loading...

O`zbekistonda geografik nomlarning o`rganilishi 

3813

Mamlakatimizda so'nggi yillarda geografik nomlarni o'rganishga alohida e'tibor berilmoqda. Jumladan, ushbu masala mamlakatimizda ustuvor vazifalardan biri sanalib, davlat miqyosida turli qonun va qarorlar qabul qilinmoqda. Chunonchi, 2011-yil 12-oktyabrda "Geografik ob'ektlarning nomlari to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun O'zbekistondagi geografik nomlarni normallashtirish, standartlashtirish (qat'iylashtirish), geografik ob'ektlarga nom berish va ularning nomlarini o'zgartirish, geografik nomlarning davlat reestrini tuzish, nomlardan foydalanish, to'g'ri yozish va, nihoyat, geografik nomlar bo'yicha ilmiy tadqiqotlar o'tkazish uchun asosiy me'yoriy hujjat hisoblanadi.
 
Ushbu qonun to'rt bob va 24 ta moddadan iborat. Qonunda geografik ob'ektlarning nomlariga qo'yiladigan talablar, geografik ob'ektlarning nomlarini belgilash, tumanlar, shahar va viloyatlarga nom berish, ularning nomlarini o'zgartirish, aholi punktlari, tabiiy ob'ektlar, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob'ektlarini nomlash va ularning nomlarini o'zgartirish, bu xususda komissiya tuzish, geografik ob'ektlar nomlarining davlat reestri, ulardan foydalanish, nomlarni saqlash, geografik ob'ektlarning nomlari masalasini moliyalashtirish masala-lariga katta e'tibor qaratilgan. Mazkur qonunning qabul qilinishi bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritilgan.
 
2012-yil 16-oktyabrda "Geografik ob'ektlarning nomlari to'g'risida” gi Qonunga muvofiq geografik ob'ekt-larning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqidagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 295-sonli qarori e'lon qilindi. Qarorda asosan mamlakatimizda geografik ob'ektlarni nomlash va qayta nomlash masalasiga jiddiy e'tibor berilgan. Unga muvofiq, geografik ob'ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo'yicha Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tuzildi. Mazkur komissiyalarga mamlakatimizdagi ko'pgina geografik ob'ektlarning nomlarini o'rganish, ularni nomlash va qayta nomlashga tegishli takliflar kiritish, tavsiya etilayotgan nomlarni geografik ob'ektlarning nomlari to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan davlat ekspertizasidan o'tkazish, ushbu masalalarni o'rganish jarayonida geografik ob'ektlarning tarixiy-madaniy meros, xalqimizning ma'naviy-etnik qadriyatlari bilan bog'liq nomlarni asrash, ularning asossiz qayta nomlashning oldini olish, geografik ob'ektlarni o'zbek xalqining milliy, madaniy an'analari va mintalitetiga yot bo'lgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yo'l qo'ymaslik kabi masalalarga alohida urg'u berilgan. Yuqoridagilarni inobatga olib, "Nomlar so'zlaganda” deb nomlangan rukn ochdik. Unda Siz geografik joy nomlari olamiga sayohat qilasiz: qator maqolalar bilan tanishish bilan birga nomlarning qanday ma'no anglatishini bilib olasiz.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash