loading...

Jahondagi eng kichik shaharlar haqida eshitganmisiz? 

10143

  London, Parij, Madrid, Rim kabi shaharlarni deyarli  hamma biladi. Ammo yer yuzida shunday shaharlar ham borki, ular haqida ko’pchilik eshitmagan.
  Shahar deganda ko’z oldimizga baland qavatli binolari bor, ko’chalari avtomobillarga to’la, minglab-millionlab  odamlar istiqomat qiladigan aholi punktlari ko’z oldimizga keladi. Ammo yer yuzida aholisi 20 kishidan oshmaydigan shaharlar ham bor. Bu kabi shaharlarning soni juda ham ko’p. Lekin diqqatga sazovorlari juda ham sanoqlidir. Bir necha o’n kishi istiqomat qiladigan bu kabi shaharlarning tarixi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Shu sababli ham ularga shahar maqomi berilgan. Eng kichik shaharlarning aksariyati Yevropada joylashgan. AQShda ham kichik shaharlar uchrab turadi, ammo ular bir-biriga o’xshab ketgani bois, xuddi Yevropadagi qadimiy kichik shaharlar kabi sayyohlarni o’ziga jalb qila olmaydi.
 Jahonning eng kichik shaharlari orasida Chexiyaning Rabshteyn shahri ham bor. Bitta ko’chadan iborat bu shaharda atigi 20 kishi istiqomat qiladi. Rabshteyn shahriga 1337-yilda asos solingan. Shundan beri o’zining qadimiy tarixi va yodgorliklari bilan sayyohlarni o’ziga jalb qilib keladi. Bolgariyadagi Melnik shahrida 390 kishi yashaydi. Bu shahar haqida ilk ma’lumotlar XI asrda uchraydi. Belgiyadagi 889-yilda barpo etilgan Dyurbui shahri ham kichik shaharlar ro’yxatiga kiritilgan. Bu shahar aholisi 500 kishidan iborat. Amerikaning Vayoming shtatidagi  Buford shahrida atigi bir kishi istiqomat qiladi. Dom Sammons ismli bu kishi shahar meri vazifasini xam bajaradi. Shaharda tashlandiq maktab, do’kon, avtoturargox va yoqilғi quyish shaxobchasi ham bor. 2012  yilda mer shaharni sotishga qaror qildi. Buford shahrini 900 ming dollarga Vetnamlik ikki nafar tadbirkor sotib oldi. Sobiq mer oddiy fuqoro sifatida hamon bu shaharda istiqomat qiladi.
 Turli manbalarda Shveysariyaning Fyurshtenau, Saudiya Arabistonidagi Ferdaniya, Belgiyadagi Dyurbyuiya jahondagi eng kichik axoli punktlari sifatida talqin qilinadi. Ammo Xorvatiyadagi bir shahar jahonning eng kichik shahri sifatida tan olinadi. Bu Xum shahridir.
  Xum (xorvatcha. Hum, italyancha  Colmo, nemischa Cholm) —Xorvatiyadagi qala-shahar. Shahar 349 metr balandlikda joylashgan bo’lib, Roch shahridan 5-7 kilometr, Buzet shahridan esa 14 kilometr janubiy sharqda. Afsonalarga ko’ra Xum shahriga devlar asos solgan. Ya’ni devlar Mirna daryosi sohillarida shaharlar barpo etganlaridan so’ng, ortib qolgan toshlardan Xum qalasini qurishgan ekan.
  Hujjatlarda shahar nomi 1102-yilda ilk bor Xolm sifatida tilga olingan. Tahmiinlarga qaraganda, 1060 yilda graf Ulrix I Rim manzilgoxlari xarobalari ustiga qala qurdiradi. XI asrda Xolm shahar maqomini oladi. 1153-1248-yillarda Xum Meraniya (Meran, Merano, Meranie, Meranien) gersogligi tarkibida bo’ladi. 1412-yilda esa Xum Venetsia respublikasi tarkibiga kiritildi. 1612-1618-yillardagi urush davrida shahar yoqib yuboriladi va keyinchalik qayta tiklanadi.
  Ikkinchi jahon urushi yillarida  Xum shahrida 450 nafar aholi istiqomat qilgan. Ularning hammasi keyinchalik shaharni tark etadi. Muhojirlikni afzal ko’rganlarning deyarli hammasi vafot etishgach Xum shahriga dafn etilishlarini vasiyat qilishgan.
  Xum XI asrda hozirgi ko’rinishga ega bo’lgan. O’sha davrdan beri qala ichkarisida hech narsa qurilmagan. Shahar ko’rinishi hamon o’zgarmagan. Shahar devorlari ichida atigi ikkita ko’cha, ammo  20 ta bino bor. Shaxardagi yagona  darvoza 1562 yilda qurilgan. Bu darvoza XX asrda ustalar tomonidan ta’mirlandi.
  17 asrga qadar tarixiy xujjatlarda Xum «castrum», ya’ni qala sifatida talqin etiladi. Bugungi kunda shahar ko’chalari ritsarlar xaqidagi qadimiy tarix saxifalarini yodga soladi.
  Shaharda o’sha davrdan beri jupan (prefekt) saylash ananasi saqlanib qolingan. Saylovlar har yili  iyul oyi o’rtalarida bo’lib o’tadi. Saylov "tentakni saylash” deb yuritiladi. Chunki hech kim shahar meri bo’lishni istamaydi-da. Asrlarga borib taqaladigan bu odat 1977 yilda qayta tiklandi. Endilikda shahar xokimini saylashda faqat erkaklar ishtirok etadilar. Ovoz berishdan so’ng eski prefekt yangi prefekt nomini e’lon qiladi. Tadbir yarim tungacha o’yin-kulgu bilan davom etadi. Yangi prefekt jaxonning eng kichik shahri darvozasining ramziy kalitini qabul qilib oladi. Saylovlardan keyingi Xalq Festivaliga sayyohlarning qiziqishi yil sayin ortib bormoqda.
  Xum dunyoning eng kichik shahri sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan. Ayni damda shaharda 17 kishi istiqomat qiladi. Xum shahriga avtomobil, ekskursiya avtobusida yoki piyoda yetib olish mumkin. Xumdagi eng diqqatga sazovor joy tosh yodgorliklari bilan mashhur "Harflar maydoni” hisoblanadi.
  Bugun Xum yodgorlik shahar sifatida mashhur. Kichik bo’lishiga qaramay shaharda odatdagi shaharlarga xos barcha jihatlarni ko’rishingiz mumkin. Bu yerda markaziy maydon, pochta, ikkita ibodatxona, qabriston, do’konlar, muzey bor. Xumda ikkita bino sayyohlarga ijaraga berilishi mumkin.
  Xum jahondagi eng yirik megapolislardan biri Pekin bilan birodarlashgan.
 Sharofidin To’laganov
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash