loading...

Toshkent viloyatiga borish uchun 10 ta sabab 

22911

1. Zangiota ziyoratgohi

 Zangiota tumanidagi Zangiota ziyoratgohi – XV asrlarga tegishli me’moriy yodgorlik bo’lib, XII-XIII asrda yashab faoliyat yuritgan mashhur shoshlik olim, yirik zohid – Oyxo’ja ibn Tojxo’ja nomi bog`liq. Ushbu qadamjo nafaqat O’zbekistonda, balki O’rta Osiyodagi yirik ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Majmua Zangiota, Anbar bibi maqbarasi, darvozaxona, madrasa, masjid, xonaqoh-shiypon, minora va hovuzdan iborat. Anbar bibi maqbarasi, hovuz, shiypon va darvozaxona alohida-alohida qilib qurilgan. Zangiota maqbarasi esa madrasa va masjid bilan yonma-yon tushgan bo’lib, hovliga shimoli-sharq va shimoli-g`arbdagi darvozalar orqali o’tiladi. Minora ham shu hovlining o’rtarog`iga, masjid va maqbaraga yaqinroq qilib qurilgan. Majmuadagi inshootlarga Qur’on oyatlari, hadislar, nasx kabi ko’hna yozuvlarda bitilgan.
2. Shohruxiya xarobasi
 Toshkent viloyatining Oqqo’rg`on tumani hududida, Sirdaryoning o’ng sohilida joylashgan. Shohruxiya qadimiy Banokat o’rnida vujudga kelgan. Banokat mo’g`ullar istilosi davrida vayron bo’lgan (1220). 1392 yilda Amir Temur uni harbiy qal’a sifatida qayta tiklab, o’g`li Shohrux sharafiga «Shohruxiya» deb atagan. Shohruxiyaning hududi 140 gektardan ziyod bo’lib, ark, 3 shahriston va raboddan iborat bo’lgan. Shahriston va rabodning bir qismi qalin mudofaa devori bilan o’ralgan, unda 30 dan ortiq burj bo’lgan. 15 asr oxiri – 16 asr boshlarida Shohruxiya Sharqiy Movarounnahrning yirik harbiy markazlaridan hisoblangan. Shohruxiyadagi kulolchilik xumdonlari, turar joy qoldiqlari, 2 qavatli burjlar ochib o’rganilgan. Topilmalar orasida po’lat sovut, dubulg`a, shaxmat donalari, sirlangan turli sopol idishlar temuriylar madaniyati, san’atini o’rganishda muhim ahamiyatga ega.
3. "Masjid Ali” ziyoratgohi (Kumushkon)
 Parkent tumanidagi ushbu ziyoratgoh Kumushkon qishlog`idagi "Chashma” mahallasining eng yuqori qismida joylashgan. Dastlab 1982 yilda Kumushkon qishlog`i aholisi tomonidan hashar yo’li bilan 1 ta xonaqoh va 1 ta ayvon barpo etilgan. 2010 yilda mahalliy ustalar tomonidan qaytadan ta’mirlangan. Ziyoratgohda 3 ta xonaqoh, 1 ta ayvon mavjud. Ziyoratgohda qadimiy chinor chashma buloqlari bo’lib, uning atrofida ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
4. Qirqqiz ziyoratgohi
 Toshkent viloyati, Piskent tumanidagi "Qirqqiz” ziyoratgohi quyidagi rivoyat bilan bog`lanadi: malika va uning 40 nafar kanizaklarini dushman izma-iz ta’qib etadi, malika so’nggi ilinjni qarshisidagi asov daryodan topadi. Or-nomus qadri, erk va jasorat tuyg`usi malika va uning kanizaklari tomirida shu daryodan ham kuchliroq, shiddatliroq jo’sh urardiki, bu kuch ularga bir soniya ham o’ylashga izn bermadi. Lahza o’tmay yurakdagi kuch va shiddat asov daryo bilan qorishib ketdi...
 Hozir bu yerda daryoning qurishi natijasida hosil bo’lgan qirqta irmoq (buloq)mavjud. Aytishlaricha, ular qirqta qizning ko’z yoshlari emish. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu yerning  buloq suvini niyatlar aytib ichishga ko’plab ziyoratchilar keladi. "Qirq qiz” yoki forscha "Childuxtoron” nomli joylar O’rta Osiyoda ham ko’plab uchraydi.
5. Chimyon oromgohi
 Chimyonda turistlar, sportchilar va dam oluvchilar  dekabr—aprel  oylarida qishki sport turlari bilan shug`ullanishadi. Yoz mavsumida esa turli yo’nalishlarda tog` bo’ylab ekskursiyalar ham uyushtiriladi. Chimyon Toshkentdan 80 km shimoliy-sharqda, Chotqol tog`  tizmasining dengiz sathidan 1600 m baland qismida joylashgan. 2000 yilda Chimyon  yaqinida Beldorsoy havzasida "Beldorsoy" tog`  chang`i sporti markazi qurildi. Hozirgi vaqtda Chimyonda mehmonxona, kottejlar, restoran, kanatlar (osma yo’l) bor. 
6. Burchmulla qishlog`i
 Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanida, Chatqolsoyning o’ng qirg`og`ida, soyga Ko’ksuv quyiladigan yerda joylashgan. Chorvoq suv ombori qurilishi munosabati bilan Burchmulla shahar xarobasi suv ostida qolgan. Burchmullada jangchilar uchun turar joylar va temirchi hunarmandlar ustaxonalari bo’lgan kvadrat tarhli istehkom ochilgan, mudofaa devori tizimi o’rganilgan. Burchmulladan chiqqan sopol buyumlar, paykonlarga qaraganda, ilk qishloq 6–8-asrlarda vujudga kelgan, u keyinchalik (9–10-asrlar) shaharga aylangan. 
7. Katta Quyosh qurilmasi
  Katta Quyosh qurilmasi Toshkent viloyatining Parkent tumanida "Quyoshli” qishlog`ida dengiz sathidan 1050 metr balandlikda joylashgan. Qurilma optik-energetik ko’rsatkichlari diametri 1,0 metrga teng bo’lgan fokusda 1000 Vt/sm.kv zichlikdagi yuqori energiyani mujassamlashtirib materiallarning optik-spektral xususiyatlariga bog`liq holda 30 000 darajagacha yuqori haroratni olish imkoni mavjud. Bu kabi inshoot dunyoda ikkita bo’lib, biri Fransiyada va ikkinchisi O’zbekistondadir. "Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari mash’alalarini shu yerdagi quyosh nurlaridan alanga oldirish an’anaga aylangan.
8. Chorvoq
 Chorvoq–Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanidagi shaharcha. Toshkent shahardan 70 km. Ugom tizmasining yon bag`rida, Ugom daryosining Chirchiq daryosiga quyilish joyidagi o’ng sohilida, Toshkent — Xo’jakent temir yo’lda joylashgan. O’rtacha 892 m balandlikda. 1964 yil Chorvoq suv ombori va Chorvoq GES qurilishi munosabati bilan bunyod etilgan.
Shaharcha nomi ("Chorbog`") to’rtta bog` ma’nosini bildiradi. Chorvoq yon atrofida bolalar oromgohlari, dam olish uylari, sanatoriylar ishlab turibdi. Suv ombori sohillarida "Chorbog`" oromgohi, Bekobod, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlarining dam olish maskanlari barpo etilgan. 
9. Tuyabo’g`iz (Toshkent dengizi) suv ombori
 Toshkent viloyati O’rtachirchiq tumanida joylashgan. Chirchiq, Ohangaron daryolari havzasida joylashgan suv omborlari orasida suv sig`imi va akvatoriyasi bo’yicha eng yiriklaridan biri Tuyabo’g`iz suv omboridir. Uning atrofida dam olish joylari tashkil etilgan. Suv sporti bilan shug`ullanuvchi sportchilar ham shu yerda mashq qilishadi.


10. Zarkent ota ziyoratgohi
 Zarkent qishlog`ining yuqorisida – tog` yon bag`rida joylashgan. "Zarkent bobo”, "Qush qo’nmas avliyo” nomlari bilan mashhur bo’lgan ziyoratgoh. Hozirda ziyoratgoh hududi alohida ajratilgan. 2002-2003 yillarda qayta ta’mirlangan. Zarkent ota ziyoratgohidagi tabiiy buloq Zarkent qishlog`ini ichimlik suv bilan ta’minlaydi.
uz24.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash