Soha kompleks dasturlarini amalga oshirishda geografiyaning ahamiyati
Tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va
atrof-muhit holatini yaxshilash uchun mamlakat miqyosida bir necha sohalar
bo‘yicha ilmiy-amaliy dasturlar ishlab chiqilgan. Mazkur dasturlar bir necha
yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uni bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.
Quyida ba’zi asosiy dasturlar mazmuni bilan tanishasiz.
Suv muammolari dasturi. O‘rta Osiyoda suv resurslari
taqchilligi va unga nisbatan talabning tobora ortib borayotganligi tufayli,
shuningdek, joylarda suvning sifati davlat andozalariga to‘la javob
bermayotganligini e’tiborga olib, mamlakatda suv muammolari dasturi qabul
qilingan. Dasturning asosiy mazmuni suv resurslaridan oqilona va tejab
foydalanish, korxonalarda suvdan aylanma (berk) texnologiyani joriy qilgan
holda foydalanishni yo‘lga qo‘yish va boshqa jarayonlarga qaratilgan.
Dasturni amalga oshirishda geografiyaning
vazifasi avvalo suv resursining ma’lum sohalar bo‘yicha taqsimlanishini
hisob-kitob qilish, qor va yomg‘irlardan vujudga keladigan suv oqimini, yerosti
suvlari hisobiga yer usti suvlarining (va aksincha) to‘yinishini asoslash,
muzliklarning, ko‘llar, suv omborlarining balansini hisoblab chiqish, suvning
yerga singishi, bug‘lanishi va boshqalarni o‘rganishdan iborat.
O‘rta Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda
suvdan to‘g‘ri va ilmiy asosda foydalanishni yanada takomillashtirish, suvni
iqtisod qilish ko‘p hollarda sug‘oriladigan dehqonchilikda uning oqilona
ishlatilishiga bog‘liq. Shuning uchun sug‘orishda eng zamonaviy usullarni
qo‘llash zarur. Hozirda qishloq xo‘jaligida samarali hisoblangan yomg‘irlatib, tuproq ostidan va tomchilatib
sug‘orish usullari tatbiq qilina boshlandi, lekin ular juda kichik
maydonlarda amalga oshirilmoqda.
Suv muammolari murakkab, ko‘p qirrali va
ko‘p sohalidir. Ular uzoq muddatli mashaqqatli tadqiqotlar olib borishni taqozo
etadi.
Sug‘oriladigan yerlar dasturi. O‘zlashtirilgan yerlar quruq
iqlim sharoitida eng mahsuldor yer hisoblanadi. Bir yil mobaynida bunday
yerlardan uch martagacha ekin ekib, hosil olish mumkin. Lekin respublikada
sug‘oriladigan yerlardan oqilona foydalanilmoqda deb bo‘lmaydi. Ularning
katta qismi sho‘rlangan, eroziya va shamol katta maydonlarga o‘z ta’sirini
ko‘rsatib kelmoqda. Har yili jala yog‘ishi va sel hodisalari natijasida yerdan
unumli foydalanish darajasi pasayib ketadi. Demak, sug‘oriladigan yerlardan
foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirish uchun ularning unumdorligini va
meliorativ sharoitlarini yaxshilash zarur bo‘ladi.
Geograflarning yerlar mahsuldorligini
oshirishdagi asosiy vazifasi - mahalliy tabiiy sharoitni chuqur o‘rgangan
holda ularning shamol va suv eroziyalariga berilishini iloji boricha
kamaytirish yo‘llarini asoslash hamda meliorativ holati og‘ir bo‘lgan
yerlarning aniq chegaralarini belgilab, ularning meliorativ sharoitlarini tubdan
yaxshilashning litologik-geomorfologik va gidrogeologik asoslarini ishlab
chiqishdan iboratdir.
Tabiat muhofazasi va ekologik muammolar
yechimi. Tabiat
muhofazasi sohasida geograflarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Geografiyaning
barcha ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy ishlanmalari tub mohiyati bilan
tabiat muhofazasiga bag‘ishlangan.
O‘zbekistonda tabiat muhofazasi zarur
bo‘lgan va ekologik vaziyatning jiddiylashuvi kuchayib borayotgan hududlar
mavjud. Chunonchi, Orolbo‘yi, Zarafshon vodiysi, Chirchiq-Ohangaron vohasi
ekologik sharoitning murakkabligi bilan ajralib turadi. Fanning vazifasi bu
holda atmosfera havosiga va suv havzalariga chiqarilayotgan chiqindilarning
tabiiy muhitga va insonga keltiradigan zararlarining ekologik va
ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilish, chiqindilarning atrof-muhitga ta’sir
radiusini va uning mintaqalarini bilish, ularning ta’siri natijasida tabiatda
yuz beradigan turli ekologik o‘zgarishlarni hozirda va istiqbolda vujudga kelishini asoslashdan iborat. Barcha ma’lumotlar asosida xaritalar tayyorlanadi
va ularni tegishli rahbar tashkilotlar diqqatiga havola qilinadi.
Tabiatni muhofaza qilishda eng samarali
faoliyatlardan biri ma’lumotlami va vaziyatni xaritalarga tushirish yo‘li bilan
tadqiqot natijalarini mutaxasislarga va keng jamoatchilikka ko‘rsata bilishdir. Tabiatni muhofaza qilish va ekologik vaziyatlarni xaritalarda aks ettirish
bilan mazkur muammo to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlami qisqa, ixcham va aniq
holda tegishli mutaxassislarga yetkaziladi. Xaritalar muammoning tarkib
topishi, hozirgi holati va kelajakda yanada o‘zgarishini tadrijiy holda
ko‘rsata oladi. Bu jihatdan xaritalar ushbu muammoni tezroq hal etishga
yaqindan yordam berishi mumkin.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.