Jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar
Inson o‘z hayoti davomida ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan moddiy narsalarning barchasini tabiatdan oladi. U tabiat bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan. Fan-texnika rivojlangani sari insonning mehnat qurollari takomillashib boradi. Natijada u o‘zini o‘rab turgan tabiatning xususiyatlarini o‘zgartirib, o‘ziga xos "muhit” yaratadi. Shuning uchun, jamiyat va tabiat munosabatlari haqida gapirganda tabiiy muhit, geografik muhit, atrof-muhit, texnogen muhit kabi tushunchalar qo‘llaniladi.
Tabiat – bizni o‘rab olgan borliq, olam. Tabiat vaqt va fazoda cheksizdir, to‘xtovsiz ravishda harakatda, rivojlanishda va o‘zgarishda bo‘ladi. Jamiyat ham tabiatning, moddiy olamning o‘ziga xos bir bo‘lagidir.
Tabiiy muhit – tabiiy jism va moddalarning, nimanidir yoki kimnidir o‘rab turuvchi, uning hayotiy faoliyati kechadigan tabiiy sharoit yoki tabiiy sharoitlar mujassamligi. Geografik adabiyotlarda mazkur tushuncha, ko‘pincha, geografik qobiqning inson va uning xo‘jalik faoliyatini o‘rab turgan qismiga nisbatan ishlatiladi.
Geografik muhit – jamiyatni o‘rab turgan tabiiy sharoit; ijtimoiy ishlab chiqarishning muayyan tarixiy bosqichida tabiatning jamiyat bilan o‘zaro ta’sirda bo‘ladigan bir qismi. Geografik muhit jamiyat taraqqiyotining doimiy va zaruriy sharoitlaridan biri, u mehnat taqsimotiga va xo‘jalik tarmoqlarining joylashishiga faol ta’sir etadi. O‘z navbatida, jamiyat ham geografik muhitga ta’sir ko‘rsatadi. Jamiyat rivojlanib borgani sari geografik muhit doirasi o‘zgarib, kengayib boradi.
Texnogen muhit – aholini o‘rab turgan atrof-muhitning bir qismi bo‘lib, inson tomonidan yaratilgan obyektlar, jism va moddalar tushuniladi. Jamiyat rivojlanib borgan sari texnogen muhit takomillashib boradi.
Atrof-muhit – aholini o‘rab turgan tabiiy va texnogen muhitni qamrab olgan yashash va mehnat qilish sharoiti.
Jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi ta’sir va munosabatlar makon va zamonda o‘zgarib, xilma-xillashib boradi. Inson faoliyati maqsadga to‘g‘ri yo‘naltirilgan bo‘lsa, tabiatdan oqilona foydalanish shu joy, hudud, o‘lkaning yashnashiga olib kelgan. Aks ta’sir esa, noqulay sharoitning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Insoniyat tarixi davomida uning tabiat bilan bo‘lgan munosabati doim o‘zgarib, murakkablashib borgan.
Jamiyatning tabiatga ta’sirining ortib borishi va tabiatga munosabatining o‘zgarib borishini besh bosqichga bo‘lish mumkin.
1. Ibtidoiy jamoa davri – jamiyatning geotizimlar tabiiy holatini buzmaydigan hayot tarzi. Odam paydo bo‘lgandan boshlangan. Bu davrning xususiyatlari: dastlab tayyor tabiat ne’matlaridan termachilik bilan kun ko‘rilgan; tosh qurollari ixtiro qilinib, ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullanilgan; olov kashf qilingan; dastlabki uy hayvoni, ya’ni it xonakilashtirilgan; inson tabiatga butkul qaram bo‘lib, tabiatning bir bo‘lagi sifatida hayot kechirgan; tabiatni o‘ziga moslashtirlmagan; geotizimlar to‘la qayta tiklanish imkoniga ega bo‘lgan va h.k. Ibtidoiy odamni iqlimi qulay, biologik resurslarga boy (yirik hayvonlar, mevalar) joylar ko‘proq qiziqtirgan. Bu bosqichda inson tabiatni o‘zgartirmagan, balki unga moslashgan. Inson xo‘jalik faoliyati juda sodda bo‘lib, tabiiy muhitning o‘zgarishiga sababchi bo‘lmagan. Mevali o‘simliklarni asrash va me’yorida terish, hayvonlarni me’yorida ovlash qoidalari u davrda yozuv bo‘lmaganligi sababli og‘zaki tarzda o‘rnatilgan.
2. Qishloq xo‘jaligi inqilobi davri – jamiyatning geotizimlarni kichik hududlarda, kam buzilishiga sababchi bo‘ladigan hayot tarzi. Bundan 6–8 ming yil ilgari boshlangan. Ushbu davrda odam ovchilik va baliqchilikdan dehqonchilikka o‘tgan. Tabiiy landshaftlarning kuch- siz o‘zgarishi ro‘y bera boshlagan. Bu davrning xususiyatlari: neolit davrida «Qishloq xo‘jaligi inqilobi» natijasida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullana boshlangan; mug‘onalik – insonning tabiatga ta’sir ko‘rsatishi va uni o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi qarash paydo bo‘lgan. Mehnat qurollari ancha takomillashib borishi natijasida inson tabiat bilan muvozanatni buza boshlagan, ayrim ov hayvonlari va o‘simliklar miqdor jihatdan kamaygan; xo‘jalik sohalarining dastlabki ko‘rinishlari paydo bo‘lgan va rivojlangan; aholi o‘troq hayot kechira boshlagan va dastlabki shaharlar paydo bo‘lgan. Bunday aholi to‘plangan joylarda fatsiya yoki urochishe miqyosida ekologik muvozanat buzilib, turli geoekologik muammolar tarkib topishiga olib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida er.av. II asrda dastlabki ariqlar, eramizning IV–VI asrlarida esa kanallar qurilgan. IX–XIII asrlarda sug‘orishning turli usullari va yirik gidrotexnik inshootlar qurilib, shu davr mobaynida jami 3,5–3,8 mln gektar yer sug‘orilgan.
Bu davrda insonning tabiatga bo‘lgan ta’siri kuchaya borgan, hunarmandchilik rivojlangan, xo‘jalikda tabiiy resurslardan keng qo‘llanila boshlangan. Dehqonchilik va chorvachilik yanada rivojlangan, ammo ular, asosan, qo‘l kuchiga asoslangani uchun ekologik muvozanatga ta’sir etmagan. Demak, bu davrda tabiatga ta’sir, asosan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida bo‘lgan. Nisbatan uzoq davom etgan bosqich bo‘lib, tabiatga kuchsiz, ba’zi tabiat komponentlariga kuchliroq ta’sir ko‘rsatilgan. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan qonunlar yozma ravishda o‘rnatilgan va amal qilingan, diniy manbalarga asoslanib, hukmdorlar turli davrlarda har xil ekologik qonunlar va farmoyishlar chiqarganlar.
3. Sanoat inqilobi davri – jamiyatning o‘z moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiatdan ayovsiz foydalanadigan hayot tarzi. Bu davr XVIII asrdan boshlangan bo‘lib, asosiy xususiyatlari: 1784-yil bug‘ mashinasining yaratilishi bilan "sanoat inqilobi”, XX asrning o‘rtalarida esa – "Yashil inqilob”, ya’ni qishloq xo‘jaligida tub burilish amalga oshirildi va bu "inqilob”lar keyinchalik geotizimlarda ekologik tanglikni keltirib chiqardi; inson eng asosiy "geologik kuch”ga aylandi; regional miqyosdagi geoekologik muammolar tarkib topdi; tabiiy muhitga kuchli ta’sir ko‘rsatildi (jadval). Jamiyatning tabiatga ta’siri kuchaydi. Tabiiy landshaftlar tez sur’atlarda o‘zgara boshlandi. Buyuk geografik kashf yotlar tufayli boshqa qit’alar ham o‘zlashtirila boshladi. Sanoat rivojlangani sayin jamiyatning tabiatga ta’siri ham ortib bordi. Jamiyatning ehtiyojini qondirish, turmush darajasini ko‘tarish, kun sayin ortib borayotgan harbiy xarajatlarni qoplash maqsadida tabiat bag‘ridan uning boyliklari ayovsiz, pala-partish «yulib olindi». Bu davr ko‘pgina mamlakatlarda hozir ham davom etmoqda.
4. Fan-texnika inqilobi davri – jamiyatning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va mavjud tabiiy muhitni saqlab qolish darajasidagi hayot tarzi. Bu davr XX asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. Bu davrda: ekologik bilim, ong, madaniyat shakllandi va rivojlandi; ekologik tashkilotlar tuzila boshladi; aholi soni juda tez o‘sdi va inson ilm bilan "qurollandi”, ya’ni «fan-texnika inqilobi» amalga oshirildi; fazoni o‘zlashtirish boshlandi; Mendeleyev davriy sistemasidagi barcha elementlardan foydalanildi va tabiatga "begona” bo‘lgan sun’iy birikmalar paydo bo‘ldi; tabiat qonunlari ijtimoiy qonunlarga moslashtirilmoqchi bo‘lindi; geo ekologik vaziyat inqirozli hududlar va global geoekologik muammolar vujudga keldi; tabiat komponentlarining barchasiga kuchli ta’sir etildi. Shu bilan birga, bu davrda suv, tuproq, o‘simlik va hayvonlar muhofazasiga ham alohida e’tibor qaratildi, ixtisoslashtirilgan ekologik qonunlar qabul qilindi. Ayniqsa, respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng ushbu qonunlar xalqaro andozalarga moslashtirildi va ekologik qonunchilik ta’lim tizimida o‘qitila boshlandi. «Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasi» tashkil etildi, davlatning ekologik boshqaruv va nazorat tizimi yuzaga keldi. Demak, bu davr nisbatan eng qisqa davom etgan bo‘lib, geotizimlarning eng kuchli o‘zgarganligi bilan ajralib turadi. Fan va texnikaning yuksak darajada rivojlanishi munosabati bilan tabiiy resurslar juda katta miqyos da o‘zlashtirila boshlandi. Katta-katta hududlar qishloq xo‘jaligi maq sadida o‘zlashtirildi, ulkan zavodlar qurildi, cho‘llar, shimoliy o‘lkalar, tog‘lar, hamda Dunyo okeani o‘zlashtirildi va ekologik muvozanat buzi la boshladi. Turli shakl va miqyosdagi geoekologik muammolar ning tarkib topishi va tabiiy ofatlarning kuchayishi jamiyat qonunlarini tabiat qonunlariga uyg‘unlashtirishni taqozo etmoqda.
5. Ekologik munosabatlar davri – jamiyatning sog‘lom va ekologik toza atrof-muhitni iqtisodiy o‘sish bilan teng darajada qadrlanishga asoslangan hayot tarzi. Bu davrning belgilari ayrim rivojlangan davlatlarda kuzatilib, insonni biologik va ijtimoiy organizm sifatida saqlab qolish hamda uning atrof tabiiy muhitini ekologik xavfsiz holda saqlash maqsadida muhofaza qilish asosiy vazifaga olib chiqilgan, resurslarning qayta tiklanishi jamiyat hisobidan amalga oshirilmoqda, ekologik qonunchilik yanada takomillashgan, tabiatga yetkazilgan zararni qoplashda har bir geotizimning geo ekologik vaziyati hisobga olinib, tabaqalashgan holda belgilanadi, «ekologik madaniyat inqilobi» yuzaga kelmoqda. Umumiy qilib aytganda, bu bosqich jamiyat va tabiat o‘zaro uyg‘un rivojlanishda bo‘ladigan davr hisoblanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.