loading...

24-iyun kuni Yer aholisi Sayyoralar paradini kuzatishi mumkin bo‘ladi 

2073

24-iyun kuni Yer aholisi noyob hodisa — Sayyoralar paradini kuzatishi mumkin bo‘ladi. Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn — aynan shu tartibda — osmonda bir safga tiziladi. Sayyoralar paradini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi, deb xabar bermoqda Star Walk.

Astronomlar ta’kidlashicha, bu yilgi Sayyoralar paradi eng tomoshabop bo‘lishi kutilmoqda. Aslida bu hodisada beshta emas, naq yettita sayyora qatnashadi — Neptun va Uran ham samoviy paradga qo‘shiladi. Ammo ushbu ikki sayyora uzoqda joylashgani va xira bo‘lgani uchun oddiy ko‘zga ko‘rinmaydi.

Kuzatuvni tong otishiga bir soat qolganida boshlash mumkin. Sayyoralar Sharqdan Janubga qarab bir-biridan uzoqda joylashadi (janubiy kengliklarda Shimoldan Sharqqa qarab). Janubiy yarim shardagilar ustunlikka ega bo‘ladi — ular uchun sayyoralar ufqdan ertaroq ko‘tariladi va ancha balandroqda joylashadi.

Venara va Mars o‘rtasida joylashadigan yarim oy qo‘shimcha bonusga aylanadi. Oy iyun oxiriga qadar sayyoralar oralig‘idagi o‘rnini birma-bir o‘zgartirib boraveradi.

Osmonda sayyoralarni osonlik bilan topib olish uchun Star Walk 2 yoki Sky Tonight kabi astronomik ilovalardan foydalanish mumkin. Ularni telefonga o‘rnatib, mobil qurilmangizni osmonga qarating, shunda ilova ko‘rinib turgan obyektlar nomlarini ko‘rsatadi.

Sayyoralar paradi degan ilmiy atamaning o‘zi yo‘q, ammo Quyosh tizimidagi sayyoralar Yerdan qarab turgan odamga nisbatan osmonning bitta qismida bir chiziqda saf tortishi hodisasini atashda astronomiyada keng qo‘llaniladi.

Qayd etilishicha, oxirgi marta sayyoralarning to‘liq paradi 2020-yil 4-iyulda kuzatilgan. Navbatdagi katta parad esa 2040-yil 8-sentabrga to‘g‘ri keladi, deb ma’lumot bermoqda NASA.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.