Geografiya ta’limida suhbat usulidan foydalanish
O‘qituvchi suhbat davomida xarita va boshqa ko‘rgazmali qurollardan hamda
o‘quvchilarni ilgari olgan bilimlaridan foydalanadi.
Mazkur usulda o‘quvchilar bilimlarini boshqa metodlarga nisbatan
yaxshiroq o‘zlashtira olishadi. Ushbu
metodning afzal tomonlari shundaki, dars davomida o‘quvchilarni bilimlari
tekshirib boriladi. Shuning uchun suhbatni geografiya ta’limidagi yetakchi
metodlardan biri deyish mumkin. Lekin hamma darslarda ham ushbu metodni qo‘llab
bo‘lmaydi. Masalan, Quyosh tizimidagi sayyoralar, Yerning Quyosh atrofidagi
harakati, Beruniyning geografiya faniga qo‘shgan hissasi kabi bilimlarni suhbat
metodi yordamida o‘tib bo‘lmaydi. Suhbat metodini umumiy bilimlarni berib
bo‘lgandan so‘ng, ayrim materiklar geografiyasini o‘rganayotganda qo‘llash
mumkin. Masalan, Afrikaning iqlimi, Osiyoning relyefi, Janubiy Amirika
daryolari va h.k. Ya’ni o‘quvchilar zarur bilimlarni
egallab bo‘lgandagina ushbu metodni
qo‘llash mumkin. Ushbu metod ikki
turga bo‘linadi: katexezik
(savol-javob); evristik (keng ko‘lamdagi) suhbat.
Katexezik suhbat - Katexezik suhbatda
o‘qituvchining savoliga o‘quvchilar
qisqa va aniq javob beradi. Savol-javob
orqali geografik ma’lumotlar va
hodisalarning joylanishi haqidagi
bilimlar aniqlanadi. Masalan, Afrika bilan Yevrosiyoning chegarasi
qayerdan o‘tadi, qaysi kanal Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarini ajratib
turadi, faqat bitta yarim sharda joylashgan materik qaysi, maktabga 1800 azimutda borsangiz qaysi azimutda qaytib kelasiz
va h.k.
Katexezik suhbat eng oddiy suhbat turi bo‘lib xisoblanadi. Bunda
o‘qituvchining savollariga o‘quvchi
qisqa va aniq javob berishi shart. Katexezik suhbatda o‘qituvchining savollari
mantiqiy jihatdan bir-biri bilan
bog‘langan bo‘lishi mumkin va ular o‘quvchini qaysidir muammoni yechishga undamaydi. Masalan, Volga
daryosi qaysi ko‘lga (dengizga) quyiladi, Mariana cho‘kmasi qaysi okeanda joylashgan,
O‘zbekistonning eng past nuqtasi qaerda
joylashgan va h. k. Mazkur suhbat o‘quvchilarni bilim va ko‘nikmalarini tekshirish, o‘quv
materialini mustahkamlash va qisman takrorlash uchun qo‘llaniladi.
Evristik suhbat - Mazkur metod qo‘llanganda
o‘qituvchi o‘quvchilar oldiga ma’lum bir muammoli masalani qo‘yadi. So‘ngra
o‘qituvchi yordamchi savollar va ayrim
ma’lumotlarni eslatish yo‘li bilan
o‘quvchilarni ilgari olgan bilimlariga tayanib muammoni mustaqil hal
etishga undaydi. Bu yerda o‘qituvchi
o‘quvchilarni bilish faolligi ustidan
nazorat qiladi, savollar shunday
qo‘yilishi kerakki, berilgan javob asosiy fikrni isbotlashi va
shu fikrni davom ettirishi zarur. Masalan, Markaziy va Sharqiy
Osiyoda havo haroratining yillik farqi
qanday?, Markaziy va Sharqiy Osiyo yillik harorati farqining sababi nima?,
Iqlim diagrammasiga qarab Sharqiy Osiyoda yil davomida yog‘inning
taqsimlanishini aniqlang?, Yog‘in nima uchun ko‘p yog‘adi? Mazkur savollarga
o‘quvchilar javob berganlaridan so‘ng Markaziy va Sharqiy Osiyo iqlimlarining
turi aniqlanadi. Markaziy Osiyo iqlimi
quruq va o‘zgaruvchan, Sharqiy Osiyoniki esa nam.
Evristik suhbat katexezik suhbatga nisbatan murakkabroq. Evristik suhbat o‘tkazganda
o‘quvchilarga keng ma’noda gapirishga
imkon beriladi, bunda ular hayotiy tajribaga, qiyoslashga va fikrlashga
asoslanishadi. Evristik suhbat asosan
yangi o‘quv materialini o‘tishda
va umumlashtiruvchi takrorlashda
qo‘llaniladi.
Tabiiy geografiyaning boshlang‘ich kursida Evristik suhbat barcha mavzularni o‘rganishda
qo‘llanishi mumkin. Materiklar va okeanlar geografiyasida va jaxon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasida
Evristik suhbat quyidagi mavzularni o‘rganishda qo‘llanishi mumkin: materikni
yoki mamlakatni geografik
joylashishini aniqlashda; turli
o‘lkalar va mamlakatlar tabiiy sharoitining
asosiy xususiyatlarini o‘rganishda.
Har qanday suhbatning samarasi
o‘qituvchining savoliga bog‘liq. Shuning uchun darsga tayyorgarlik davomida
o‘qituvchi beriladigan savollarni o‘ylab ko‘rishi lozim.
Birinchi navbatda bir-biri bilan
mantiqan bog‘langan va bir-birini to‘ldiradigan, o‘quvchilar bilimiga tayanadigan va o‘quvchilarni xulosalar chiqarishga undaydigan savollar
tuzish lozim. Didaktik maqsadlarga ko‘ra suhbat 3 turga bo‘linadi: Kirish,
yangi bilimlarni o‘rganish, umumlashtiruvchi yoki yakuniy suhbat.
- kirish suhbati: maqsadi yangi bilimni puxtaroq o‘zlashtirish uchun
zarur bo‘lgan (ilgari o‘zlashtirilgan)
bilim va ko‘nikmalarni o‘quvchilar
xotirasida qayta tiklashdan iborat. O‘quvchilar geografik borliq va hodisalar
o‘rtasidagi aloqalarni mustaqil aniqlashdan iborat bo‘lgan vazifalarni bajaradi. O‘quvchilar karta va boshqa qo‘llanmalar vositasida yangi bilimlar eski bilimlar bilan
bog‘lanadi. Masalan, Afrika iqlimini
o‘tishda V sinfda va yil boshida o‘zlashtirishgan iqlim tushunchasi esga
solinib, iqlimga ta’sir etuvchi omillar aniqlanadi:
- yangi o‘quv materiallarini o‘rganish suhbati. Bunda yangi mavzu o‘quvchilarni ilgari olgan bilimlariga tayangan holda o‘rganiladi. Mazkur suhbatning eng asosiy
qismlari o‘quvchilar tomonidan bajarilishi lozim. Masalan, O‘zbekiston tabiiy
geografiyasini o‘rganayotganda tabiiy geografik rayonlarni ajratish tamoillariga e’tibor beriladi. Bayon
qilingan metodlar o‘qituvchi tomonidan
xulosalanishi va mazkur materialni
o‘zlashtirilganligi tekshirib ko‘rilishi
lozim. Shundan so‘ng o‘quvchilarni mustaqil ishlarini tashkil qilish lozim;
-yakunlovchi suhbat. Mazkur takrorlash va bilimlarni muayyan bir tartibga solish, shuningdek
o‘rganilgan bilimlarni
umumlashtirish va chuqurlashtirish hamda
kengaytirishda tatbiq etiladi. Bunda o‘quvchilar xulosalar chiqrishga o‘rgatiladi. Bu suhbat yirik mavzular,
qismlarni o‘tgandan keyin qo‘llaniladi.
Suhbat davomida beriladigan savollar quyidagi talablarga javob berishi
kerak:
1. Savol va javoblar aniq va ravshan bo‘lishi kerak.
2. Qo‘shaloq savol bermaslik kerak. Masalan, Hisor tog‘larida qanday
relyef shakllari tarqalgan va ular qanday paydo bo‘lgan? Jomolungma cho‘qqisini
kim, qachon zabt etgan?
3. Savollarda keraksiz so‘zlar bo‘lmasligi, javobi sezilib
turadigan savollar ham bermasligi lozim.
Masalan, kuzatuvchi yuqoriga ko‘tarilgan sari ufq chizig‘i kengayadimi?
4. Murakkab yoki «Ha», «Yo‘q» javobini talab qiladigan savollar
bo‘lmasligi lozim. Masalan, Volga daryosi Kaspiyga quyiladimi?
5. Savollar o‘quvchini o‘ylab ko‘rishni,
muhokama qilishni talab etadigan shaklda tuzilishi kerak.
Savollarning murakkabligi
sinflarga qarab ortib boradi.
V sinfda beriladigan savollar
murakaab javoblarni talab qilmaydi. Masalan, daryo qayerdan boshlanadi?
Daryo qaerga quyiladi? U qaysi yo‘nalishda oqadi?
VI sinfda o‘rganiladigan «Materiklar
va Okeanlar tabiiy geografiyasi»da savollar biroz murakkablashadi. Berilgan
savollar o‘quvchilarning o‘ylab ko‘rishga va
ma’lum bir aqliy faoliyatni amalga oshirishga majbur etiladi. Masalan,
Anxel sharsharasini geografik joylashishini aniqlang.
VII sinfda savollar yanada murakkablashadi, bunda savolga javob berish
uchun o‘quvchilar katta aqliy faoliyatni amalga oshirishlari lozim. Masalan,
O‘zbekiston tabiiy kartasi qanday
proeksiyada tuzilgan? O‘zbekistonda
Tyan-Shan tog‘ tizmasining qaysi
qisimlari joylashgan?
Yuqori sinflarda o‘rganiladigan iqtisodiy va ijtimsoiy geografiya
kurslarida o‘quvchilarga keng va to‘liq javobni talab qiladigan savollar
beriladi. Masalan, jahon davlatlari
qanday guruhlarga bo‘linadi? Yoqilg‘i - energetika sanoati O‘zbekistonning
qaysi iqtisodiy rayonlarida yaxshi rivojlangan?
Geografiya ta’limida suhbat metodi
ko‘p hollarda karta va
ko‘rgazmali qurollar bilan ishlash
metodlari bilan birga qo‘llaniladi.
Ayrim hollarda suhbat metodi hikoya va
tushuntirish elementlarini ham o‘z ichiga oladi. Shunday qilib suhbat
metodi geografiya ta’limida asosiy metod sifatida ham, yoki qo‘shimcha usul sifatida ham qo‘llaniladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.