Sh - harfiga oid izohli lug`atlar
Shabnam- iliq havo kirib kelganda sovuq predmetlar (o`t, bo`ta,
daraxt, tosh va b.) sirtida hosil bo`ladigan suv pardasi. Havo harorati 0
darajadan past bo`lganda muz pardasi hosil bo`ladi.
Shamol- havoning yuqori bosimli joylardan past bosimli joylarga gorizontal yo`nalishdagi
harakati. Shamol qaysi tomondan
esishiga qarab nomlanadi. Bosimlar orasidagi farq qancha katta bo`lsa,
shamol ham shuncha kuchli bo`ladi. Shamolning yo`nalishi va tezligi asboblar
yordamida aniqlanadi va Bofortning xalqaro shkalasi bo`yicha 0 dan 12 gacha
ballar orqali baholanadi.
«Shamol
guli» - muayyan vaqt davomidagi shamollarning yo`nalishi to`g`risida
yaqqol tasavvur beradigan diagramma. «Shamol guli»
chizish uchun markaziy nuqtadan gorizont rumblari bo`ylab
to`g`ri chiziqlar tortiladi. Har bir chiziqning uzunligi shu yo`nalishdagi
shamolning takrorlanishiga to`g`ri proporsionaldir; shundan so`ng chiziqlarning
uchi birlashtiriladi.
Shamol kuchini aniqlash uchun Bofortning xalqaro shkalasi
Ballar | Sekundiga, metr | Shamol tavsifi |
---|---|---|
0 | 0 - 0,5 | Shtil, tinch havo |
1 | 0,6 - 1,7 | Sekin |
2 | 1,8 - 3,3 | Yengil |
3 | 3,4 - 5,2 | Kuchsiz |
4 | 5,3 - 7,4 | O`rtacha |
5 | 7,5 - 9,8 | Xunuk |
6 | 9,8 - 12,4 | Kuchli |
7 | 12,5 - 16,2 | Qattiq |
8 | 15,3 - 18,2 | Juda qattiq |
9 | 18,3 - 21,5 | Dovul |
10 | 21,6 - 25,1 | Kuchli dovul |
11 | 25,2 - 29,0 | Ashaddiy dovul |
12 | 29,0 dan ortiq | To`fon |
Sharlavuq -
daryo, jilga va soylarning tezoqar joylari. Daryolar qattiq, tub jinslarni kesib o`tgan joylarda chuqurlatish eroziyasi
kuchsiz bo`lib, o`zan keng va sayoz bo`ladi. Daryo bunday joylarda tez oqadi.
Shartli yoqilg`i -
issiqlik berish quvvati 7000 kkal/kg
ga baravar deb qabul qilingan yoqilg`i. Shartli yoqilg`i turli yoqilg`ilarning issiqlik
quvvatini taqqoslashga imkon beradi.
Sharshara -
daryo suvining o`zandagi jarliklar otilib tushishi. Bunday jarliklar qattiq jinslardan tuzilgan joylarda
vujudga keladi. Qator sharsharalar kaskad
deyiladi. Eng mashsur sharsharalar Shimoliy Amerikadagi Niagara (51 m),
Janubiy Afrikaning Zambezi daryosidagi Viktoriya (120 m);
Sharqirama- sharshara so`zining sinonimi;
Shax(shax qatlam)- tuproqning ortiqcha nam sharoitda
ma’lum chuqurlikda vujudga keladigan zich qatlami. Og`ir tuproqlarda
ko`p uchraydi. Suvning shimilishiga yo`l qo`ymay, tuproqning botqoqlanishiga sabab bo`ladi.
Shaxta- yer osti ishlariga xizmat qilishga mo`ljallangan vertikal yoki qiya teshik (quduq). Shaxta tegishli qurilmalar
bilan jihozlangan bo`ladi. Ba’zi bir shaxtalarning chuqurligi bir necha km
ga yetadi. Yer ostidan qazilmalar chiqaradigan mustaqil korxonalar ham shaxta
deyiladi.
Shag`al– tog` jinslarining
oqar suv yoki dengiz to`lqini ta’sirida silliqlangan parchalari. Kattaligi 2-10
sm bo`lgan silliq toshlar yirik.
Shag`al 2-20 mm bo`lganlari mayda shg`al
deyiladi.
Shahar- aholisi asosan sanoat va savdo, shuningdek maishiy
xizmat ko`rsatish, boshqaruv, fan, madaniyat shoxobchalarida mashg`ul bo`lgan
yirik aholi punkti. Aholi
punktlarining shahar kategoriyasiga o`tkazilishi asosan aholining soni va mashg`uloti,
sanoat korxonalari va davlat uy-joy fondining mavjudligi, savdo va umumiy ovqatlanish,
maktab, sog`liqni saqlash, kommunal xo`jalik va maishiy xizmat korxonalari hamda
madaniy-maishiy xizmat muassasalari tarmoqlarinnng rivojlanganligiga bog`liq.
Shahar atrof xo`jaligi -
shahar yoki sanoat markazi yaqinida joylashgan va shahar aholisini tez
buziladigan oziq-ovsat mahsulotlari (sabzavot, kartoshka, ho`l meva, sut, tuxum
va h.k.) bilan ta’minlashga ixtisoslashgan qishloq xo`jaligi korxonasi. Shaharni
o`rab turgan va u bilan o`zaro aloqada bo`lgan hudud shahar
atrof zonasi deyiladi.
Shelf(inglizcha) - dunyo okeani tubining qirg`oqqa yaqin qismi;
Shelf muzligi -
materikdan dengizga surilib tushib, taxminan qirg`oq sayozligigacha yetib
borgan muzlik.
Shiblyak - O`rta
dengiz bo`yidagi o`lkalardagi va MDHning ba’zi bir joylaridagi bargini to`kadigan
past bo`yli bo`ta va o`tlardan iborat chakalakzorlar. Bunday bo`tazorlarda qoratikan,
na’matak, do`lana, grebennik va boshqalar o`sadi. Odatda ular kesib yuborilgan o`rmonlar
o`rnida paydo bo`ladi.
Shlyuz(gollandcha shlyuz, lotincha ekshlyudo -
ushlab turaman, bo`laman) - sahi turlicha bo`lgan suv havzalarining biridan
ikkinchisiga kema yoki sol o`tkazishga xizmat qiladigan gidrotexnik inshoot. Shlyuz daryolarga, kanallarga va
dengiz portlariga quriladi. Shlyuz kema bemalol sig`adigan bir necha shlyuz
kamerasidan iborat. Shlyuz kamerasining ikki tomonida temir darvoza bor. Kema shlyuzidan
o`tayotganda ikki yonma-yon kamera suvi sathi tenglashtiriladi; kema bir
kameradan ikkinchi kameraga o`tgandan so`ng orqadagi darvoza yopiladi; shundan
so`ng shlyuzdagi suv kema kirishi kerak bo`lgan kamera suv sathi bilan
baravarlashtiriladi, shundan so`ng kema shlyuzdan chiqadi; necha kamera bo`lsa, shu taqlidda davom etadi. Shlyuzdagi
suv sathi devorlardagi maxsus quvurlar orqali suv oqizilib yoki kuchli nasoslar
yordamida haydab ko`tariladi yoki pasaytiriladi.
Shovva -
daryo suvi tepadan otilib tushadigan joy.
Shovush - daryolarda
katta-kichik muz parchalarining oqishi. Daryolarda kuz va bahorda, O`rta Osiyo
daryolarida qishda ham shovush oqadi. Daryo kuzda muzlash oldida unda muz
parchalari bilan birga ho`l qor, qilamiq oqadi, bahorda suv ko`payishi va haroratning
ko`tarilishidan muz parchalanib, oqa boshlaydi.
Shottlar -
Afrikada tektonik botiqlarda joylashgan sho`rxok tekisliklar.
Shtil -
umuman shamol bo`lmaydigan yoki salgina shabada esib turadigan payt. Odatda
antitsiklonning ichki qismlarida bo`ladi.
Shug`a -
kuzda, qishda suv muzlashi oldidan suvda oqadigan g`ovak muz parchalari. Ular
yumshoq muz, qilamiq va o`zan osti muzlaridan hosil bo`ladi. Suv yuzasida
ivigan qorga o`xshab oqadi.
Shxeralar –
to`rtlamchi davr muzliklari bosgan joylardagi dengiz va ko`llarning juda parchalanib
ketgan qoyali qirg`oqlari yaqinida uchraydigan qoyali kichik- kichik orollar.
Baltika, Shimoliy, Norvegiya dengizlarida, Kanada Arktika arxipelagida ko`p
uchraydi. Bunday orollar ko`pincha qadimgi
kristallashgan tog` jinslaridan
iborat bo`ladi.
Sho`r –
qurg`oqchil o`lkalarda yerning pastqam joylarida minerallashgan yer osti
suvlarining chiqishi, ko`llarning yozda qurib qolishi
natijasida tuproqda xlorid va sulfat
tuzlarining yig`ilishidan hosil bo`ladigan botqoq, sho`r yer.
Sho`rtob - tarkibida tuz (asosan osh
tuzi) ko`p bo`lgan tuproq; tuzlar tuproq eritmasi yoki yer osti suvi orqali
to`planadi. Sho`rtob ko`proq sho`rxokning yomg`irdan
yuvilishi va yer osti suvlarining pasayishidan kelib chiqadi. Oqibatda yuza qatlamdagi
tuzlar quyi qatlamlarga tushib
ketadi. Sho`rtobda o`simlik siyrak shuvoq, sho`ra o`sadi. Ekin ekish uchun
yuviladi, gipslanadi, chuqur haydab, ko`p yillik o`tlar ekiladi. Afrika, Osiyo,
Janubiy Amerika va Avstraliyaning dasht, chala cho`l va cho`l zonalarida,
shuningdek shimoliy Qrim va O`rta Osiyoda orollar kabi uchraydi. Sho`rxoklarni
o`zlashtirish uchun yuvish va yer osti suvi sathini pasaytirish kerak bo`ladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.