Tabiat va inson resurslari hamda ularni iqtisodiy-geografik baholash
Tabiat va uning geotizimlari
butun sayyora miqyosida murakkab hosila, ular doimo tadrijiy o‘rganishda,
rivojlanishda va o‘z qonuniyatlari hamda qonunlari asosida mavjud. Tabiat
qonunlari jamiyat qonunlariga mos kelmaydi, tabiat o‘z qonunlari negizida
rivojlanadi, jamiyat qonunlarini tabiatga qo‘llab bo‘lmaydi. Binobarin, inson
tabiat qonunlari va qonuniyatlarini mukammal bilishi, idrok etishi, ularga
rioya qilishi zarur. Tabiatdan foydalanish jarayonida mazkur qonunlarni
e’tiborga olgan holda resurslarni xo‘jalik muomalasiga kiritish muhim masala.
Bu borada nazariy ham amaliy bilimlarni to‘liq egallagan holda tabiatdan
foydalanish tobora zarur bo‘lib bormoqda.
Bozor iqtisodiyoti
sharoitida tabiiy resurslardan foydalanish.
Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng tabiiy
boyliklardan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib,
ularga amal qilish zarurati ekologik va iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqmoqda.
Tabiatdan foydalanish mexanizmi bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida
quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi: a) tabiat resurslaridan foydalanishning
pulliligi; b) tabiatni muhofaza qilish faoliyatini iqtisodiy rag‘batlantirish
tizimi; d) atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun jarima to‘lovi; e) tabiiy
resurslardan foydalanish bozorini vujudga keltirish; f) tabiatdan foydalanish
bo‘yicha narxlarni takomillashtirish va boshqalar.
Tabiat resurslaridan foydalanishning pullik
tizimiga o‘tish bozor iqtisodiyoti uchun eng zaruriy tamoyil hisoblanadi.
Boylik pul bilan baholanar ekan, undan foydalanish ham pullik bo‘lishi lozim.
Bunda boylikning sifati, qiymati, keltiradigan foydasi va boshqa iqtisodiy
xususiyatlari e’tiborga olinmog‘i lozim. Masalan, bizda suvdan sug‘orma
dehqonchilikda foydalanilganlik uchun xo‘jaliklar odatda davlatga pul
to‘lamaydilar, ammo ular ba’zan keragidan ko‘proq hajmda suv olib ishlatadilar,
suvni ifloslantiradilar va ortiqcha toza suvni tashlama sifatida markaziy
kollektorlarga oqizib yuboradilar.
Yerdan foydalanish jarayonida dehqonlar,
fermerlar, bog‘bonlar, chorvadorlar ishtirok etadilar. Yer davlat, umumxalq
mulki, uni sotish va hadya etish mumkin emas, faqat samarali foydalanish uchun
ma’lum muddatga berish mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida yerdan foydalanishda
uni mahsuldorligiga qarab baholash va shu asosda soliq masalalari, yerga
o‘g‘it solish, almashlab ekish kabilarni hal etish maqsadga muvofiq.
Bu borada O‘zbekistonda yerdan
foydalanishda jamoa xo‘jaligi va uning tarkibida oila pudrati, paychilik,
fermer xo‘jaligi va boshqa yangi usullarda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini
tashkil qilish tajribasi keng qo‘llanilmoqda, bu yerga bo‘lgan hurmat, uni
e’zozlash, har bir qarichidan omilkorlik bilan foydalanishni ta’minlaydi.
Tabiatdan
foydalanish va amaliy geografiya. Tabiat boyliklaridan foydalanishda boshqa fan
yutuqlari qatori amaliy geografiya erishgan ilmiy natijalarga asoslanish
nihoyatda samaralidir. Chunki geografiya fani tabiatni, aholi va xo‘jalik bilan
bir butun tarzda o‘rganadi. Binobarin, bu jarayonda tabiat qonunlari to‘liq
e’tiborga olinadi, tabiatga inson ta’sirining oqibatlari hisob-kitob qilinadi
va shunga muvofiq ularning oldini olish choralari ishlab chiqiladi.
Amaliy geografiya tabiat boyliklaridan
foydalanish bo‘yicha yetarli darajada tajriba, sinov ishlab chiqarish
amaliyotiga ega. Inson sug‘orma dehqonchilik bilan kamida 5-6 ming va chorvachilik bilan esa 8-10 ming yildan beri shug‘ullanib kelmoqda. Bu borada
mavjud sohalar bo‘yicha juda katta tajriba to‘plandi. Bu tajribaning
geografiyaga oid tomonlari ham mavjud. Masalan, qiya yonbag‘irlardan
foydalanishda yerni haydash, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish jarayonida
nishablik xususiyatlarini hisobga olib ko‘ndalangiga yerni haydash, juda ham
qiya yerlardan yaylov sifatida foydalanish yoki terrasalash, ihotazorlar bunyod
etish, eroziyaga qarshi maxsus gidrotexnik inshootlarni loyihalash.
Sanoat korxonalarini loyihalashda amaliy
geografiyaning tadqiqot usullaridan keng foydalaniladi. Bu borada tog‘
yonbag‘irlari va vodiylarining tabiiy-geografik xususiyatlari, ayniqsa, suv va
iqlimiy omillar, gruntlarning fizik hamda kimyoviy xossalari e’tiborda
bo‘ladi. Tog‘ vodiylarining mahalliy shamollari odatda soy yoki daryo oqimining
yuqori qismidan boshlanib, uning etagi tomon harakatlanadi. Shamol havodagi
barcha chang va chiqindilarni olib ketadi, agar tog‘ vodiysida sanoat
korxonalari mavjud bo‘lsa, ularning havoga chiqargan chiqindilarini vodiy
bo‘ylab yoyadi, oqibatda atrof-muhit ifloslanadi.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, tog‘
vodiylariga sanoat korxonalarini joylashtirishda mahalliy shamollar harakati
albatta e’tiborga olinishi lozim, sanoat ishlab chiqarishida chiqindisiz yoki
yopiq siklli texnologiyaning tatbiq etilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek,
korxonalar yer usti va yerosti suvlarini turli oqava suvlar bilan ifloslaydi,
bu hodisa ham diqqat-e’tiborda bo‘lishi darkor. Demak, barcha sohalarda amaliy
geografiyaning tavsiyalari va ko‘rsatmalarining hisobga olinishi tabiatdan foydalanish
samaradorligini oshiradi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.