loading...

Aysberg nima? 

10886


 «Aysberg» so‘zi o‘zbek tilida «muz tog‘i» degan ma’noni anglatadi. Haqiqatan ham Yerning qutbiy doiralarida vujudga kelgan muzliklarning uzilib dengizga qulab tushgan chekka qismlari katta muz tog‘larini eslatadi. Muzlikning uchi ma’lum vaqtgacha dengiz ustida osilib turadi. Uni suv qalqishlari, dengiz oqimlari va shamollar yemiradi. Nihoyat, u bo‘linib, shaloplab suvga qulaydi. Aysberg chayqalib, ulkan massasining katta qismini suv ostiga yashirgan holda shamol va oqim kuchiga bo‘ysunib, uzoq safarga yo‘l oladi. Yo‘lda asta-sekin eriydi va shu tufayli u ba’zan to‘ntariladi. Uzunligi 1—2 kilometrli, kengligi yarim kilometrli mayda va uzunligi bir necha o‘n kilometr, balandligi esa 100 metrdan oshadigan yirik aysberglar bor.
 Aysberglar vatani – Arktika va Antarktida muzliklari.
 Okeanda aysberglarga duch kelish juda xavfli, chunki uning suv ostidagi qismi ko‘rinmaydi (odatda, aysbergning suv ostidagi qismi suv ustidagi qismidan benihoya katta bo‘ladi). 1912-yilda yo‘lovchi-sayohatchilarni tashiydigan ulkan «Titanik» kemasi Atlantika okeanida bora turib, tumanda aysbergga urilgan va g‘arq bo‘lgan. Bu 20-asr boshida dengizda sodir bo‘lgan eng katta fojia hisoblanadi, 1997-yil oxirida amerikalik rejissyor Deyms Kameronnning yangi «Titanik» filmi jahondagi ko‘p mamlakatlar kinoekraniga chiqdi. Bu ulkan halokat kema qatnovida aysberglarga nisbatan doim hushyor bo‘lishga chaqiradi. AQSHning Memfis shahrida «Titanik» xotira muzeyi barpo qilingan.
  Biroq olimlarning taxminicha, aysberglar kishilarga foyda keltirishi ham mumkin. Axir sayyoramizda toza chuchuk suv tanqisligi tobora kuchliroq sezilmoqda. Aysberglar esa xuddi shunday suv manbaidir. Olimlar aysberglarni shatakka olib, yirik shaharlar gavaniga keltirish va u yerda aysbergga «langar tashlash» mumkin emasmikan, degan mulohaza ustida fikr yuritishmoqda. Aysberglar suvi bilan millionlab kishilarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirsa bo‘ladi. To‘g‘ri, bu hozircha mo‘ljal, xolos.
Bolalar ensiklopediyasidan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash