Kompleks mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda geografiyaning o`rni
Tabiat muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan
ko‘pgina mintaqaviy muammolar o‘zining dolzarbligi va tobora jiddiylashuvi,
tang ekologik vaziyatlarning tarkib topishiga olib kelishi bilan ajralib
turadi. O‘zbekistonning barcha yirik hududlarida o‘ziga xos tabiat muhofazasiga
oid muammolar mavjud. Farg‘ona vodiysi, Chirchiq-Ohangaron vodiysi, Qizilqum,
Orolbo‘yi, Ustyurt, Zarafshon vodiysi va boshqa hududlarida turli hududiy
muammolar yuzaga kelganki, ularni ma’lum dastur asosida tizimli yondashuv
asosida hal qilish lozim bo‘ladi.
Quruq iqlim
mintaqasida cho‘llashishga qarshi kurash loyihasini amalga oshirish. Cho‘llashish
arid mintaqada ekotizimlar mahsuldorligining kamayib ketishi bilan bog‘liq.
Cho‘llarda muttasil qorako‘l qo‘ylarining boqilishi tufayli yaylovlarning
mahsuldorligi pasayib boradi. Buning ustiga avtomobillarning betartib harakati,
turli inshootlarning qurilishi, ma’danlarni qazib olish uchun burg‘ulash, karerlarning vujudga kelishi,
yo‘llar bunyod qilinishi natijasida, turli texnik vositalar harakat
qilishi tufayli o‘simlik va tuproq eziladi, shamol harakati natijasida qum
uyumlari va botiqlari tarkib topadi. Ushbu jarayonlar tufayli yaylovlarning
mahsuldorligi kamayib ketadi, ba’zan yalang qumlik tarkib topishi esa
yaylovlarning nihoyatda kambag‘allashib ketganidan darak beradi. Bu hodisa
cho‘l yaylovlarining cho‘llashishi deb ataladi.
Cho‘llashish sug‘oriladigan yerlarga ham
xos bo‘lgan hodisa. Vohalar tuproq-meliorativ sharoitlarining og‘irlashuvi,
eroziya va shamolning faollashuvi sababli tuproqning chirindi yuqori qatlamlarining yuvilishi yer hosildorligini birmuncha pasaytiradi.
Daryo suvlarining oqimi suv omborlari va
gidrouzellar qurilishi natijasida jilovlanishi bilan ularning bahorda toshib,
yozda to‘lib oqishiga chek qo‘yiladi. Boz ustiga, daryo suvlarining minerallashuv darajasi ortib, ifloslanishi yuz bermoqda. Bu hol daryo qirg‘oqlaridagi
to‘qayzorlarni cho‘llashishga mahkum qilmoqda. Suv sathining keskin darajada
tushib ketishi bilan grunt suvlarining yuzasi ham pasaydi. Daraxtli va butali
to‘qaylarning namga bo‘lgan talabi ba’zi joylarda butunlay qondirilmayapti. Bu
hol ularning qurishiga olib keldi. Daryo sohilidagi Qizilqum, Bodayto‘qay va
Zarafshon qo‘riqxonalarining to‘qay o‘simliklari ham shu ahvolda. Binobarin,
ular cho‘llashishga berilgan. Sun’iy usulda to‘qayzorlarni suv bilan ta’minlash
har doim ham yuqori samara bermaydi.
Cho‘llashishga qarshi kurash ma’lum
loyihalar asosida amalga oshiriladi. Bu borada qumliklar, platolardagi
yaylovlar, vohalar, daryo deltalari, tog‘ etaklari yaylovlari uchun alohida
tuzilgan loyihalar asosida kurash usullari ishlab chiqiladi, ma’lum davrlarda
amalga oshiriladigan ishlar dasturi asoslanadi.
Bu jarayonga qarshi kurash asosida eng
avvalo o‘rta masshtabda (1:300000-1:500000) cho‘llashish xaritasi tuzilishi
lozim. Xarita landshaft asosida yaratilishi zarur, chunki bunda tabiiy sharoit
butun hududda differensial ko‘rinishda ko‘rsatiladi. Har bir landshaft konturi
cho‘llashishning turi, darajasi va sababini aks ettiradi. Bu holda qaysi
konturda qanday kurash choralarini qo‘llash mumkinligi ravshanlashadi.
Falokatli tabiiy hodisalarning oldini olish
loyihalari. Halokat keltiruvchi tabiiy hodisalarni o‘rganish geograflarning
asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Surilma, tog‘ qulashi, sel, jar
eroziyasi, qor ko‘chkisi kabi tog‘ yonbag‘irlari va etaklarida sodir bo‘ladigan
hodsalarni ayni rivojlanish o‘choqlari va mintaqalari (arellari)ni xaritaga tushirish birinchi navbatda bajariladigan
vazifadir. Bu sohada geograf-mutaxassislarda yetarli darajada tarjiba mavjud.
Har bir soy va daryo vodiysi u yoki bu tabiiy hodisaning rivojlanishi nuqtayi
nazaridan o‘rganib chiqilgan. Yirik shahar, sanoat korxonalari, qishloqlar
atrofi doimiy kuzatuvda. Shuning uchun ham ularning ta’sir doirasida ofatlar
kamroq bo‘lishiga erishilmoqda.
Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga
qaramasdan vaqt-vaqti bilan tabiiy hodisalar sodir bo‘lib turibdi, odamlar
orasida qurbonlar bo‘lmoqda, xalq xo‘jaligi obyektlariga katta zarar
yetmoqda.
Falokatli hodisalarning oldini olish borasida,
respublikada ularning vujudga kelish makonlarini chuqur o‘rganish maqsadida har
bir soy va daryo vodiysi ehtimol tutilayotgan hodisa nuqtayi nazaridan o‘rta va
yirik masshtabli xaritalarga tushirilishi bilan birga, ularning bashorati,
baholanishi va hatto pasporti tuzilishi zarur bo‘ladi. Ma’lum vaqt mobaynida
ularning aniq nazorati amalga oshirilishi darkor.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.