loading...

Belida “Belbog’i” bor sayyora 

7275

Ketma-ketlikda hisoblasak, u Quyoshdan olti sayyora narida «suzib yuradi». Kattaligi bo‘yicha Yupiterdan keyingi o‘rinda turadi. U yerda yashashning, biologik tiriklikning mutlaqo imkoni yo‘q: u qatori Yupiter, Uran va Neptun gazli gigantlar sanaladi. Saturn qadimgi Rim xudosi sharafiga nomlangan, ramzi esa o‘roq — mehnat asbobi.

Manbalarda keltirilishicha, Saturn atmosferasining asosiy tuzilishi vodorod (96 foiz), geliy (3 foiz), metan (0,4 foiz), deyterid vodorod hamda ammiak (0,01 foizdan), etan (0,0007 foiz)dan iborat. Ichki qismida tog‘ jinslari hamda muzlikdan tuzilgan unchalik katta bo‘lmagan yadrosi, yupqa metall qavati bilan o‘ralgan vodorod va gazsimon moddalar mavjud ekan. Sayyorada shamol shunaqangi qattiq esarkanki, aql bovar qilmaydi: soatiga 1800 kilometr! Bunday tezlikdagi shamol maksimal darajada odamni ham istalgan joyiga itqitib yuborishi turgan gap.

Astronomik asboblar bilan kuzatganda, Saturn halqali tizimga ega ekani, ya’ni «belida belbog‘i bor»ligi shundoqqina ko‘rinib, sezilib turadi, halqalar asosan muz parchalari, qisman tog‘ jinslari va olovli jismlardan tashkil topganki, go‘yo ular o‘z bag‘rida juda katta boylikni saqlayotgan hududni qo‘riqlayotgan soqchilarni yodga soladi.

Sayyora atrofida bizga ma’lum bo‘lgan 61ta yo‘ldosh aylanib yuradi. Titan — ular ichida eng yirigidir, u Quyosh sistemasidagi ikkinchi raqamli yo‘ldoshdir. Bu borada birinchi o‘rinni Yupiterning «qarindoshi» — Ganimedga berishgan.

Biz sayr etayotgan sayyora Quyoshdan oz emas, ko‘p emas, 1 433 531000 kilometr olisdadir. U Quyosh atrofini o‘n ming yetti yuz ellik to‘qqiz kunda bir marotaba aylanib chiqadi. Shuni uch yuzu oltmish to‘rtga bo‘lsak, bizning vaqt hisobida salkam o‘ttiz yil aylanishi ma’lum bo‘ladi. Demak, oltmish yoshga to‘lgan yerlik odam Saturnda endigina ikki yoshga to‘lgan go‘dak hisoblanar ekan.

Saturnning ekvatorial radiusi taxminan 60 300 kilometrga teng, qutbidan qutbigacha bo‘lgan radius esa 54 000 kilometr masofani ortda qoldiradi. Uning vazni ham o‘z jussasiga yarasha, soddaroq qilib tushuntirganda, bizning Yerdan to‘qson besh marotaba og‘irroq, lekin u o‘z o‘qi atrofida 10 soatu 34 daqiqa va 13 soniyada aylanib ulguradi. Shu o‘rinda, uning bizning «engilgina» Yerdan ikki marotaba tezroq harakatlanayotganiga qoyil qolmay iloj yo‘q.

Inson aqlu zakosini qarang, hali u tomonlarga qadamimiz yetmasidan (ehtimol, kelajakda buning imkoni topilar) sayyoralarning bor-budini o‘rganishga, tadqiq etishga bo‘lgan ishtiyoq, qiziqish tahsinga loyiq. Qanday qilib 1609-1610-yillarda mashhur olim Galileo Galiley Saturnni teleskop orqali ko‘rib o‘rganganini, holatini chizganini tushunish mushkul. Bugungi zamonaviy uskunalar yordamida hisoblangan Saturnga xos belgilar ham Galileyni deyarli inkor etmasligi juda hayratlanarlidir. Qanday qilib bunday olamshumul yangilikni amalga oshirish mumkin?! Bunga birgina intuitsiyaning o‘zi kamlik qiladi, axir. Biz nimalarning evaziga butun Yer shari bir chekkada qolib, koinotni, gallaktikani idrok etish darajasiga ko‘tarilyapmiz?

Ana shu savollarga javob izlab, sayohatimizni davom ettiramiz. (Javobni esa birgina urinish, jo‘ngina «sayr» orqali topish mubolag‘adan boshqa narsa emas). 

To‘g‘ri, Galiley Saturnning halqalarini xira ko‘rgani uchun ham boshida «sayyora sherik»lari tarzida ifodalagan.

Oradan ancha yil o‘tib, 1659-yili Gyuygens nisbatan aniqroq va kuchliroq teleskopidan foydalanib, Saturnni to‘laroq, aniqroq kashf etdi. U Galileyning juz’iy kamchiliklarini ham to‘g‘rilab qo‘ydi. Saturnning halqalar bilan o‘ralganini va uning eng katta yo‘ldoshi Titanni fanga ma’lum qildi. Undan keyin bu mavzuga 1675-yildan boshlab Kassini qiziqa boshladi va Saturnni ikkita, bir-biridan ajralib turuvchi halqalar o‘rab turishini aniqladi. Gyuygens ocholmagan sayyora yo‘ldoshlarini topib o‘rgandi.

Aytish mumkinki, XX asrga qadar Saturn turli astronomlar, olimlar nigohida qayta-qayta o‘rganilib, yangi-yangi bilimlar bilan boyib keldi. Borliqni tobora aniqroq, yaqinroq anglashga urinayotgan ilm ahli imkoniyatlari yildan-yilga takomillashib, kengayib bordi. 1979-yili insoniyat tarixida birinchi marta «Pioner-11» fazoviy apparati sayyoraga yaqin borib, Yerga axborot uzatishga kirishdi. Keyinchalik esa «Voyajer-1» (1980 yil) hamda «Voyajer-2″ (1981-yil) kosmik apparatlari tadqiqot vositasiga aylantirildi. Bu moslamalarning eng katta xizmati shunda bo‘ldiki, ular Saturnning magnit maydoni va unga tegishli ma’lumotlarni, atmosferasi tavsifini bilishda, halqalarini yaqinroq tadqiq etishda, ularning tarkibini, tuzilishini o‘rganishda asqotdi.

1990 yilga kelib esa dunyoni qalqitgan, lol qoldirgan o‘sha mashhur teleskop — «Xabbl» tadqiqot markaziga tortildi. U undan oldingi apparatlar aniqlay olmagan yangiliklar bilan tanishishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1997-yili Saturnga uchirilishi kerak bo‘lgan Kassini-Gyuygens fazoviy apparati yaratildi, biroq u ma’lum sabablarga ko‘ra, 2004-yili 1-iyulda ko‘kka parvoz qildi. Bu harakatdan ko‘zlangan maqsad: halqalar hamda yo‘ldoshlar strukturasi, dinamikasini teranroq anglash, atmosferasi va magnitosferasi haqidagi umumiy bilimlarni boyitishdir. Xabaringiz bo‘lsa kerak, «Gyuygens» zondi (Qurilma-soyabon)ni mutaxassislar Titanga parashyut yordamida tushirishga muvaffaq bo‘lgani ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilingandi.

Hozirgacha aniqlangan yo‘ldoshlarning kattagina qismi, 21 tasi 2004-2006-yillar ichida Gavay universiteti olimi Devid Juitta boshchiligidagi guruh tomonidan topildi.

Hozirgi bilimlarga tayansak, Saturnning ikkita emas, naq to‘rtta (asosiy uch halqa va to‘rtinchisi biroz yupqaroq) gazsimon gigant halqasi bor. Yana ularning atrofida parallel ravishda milliardlab mayda halqachalar aylanadi. Halqalar sayyoraning o‘z o‘qiga ko‘ra rostlagan «tana»siga nisbatan 28 gradus burchak ostida oqqan ko‘yi harakatlanib turadi. Ular turli ranglarda, turlicha qiyofadaki, Kotibi qudratning bemisl yaratuvchanlik qobiliyatiga yana bir karra lol qolamiz. Bu ranglar sayyoraga ham sochilib ketganidan, allaqanday rangli sayyora tomosha qilayotgandek sezasiz o‘zingizni. Halqalarning umumiy diametri taxminan 250 000 kilometr, biroq ular juda yupqa, bitta qatorga tizsak, har birining radiusi 50 kilometrdan ortmaydi. Saturn atrofida girdikapalak bo‘layotgan halqalarni badiiy tasvirlasak, ularni koinot kuyi va tarovatini taratayotgan gramplastinkaga o‘xshatish mumkin.

O‘tgan yili oktyabr oyida «Kassini» fazoviy apparati Yerga sayyoraning shimoliy yarimshari tushirilgan suratni havola qildi. Allaqanday rangli tasvirlar, kamalak rangida tovlanuvchi ko‘rinishni olimlar haligacha tushunmayroq turishibdi. Saturn bulutlari oltiburchakli — antiqa, ertaklar olamini yodga tushiradi. Bundayin holatni, nujum ilmi mutaxassislarining ta’kidlashicha, Quyosh sistemasidagi boshqa birorta sayyorada kuzatib bo‘lmas ekan. Axir biz ko‘rgan, osmonimiz uzra suzib yurgich oddiy bulutlarda ham burchak yo‘q-da.

Britaniya astronomlari Saturn yarimshari atmosferasida g‘ayritabiiy shu’la taralishini aniqlaganki, bu haqdagi ma’lumotlar bilan http://www.atlasaerospace.net manbasi yordamida yaqinroq tanishishingiz mumkin bo‘ladi.

2008-yili 12-noyabr kuni Kassini nomidagi fazoviy kema Saturnning shimoliy qutbiga xos bo‘lgan infraqizil diapazonning tasvirini tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu tasvirlar ham boshqa sayyoralarda uchramaydigan nurlar, yog‘dular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan aqlni shoshirib qo‘yadi. Suratlarning juda katta qismi ko‘k rangda, yuqori qismi qizil rangda ko‘zga tashlanadi. Yarimshar yog‘dusi butun qutbni qamrab olgan. Sayyoraning o‘z husni halqalaridagi rang-baranglik bilan uyg‘unlashib, go‘zal samoviy hodisani vujudga keltirgani ajablanarlidir.

Hadsiz koinot bo‘ylab sochilib yotgan milliardlab yulduzlar orasida yaqqol ajralib turuvchi Saturn mashhurligi jihatdan bugungi kunda Marsdan keyingi o‘rinda turadi. Uni o‘rganishga, tadqiq etishga bo‘lgan kuchli rag‘bat hali-hamon so‘nmagan. Uning sirli halqasi va shu «belbog‘» ortiga yashiringan kattagina ilm sandig‘ini ochishga urinayotgan insoniyat zakovati, tafakkuri tobora manzil sari yaqinlashayotgan karvonni eslatsa-da, voqealar rivojini hamma qatori diqqat bilan kuzatishdan bo‘lak choramiz yo‘q.

Sizlar bilan vaqti-soati kelib, balki Saturnning yana boshqa jihatlari, ayricha qirralari haqida gaplasharmiz. Axir, biz sayr qilishimiz, o‘rganishimiz talab etilgan o‘ziga xos Saturn falsafasiga yetib borish naqadar farahbaxsh.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash