Timsoh qasosi
Qosimjon So‘piyev – jurnalist, O‘zbekiston televideniyesining "Mahalla” telekanalida xizmat qiladi. Ko‘p yillik kasbiy faoliyati davomida Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlarida bo‘lib, turkum teleko‘rsatuvlar tayyorlagan. Uning jahon mamlakatlari tarixi, madaniyati, tabiati haqida hikoya qiluvchi bir necha kitoblari chop etilgan. Quyidagi afsonani muallifga malayziyalik baliqchilar so‘zlab berishgan.
Andaman dengizi Lankaviy orolini Tailand bilan tutashtirib turadi. Qayiqda sohil bo‘ylab bir oz suzib borilsa, g‘orga o‘xshagan tosh qoyalar ko‘rinadi. Mahalliy aholi uni "Timsohlar g‘ori” deydi. Sinchiklab qaralsa, toshlarda timsohlarning izlari qolganini ko‘rish mumkin.
Baliqchilarning aytishicha, bu yerlarda timsohlarning ko‘rinmay qolganiga ham yarim asr bo‘libdi. Lekin orolda Bruneydan keltirilgan jonivorlarni ko‘paytiruvchi ferma mavjud bo‘lib, tomoshatalab sayyohlar timsohlar shousini ko‘rgani kiradilar.
Shou timsoh turlarini tanishtirishdan boshlanadi. Shou davomida tomoshabinlar ehtiyot bo‘lishga undovchi chaqiriqlar bilan ogohlantirib turiladi. Musiqa sadolari ostida bir necha habash yigitlar qo‘llaridagi uzun bambuk tayoqlari bilan ikki metrli, so‘ngra to‘rt-besh metrlar chamasi ulkan timsohlarni suvdan quruqlikka haydab olib chiqadilar. Ikki yigit ana shu katta timsoh ustiga yotadi. Og‘zini ochib turgan ulkan timsohni arradek tishlari orasiga qo‘lini tiqadi. Tomoshani ikki-uch metr balandlikda qurilgan ko‘priklarda turib kuzatayotgan sayyohlar hayratga tushadilar. Ular "Yaxshiki, timsohlar delfin yoki ucharbaliq emas, suvda sakray olmaydi, bo‘lmasa holimizga voy bo‘lardi”, degan xayolga boradilar. Jonivorlar esa bu tomoshalar evaziga bir shoda baliq bilan siylanadi. Bu yerda timsohlar muzeyi bo‘lib, unda timsohlar tulumini ushlab suratga tushish va ayrim odamlarning ehtiyotsizligi tufayli ro‘y bergan noxush voqealar tafsiloti aks etgan suratlarni tomosha qilish mumkin. Mahalliy baliqchilar orasida timsohlar haqida juda ko‘p hikoya, rivoyat va afsonalar bor. Mana ulardan biri: Bir zamonlar bu orol sohilidagi botqoqlik va changalzorlar orasida juda ko‘p timsohlar yashagan. Dengiz orqali suzib kelayotgan kemalar sohillarga langar tashlay boshlagach, timsohlarning osuda hayotiga putur yetadi. Chunki dunyoning boshqa mamlakatlarida timsoh terisidan tikilgan sumkalar kibor ayollar davrasida modaga aylangandi. Katta bal va ziyofatlarda xonimlar bunday noyob sumka va hamyonlarini ko‘z-ko‘z qilib maqtanishardi. Ularning bir lahzalik quvonch va kibri uchun esa bu sohillarda yashayotgan begunoh timsohlar tutilib, terilari shilib olib ketilgan.
Aytishlaricha, bu jonivorlarning Janubiy Amerikada yashovchi ashaddiy ovchisi Don Pedro timsohlar oroli haqida eshitib halovatini yo‘qotadi. U Amazonka sohillarida timsoh ovlab nom chiqargan va bu xatarli ishni o‘ziga kasb qilib olgan edi. Pedro ko‘zlagan manziliga yetib kelib, mahalliy aholi orasidan ikkita qaroqchi ovchini yollaydi va ularni tunda ov qilishga ko‘ndiradi. Oqshom cho‘ka boshlagach, baliq va nimtalangan buyvol go‘shtini sotib olib sohil tomon yo‘l olishadi. Ovchilar har ehtimolga qarshi shishaga to‘ldirib olingan buyvolning qoni ham ish berib qolishini unutmagan edilar. Xo‘raklarni sohil bo‘ylab joylab, shishadagi qonni ular ustiga sepib, qolganini suvga oqizishadi. Qon hidini sezgan katta timsoh suvdan chiqib, sohil tomon o‘rmalab kela boshlaydi. Uning ortidan bolalari ham sohilga chiqadi. Bexosdan ustiga tashlangan to‘rdan talvasaga tushgan timsohning hujumga o‘tmasligi uchun darhol tumshug‘i bog‘lanadi. Ona timsoh o‘zini emas, bolalarini qutqarish uchun tipirchilar, beayov tushayotgan tayoqlar zarbidan hushidan ketgudek bo‘lardi. Pedro esa o‘zini unutib, tobora vahshiylashib borardi. Hamrohlari ham undan cho‘chiy boshlashadi. Holdan toygan timsoh dengizga tikiladi, u go‘yo to‘lqinlar bilan vidolashayotgandek edi. Ovchilar ona timsohning ko‘z o‘ngida bolalarining terisini shilishadi. So‘ng ishni tamomlab ortlariga qaytadilar. O‘z ishidan mamnun ovchi Pedro yana bir-ikkita timsoh tutish ilinjida orolda qoladi. Shu kecha tushida narigi sohilda turgan xotini va bolalari uni yoniga chorlaydi. U bolalari, oilasi sog‘inchini his qila boshlaydi. Ko‘nglidagi xavotir uni bu yerdan tezroq ketishga undaydi. Safar xaltasiga bir necha timsoh terilari va zarur narsalarini soladi. Otni aravaga qo‘shib, bandargoh tomon yo‘lga tushadi. Pedro topgan puliga rancho sotib olib, qolgan umrini dehqonchilik bilan o‘tkazish haqida xayol surardi. Bir payt irmoq suvlariga yaqinlashganda ot depsinib, old oyoqlarini dast ko‘tarib ortga tashlaydi. Aravadan uchib tushgan Pedro hali nima bo‘lganini anglab yetmay, bemavrid tushgan qattiq zarbadan yer tishlab qoladi. U og‘riq azobidan ingrab yuboradi va asta ko‘zini ochib ro‘parasida oppoq timsohni ko‘radi. Timsoh uni tomog‘idan tishlab ko‘kka ko‘taradi va yerga zarb bilan uradi...
Baliqchilar ertalab sohilda tilka-pora qilingan ajnabiy ovchining tanasini topishadi.
Qosimjon SO‘PIYEV, "Mahalla" telekanali telejurnalisti
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.