Geosiyosatning asosiy kategoriyalari
Geosiyosatning asosiy kategoriyasi siyosiy makonni
nazorat qilishdir. Jahon siyosiy makoni o‘z navbatida mintaqalarga, rayonlarga, davlatlar bloki va ittifoqlariga bo‘linib ketadi.
Shu sababli geosiyosat kategoriyalari quyidagilardan
iborat geostrategik mintaqa, geosiyosiy mintaqa, davlatlar bloki, geosiyosiy
ittifoqlar, qudratli, tengi yo‘q davlat, kuch markazlari, geosiyosiy chiziqlar
(yo‘nalishlar), frontal raqobat va boshqalar.
Geostrategik mintaqa jahon siyosiy makonining bir
qismi bo‘lib, u o‘ziga xos hududga, savdo va madaniy-mafkuraviy aloqalarning
o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Geosiyosiy mintaqa esa geostrategik mintaqaning bir qismi bo‘lib, maydoni uncha katta
bo‘lmasa ham, siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarining yuqori darajadagi
sur’ati bilan ajralib turadi (Yevropa, Amerika, Xitoy, Janubi Sharqiy Osiyo va
boshqalar). Geosiyosiy mintaqa o‘z navbatida davlatlar chegaralari bilan mos
tushuvchi siyosiy rayonlarga bo‘linadi. Siyosiy rayonning eng muhim xususiyati
siyosiy birlik va yaxlitlikdir. Har bir rayon o‘ziga xos shakl va o‘lchamga
ega.
Davlat chegaralarining barpo qilinishi va
rasmiylashtirilishi milliy davlatlarning shakllanishi va rivojlanishi davrida
amalga oshiriladi. Chegaralar ular o‘rab turgan «Millat-davlat» makonining
geosiyosiy rasmiylashtirilishidir. Bundan tashqari, tabiiy va sun’iy chegaralar
mavjud. Tabiiy chegaralarga tog‘lar, daryolar, dengiz va ko‘l akvatoriyalari
kiradi. Sun’iy chegaralar quruqlikda ham, suvda ham aniq tabiiy obyekt
bo‘lmagan joylarda o‘tkaziladi. Bunda geografik kenglik va uzunlik
elementlari bo‘lgan parallellar va meridianlar hisobga olinadi. Masalan, AQSH
va Kanada o‘rtasidagi davlat chegarasi 49° parallel bo‘yicha 1450 km ga cho‘zilgan.
Sun’iy chegaralar davlatlarning o‘zaro kelishuvlari asosida o‘tkaziladi va
tasdiqlanadi.
Geosiyosatda tabiiy chegaralarga ko‘proq e’tibor
beriladi. Dengiz chegaralari eng qulay chegara hisoblanadi. Mashhur olim F.Ratsel: «Qirg‘oq bizlarga qo‘shni sifatida tabiatni in’om etdi va bu qo‘shni
har qanday do‘stona davlatdan afzaldir», - degan edi. Dengiz chegaralari boshqa
davlatlar bilan aloqa o‘rnatishga katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun uning
qiymati uzunligi ortgan sari ortib boradi.
Chegara siyosiy, mudofa va harbiy strategik
vazifalarni bajaradi. Har qanday chegara chegaraoldi hududiga ega. Ayrim
hollarda bunday hududlar «bufer davlat»larga aylantiriladi. «Bufer davlat»
odatda kichik mamlakat bo‘lib, u ikkita kuchli davlatni turli xil kutilmagan
xatti-harakatlardan saqlab turadi. Yevropada Reyn daryosining quyi qismi va
Shveytsariyadagi tog‘ dovonlari, Niderlandiya, Shveytsariya va Belgiya
hududlari shunday hududlar qatoriga kiritiladi. Chunki ular Germaniya va
Fransiya o‘rtasida joylashgan. Rossiya bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida «bufer
davlat» vazifasini Afg‘oniston bajargan.
Bir necha «bufer davlat»lar «bufer zona»larni hosil qilishi mumkin.
Birinchi jahon urushi davrida Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Niderlandiya,
Belgiya, Lyuksemburg, Shveytsariya, Polsha, Eron, Afg‘oniston, Koreya kabi
davlatlar ana shunday «bufer zona»larini tashkil qilgan. Keyinchalik «bufer
zona»lar Germaniya va sobiq Ittifoq tomonidan bo‘lib olingan (Sudet viloyati,
Polsha, G‘arbiy Ukraina, G‘arbiy Belorus va boshqalar).
Eslab qoling!
Geosiyosatning asosiy kategoriyasi siyosiy makondir.
Geostrategik
mintaqa —
jahon siyosiy makonining bir qismi bo‘lib, o‘ziga xos hududga, savdo va
madaniy-mafkuraviy aloqalarning o‘ziga xosligi va yo‘nalishi bilan ajralib
turadi. Geosiyosiy mintaqa - geostrategik mintaqaning bir qismi bo‘lib, hududi uncha katta bo‘lmasa ham siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarining
yuqori darajadagi sur’atlari bilan ajralib turadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.