikaning jaziramasidan panoh topadilar. Hech bo‘lmaganda bu yerda soyali palmalar va suv bor. Lekin shunga qaramay bu hududda termometr 55° darajani ko‘rsatadi.
Shahar juda hushmanzara bo‘lib, issiq ob-havoga qaramay ziyorat qilishga arziydi. Kebilida 200 000 yil avval ham insonlar hayot kechirganliklari haqida rad etib bo‘lmas dalillar mavjud.
7. Timbuktu, Mali
Timbuktu shahri o‘zining boy va qiziqarli tarixi bilan faxrlansa arziydi. Qadimda ikki savdo yo‘llari kesishmasida joylashgan bu shahar qachonlardir gullab-yashnagan ilm markazi bo‘lgan. Bugungi kunda cho‘llashish muammosi Timbuktu uchun dolzarb hisoblanadi. Shaharda katta qum uyumlari hosil bo‘ladi va shamol uchirib kelgan qumlar shahar ko‘chalarini ko‘mib yuboradi. Bu hududda havo harorati 55° darajadan yuqori bo‘ladi.
8. Efiopiya, Dallol
Bu shahar yillik o‘rtacha harorat bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. 1960-1966 yillar oralig‘ida Dallolda o‘rtacha havo harorati 34,4° ni tashkil etgan. Bu yerda yil bo‘yi issiq harorat xukm suradi.
Bugungi kunda Dallol – sharpa shahar. Lekin 1960 yilda bu yerda kon-ruda sanoati manzilgohi bo‘lgan. Dallol joylashgan Afar tog‘ havzasi vulqon faol bo‘lgan hudud hisoblanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.