Geosiyosat fani haqida tushuncha
Sizlarga ma’lumki, Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimovning qator asarlarida O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeyi, mamlakatimizning geostrategik o‘rni, yaqin va uzoq qo‘shnilari, ular bilan
o‘rnatilgan aloqalarning siyosiy jihatlari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar
tahlili taqdim etilgan.
Geosiyosat to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritishdan oldin bu
tushunchaning mazmun-mohiyati va ahamiyati, uning fan sifatida shakllanishi
haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur. Shu nuqtayi nazardan bu bo‘limda
geosiyosat fani, fanning shakllanishi bosqichlari va asosiy kategoriyalari,
davlat kuch-qudrati va geosiyosat, siyosat va geografiya fani o‘rtasidagi
aloqadorlik haqida ma’lumotlarga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, geosiyosatning
fan sifatida shakllanishiga behisob hissa qo‘shgan olim va siyosatchilar, geosiyosatdagi mavjud yo‘nalishlar hamda dunyo geosiyosatlar, gesiyosiy
rivojlanishining asosiy paradigmalari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar bilan
tanishamiz.
Geosiyosat — turli siyosiy jarayonlarning geografik
sharoit (muhit)ga bog‘liq holda rivojlanishini o‘rganadigan fandir. XX asrda
dunyo siyosiy xaritasining tubdan o‘zgarishi, hududiy, ijtimoiy-ekologik va
demografik muammolarning keskinlashuvi geosiyosat faniga bo‘lgan e’tiborni
kuchaytirib yubordi.
Geosiyosat fanini o‘rganish geografiya, tarix,
demografiya, etnografiya, dinshunoslik, ekologiya, sotsiologiya, harbiy fanlar,
siyosatshunoslik va boshqa fanlar bo‘yicha ham bilimlarga ega bo‘lishni taqozo
etadi.
Geosiyosat tushunchasini fanga birinchi bo‘lib, 1916-yilda
shvetsiyalik olim Rudolf Chellen kiritgan. Uning fikricha, har qanday davlat bir
butun geografik organizm sifatida qaralmog‘i lozim.
Geografik organizmni ma’lum bir landshaft sifatida o‘rganish mumkin.
Landshaft o‘z navbatida tabiiy, hududiy, ijtimoiy, iqtisodiy majmua bo‘lib
hisoblanadi.
Geosiyosat fani siyosiy geografiya asosida shakllandi va rivojlandi.
Siyosiy geografiya jahondagi davlatlarning turg‘un (statik) holatdagi
tavsifini tuzish bilan shug‘ullanadi. Siyosiy geografiyani ko‘proq
davlatlarning joylashishi, hududining shakli, o‘lchamlari, chegaralari,
xo‘jaligi, aholisining savodxonlik darajasi, madaniyati qiziqtiradi.
Geosiyosat fani siyosiy jarayonlarning geografik makondagi o‘zaro
aloqalarini, ularning Yerga va madaniy omillarga ta’sirini o‘rganadi.
Geosiyosat fani asosiy e’tiborni tabiiy muhit omillarini harbiy-siyosiy,
iqtisodiy va ekologik xavfsizlik maqsadlarida faol foydalanishga qaratadi.
Geosiyosat fanining o‘rganish obyekti: sayyoraviy (planetar) makon,
geosiyosat jarayonlar va hodisalardir. Sayyoraviy makonga quruqlik, suvlik
(Dunyo okeani), havo qobig‘i, davlatlar va ularning resurslari kiradi.
Geosiyosatning asosiy vazifasi, ya’ni o‘rganish predmeti sayyoraviy
makonni nazorat qilishdir.
Bunda geosiyosiy omillarni o‘rganish va baholash muhim ahamiyatga
ega. Geosiyosiy omillarga quyidagilar kiradi.
— geografik (geografik o‘rni, tabiiy resurslari);
— siyosiy (siyosiy tuzumi, davlat chegaralari,
jamiyatning ijtimoiy tarkibi, asosiy erkinliklarning mavjudligi);
— iqtisodiy (ishlab chiqarish kuchlarining quvvati va
tarkibi, aholining turmush darajasi, strategik zaxiralar va zafarbarlik (mo-
bilizatsion) quvvatlari;
— harbiy (qurolli kuchlarning kattaligi, quvvati, harbiy
tayyor- garligi, harbiy kadrlarni tayyorlash holati);
— ekologik
(cheklangan yoki tugaydigan va tiklanmaydigan) resurslarga bo‘lgan demografik
bosim, xomashyo resurslarining kamayishi va tugashi, aholi turmush darajasining
o‘zgarishi);
— demografik (aholi soni, o‘sish sur’ati, zichligi va
tarkibi);
— madaniy-ma’rifiy (konfessalar, millat va elatlar,
mehnat an’analari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlashning rivojlanganligi,
urbanizatsiya darajasi va boshqalar). Yuqoridagi omillarni geosiyosiy jihatdan
tahlil qilish uchta yo‘nalishda olib boriladi: a) ijtimoiy-siyosiy vaziyatni
ularning ma’lum bir hudud va davr doirasida rivojlanishi bilan bog‘liq holda
tadqiq etish; b) ma’lum bir hudud to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotlarni ayrim
hollarda tamomila qarama-qarshi tasavvurlar bilan taqqoslash; d) makonni
o‘zgartirish bo‘yicha siyosiy strategiyani amalga oshirishni bashoratlash.
Eslab
qoling!
Geosiyosat— turli
siyosiy jarayonlarning geografik sharoitga bog‘liq holda rivojlanishini
o‘rganadigan fan. Geosiyosat tushunchasini fanga birinchi bo`lib,
1916-yilda shvetsiyalik olim Rudolf Chellen kiritgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.