Rasadxona nima?
Bundan necha ming yillar muqaddam munajjimlar Quyoshni, Oyni va yulduzlarni o’rganish uchun Misr ehromlaridan, minora va ibodatxonalardan foydalangan bo’lsa ajab emas. Albatta, u vaqtlar odamlar teleskop nimaligini bilishmagan. Vaqt o’tishi bilan astronomik asboblar yaratildi, asboblarning o’lchami va miqdori ortib borgani sayin ularni joylashtirish uchun rasadxonalar qurila boshladi. Ba'zi rasadxonalar qurilganiga ming yildan oshiqroq vaqt bo’ldi. Avvalo, rasadxona quriladigan joyni tug’ri tanlash lozim edi. U yerda ob-havo sharoitlari qulay, temperatura mo’tadil; quyoshli va bulutsiz kunlar ko’p, tuman, yomg’ir va qor imkon qadar kam bo’lishi talab etilar edi. Bu joy osmonni kuchli yoritadigan va kuzatish ishlariga xalal beradigan shahar chiroqlari va neon reklamalaridan uzoqroq bo’lishi darkor. Teleskoplar bilan bir qatorda uy-joyi ham bor binolar mavjud. Bunday binolarda asboblar po’lat va beton konstruksiyasiga o’rnatiladi. Teleskop o’rnatiladigan bino ikki qismdan iborat bo’ladi. Uning quyi qismi harakatsiz, yuqori qismi — tomi esa aylanishi mumkin bo’lgan gumbaz shaklida bo’ladi. Gumbazning teleskop osmonga qarashi mumkin bo’lgan «tirqishi» bo’ladi. Gumbaz aylangani sababli bu tirqish osmonning istalgan yo’nalishi tomon ochilishi mumkin. Gumbaz ham, teleskop ham elektromotor yordamida harakat qiladi. Zamonaviy laboratoriyada munajjim teleskopni aylantirishi uchun bir necha tugmachani bosishi kifoya. Albatta, munajjim doimo yulduzlarni kuzatib turishi uchun okulyar (optik asbobning ko’zga tutib qaraladigan tomondagi shishasi) birda bo’lishi, boz ustiga, o’sha yerga fotoapparat o’rnatilgan bo’lishi lozim. Shuning uchun ayrim rasadxonalarda pol balandga ko’tariladi yoki pastga tushiriladi, ba'zi hollarda esa u yerga sozlanadigan platforma o’rnatiladi. Munajjimlar osmonni faqat ko’z bilangina kuzatmaydi. Ularda teleskopga tirkaladigan fotoapparat, spektroskop, spektrograf va spektrogeliograf singari ko’plabmurakkab asboblar va moslamalar ham bor. Bu asboblar ularni muhim ma'lumotlar bilan ta'minlaydi.
SPEKTR KOINOTNI O’RGANISH UCHUN QANDAY YORDAM BERADI?
Ma'lumki, spektrning o’zinigina o’rganish ham munajjimlarga bizdan milliardlab millar narida bo’lgan yulduzning tarkibini, unda qanday elementlar mavjudligini bilib olish, yulduz temperaturasini o’lchash, harakat tezligini hisoblab chiqish va bu harakat Yerga tomon yoki Yerdan nariga yo’nalganini aniqlash imkonini beradi. Spektr oq nurning prizmadan o’tayotib, sinishi natijasida hosil bo’lgan chiziqlardir. Spektrda turli ranglar hosil bo’lishidan tashqari, yuzlab parallel chiziqlar joylashgan bo’ladi. Ular «fraungofer chiziqlari» deb ataladi. Bu chiziqlarni Fraungofer kashf etgan. Gaz yoki bug’ holatidagi har bir kimyoviy element spektrda o’z chiziqlari birikmasiga ega. Nurlanish darajasiga qadar qizitilgan element bu chiziqlarni yorug’likdan yutib oladi. Buning ma'nosi shuki, mutaxassis har qanday moddaning, u qanchalik masofada bo’lishidan qat'i nazar, tarkibini aniqlay oladi. Har bir element boshqa bir elementning spektridan farq qiladigan o’z «qoramtir chizig’i» yoki yutish spektriga ega. Fizik o’rganilayotgan material spektrini ma'lum elementlarning spektri bilan solishtirib, u nimadan iborat ekanini aniqlashi mumkin. Boshqacha aytganda, har bir elementning yorug’lik surati ko’rinishidagi «barmoq izlari» bor. Munajjimlar, temperatura elementning spektr chiziqlari holatini o’zgartirishi mumkinligini hisobga olib, bizdan milliardlab millar olisda bo’lgan yulduzlar temperaturasi haqida ham ko’p narsani aytib berishlari mumkin. Yulduzlar biz tarafga qarab harakatlanayotganda, spektr chiziqlari spektrning binafsharang qismiga tomon o’zgara boradi. Agar yulduz bizdan uzoqlashayotgan bo’lsa, chiziqlar spektrning qizil rangi tomon o’zgara boradi. Olimlar ranglar o’zgarishiga qarab, ayrim yulduzlar fazoda sekundiga 150 mil tezlik bilan harakat qilishini hisoblab chiqishdi.
RADIOTELESKOP NIMA?
Dunyodagi ilk teleskopni gollandiyalik optika mutaxassisi Hans Lippertey yasagan edi. Ammo unga qadar turli olimlar, XIII asrdan boshlab, kattalashtirib beruvchi linzalar yordamida tajribalar qilib ko’rishgan. O’ta qashshoq kun kechirgan Lipperteyning kashfiyoti hyech kimga ma'lum bo’lmay qolib ketdi. Oradan bir yil o’tib o’z teleskopini yasagan italyan olimi Galileo Galiley uning ixtirochisi degan nom oldi. U juda qo’pol va jo’n asbob edi: Galiley teleskoplari orasidagi eng kuchlisi narsalarni 33 marta kattalashtirish quvvatiga ega bo’lib, osmonning faqat kichik (Oyning to’rtdan bir qismicha) bo’lagini kuzatish imkonini berar edi. Shunga qaramasdan, Galiley buyuk kashfiyot yaratdi: u birinchi bo’lib Saturn — Zuhalning halqalarini, Yupiter — Mushtariyning to’rtta yo’ldoshini topdi va Oydagi tog’lar va kraterlarni ko’rdi. Bugungi kunda Galiley o’z kashfiyotida qo’llagan asbobdan teatr durbinlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi, chunki teatrda durbinlardan na narsalarni ko’p marta kattalashtirish, na keng ko’rish maydoni talab etilmaydi. Ammo teleskoplar Galiley zamonidan beri keskin o’zgarib ketdi. Elektronika asri kelishi bilan bunday asbobning mutlaqo yangi turi — radioteleskop ixtiro qilindi. Ilk radioteleskop Ikkinchi jahon urushi tugaganidan ko’p o’tmay yaratildi va shundan beri u tinimsiz mukammallashtirib borilmoqda. Bu asbob nimasi bilandir, bizning ko’zlarimiz yulduzlar taratayotgan yorug’lik to’lqinlarini ko’rganiday, yulduzlardan chiqayotgan radioto’lqinlarni «ko’radigan» ulkan ko’zni eslatadi. Teleskopning katta likopchaga o’xshaydigan, diametri bir necha metrlik oynasi radioto’lqinlarni tutadi. Uning oddiy teleskoplarga nisbatan beqiyos afzalligi shundaki, juda zaif yorug’lik chiqaradigan yoki, umuman, chiqarmaydigan yulduzlar va galaktikalarni ham izlab topish quvvatiga ega. Vaholanki, o’ta zamonaviy optik asboblar ham bunga qodir emas. U bepoyon fazoni qoplab yotgan gaz to’plamlari yoki kosmik changlarni ham yorib o’ta oladi. Shuningdek, undan har qanday ob-havo sharoitida foydalanish mumkin, chunki radioto’lqinlar Yer atmosferasidagi bulutlarni osonlik bilan yorib o’ta oladi. Kosmosdan kelayotgan radioto’lqinlar teleko’rsatuv va radioeshittirishda qo’llaniladigan to’lqinlarga nisbatan juda qisqadir. Shuning uchun ham radiomunajjimlar bunday to’lqinlarni tutish uchun maxsus radiomoslamalar va antennalar o’rnatishadi. Antenna — ulkan metall tarelka. Uni osmonning har qanday burchagiga burish qulay bo’lishi uchun tepalikka o’rnatiladi. Antenna tutadigan radioto’lqinlar juda zaif bo’lgani uchun signallarni kuchaytirish zarurati tug’iladi. Munajjimlar, odatda, radioto’lqinlarni qog’ozga yo'zib borishadi. Maxsus yozuv moslamasi signallarni to’lqinli chiziq shaklida qog’ozga qayd etib boradi. Olimlar shu tariqa o’z kuzatishlarini doimiy suratda yozib borishadi. Oddiy teleskopdan farqli o’laroq, radioteleskop har qanday ob-havo sharoitida ham ishlay oladi va uni qit'aning istalgan nuqtasiga o’rnatish mumkin. Buning uchun tepalik bo’lishi shart emas Amerikalik bir olim diametri 300 metrlik eng katta radioteleskoplardan birini Puerto-Rikodagi so’ngan vulqon krateriga o’rnatdi. Yana aylanasi bo’ylab harakatsiz elementlar joylashtirilgan, diametri 600 metrlik o’ziga xos radioteleskop 1976-yili Shimoliy Kavkazda o’rnatilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.