loading...

Monitoring va uning turlari 

32372

 Inson omilining atrof-muhitga bo‘lgan ta’siri tobora kuchayib borayotganligini e’tiborga olib, maxsus kuzatish tizimini tashkil qilish zarurati paydo bo‘ldi. Mazkur kuzatish natijasida to‘plangan ma’lumotlar tabiiy muhitda yuz berayotgan o‘zgarishlarni baholash va tegishli xulosalar chiqarishga imkon beradi. Shuning uchun ham monitoring tizimini tashkil qilish bo‘yicha takliflar o‘rtaga qo‘yildi. Atrof-muhit holatining monitoringi masalasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1972-yilda Stokgolmda bo‘lib o‘tgan tabiiy muhit muhofazasiga bag‘ishlangan konferensiyasi arafasida vujudga keldi. U «SKOPE» (atrof-muhit muammolari bo‘yicha ilmiy qo‘mita) tomonidan ishlab chiqilgan edi. Monitoring tushunchasining mazmuni, turlari hamda O‘zbekiston hududida atrof-muhit monitoringini amalga oshirish masalalari ushbu bo‘limda ochib beriladi.
  XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab fan-texnika inqilobi natijasida jamiyatning tabiatga ta’siri kuchayib ketdi. Oqibatda sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolar kelib chiqa boshladi. Bu esa atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish tizimini tashkil qilishni taqozo etdi. Shu munosabat bilan fanda yangi, monitoring (lotincha «monitor» — esga soladigan, ogohlantiradigan) tushunchasi paydo bo‘ldi.
  Monitoring — tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ma’lum bir hudud tabiiy sharoitining holatini kuzatish, nazorat qilish va boshqarish tizimidir.
  Monitoringning asosiy maqsadi tabiiy muhitning inson fao­liyati ta’sirida o‘zgarishini kuzatish, olingan ma’lumotlar asosida baholash va tegishli boshqaruv apparatini ishga solishdir.
  Monitoring asosida atmosfera havosi, suv havzalari, yerosti suvlari, tuproq, o‘simlik qoplamining turli chiqindilar, zaharli kimyoviy moddalar, radioaktiv elementlar bilan ifloslanishi kuzatiladi. Kuzatish ishlari insonning ma’lum ekologik sharoitda yashashining buzilishiga qaratiladi. Atrof-muhitning o‘zgarish darajasi hali ifloslanmagan tabiiy sharoit holatiga nisbatan olinadi.
 Akademik I.P.Gerasimov tomonidan monitoring tashkil qilishning bioekologik, geoekologik va biosfera bosqichlari ajratilgan.
  Bioekologik monitoring bosqichi yoki pog‘onasida atrof-muhitning ifloslanishi uning inson salomatligiga ta’siri nuqtayi nazaridan kuzatiladi. Mazkur pog‘onada odamlarning kasallanishi, o‘lim, tug‘ilish, uzoq umr ko‘rish va boshqa ma’lumotlardan foy­dalaniladi. Bu ma’lumotlar insonning atrof-muhit o‘zgarishiga aks ta’siri hisoblanadi. Ushbu bosqichda monitoring kuzatish shoxobchalari va sanitariya-gigiyena xizmati ma’lumotlariga tayanib ish ko‘riladi.
  Bioekologik monitoring inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan chiqindi va moddalar bo‘yicha kuzatishni tashkil qiladi.
  Geoekologik (geotizimli) monitoring bosqichi yoki pog‘onasida asosan tabiiy-hududiy, tabiiy-texnogen va demografik (aholi) geotizimlari kuzatiladi va nazorat qilinadi. Mazkur bosqich (pog‘ona) uchun tabiatni ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan miq­dori va tabiiy komplekslarning (geotizimlarning) o‘z-o‘zini tozalash qobiliyati haqidagi ma’lumotlar muhim hisoblanadi. Kuzatishlar geografik statsionarlarda, maxsus zona yoki mintaqaviy poligonlarda olib boriladi.
  Geotizimli monitoringni amalga oshirishda hududda havo, suv, tuproq, o‘simlik, hayvonot dunyosi, inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar va ifloslantiruvchi manbalar bo‘yicha kuza­tish tashkil qilinadi. Bu borada geotizimning o‘ziga xos xususiyatlari e’tiborga olinmog‘i lozim. Cho‘llarda kemiruvchilar turli xatarli kasalliklarni tarqatuvchi manba hisoblanadi. Buning oqibatida ma’lum vaqt mobaynida katta hududda yuqumli kasallik o‘chog‘i yuzaga keladi. Shuni hisobga olib, cho‘l geotizimida muntazam ravishda monitoring ishlarini olib borish lozim bo‘ladi. 
  Biosfera monitoringi bosqichining asosiy vazifasi atrof-muhitni dunyo miqyosida kuzatishdan iborat. Bunda atmosferaning changlanishiga, Dunyo okeanining ifloslanishiga va boshqa ko‘rsatkichlarga ko‘proq e’tibor beriladi. Kuzatishning asosiy maqsadi dunyo miqyosida bo‘ladigan o‘zgarishlarning aholi salomatligi va faoliyatiga ta’sirini baholashdir. Kuzatishlar biosfera poligonlari tizimida olib boriladi. Biosfera poligonlari tizimiga qo‘riqxonalar va aholining xo‘jalik faoliyati zonalari kiradi.
  Atmosferani kuzatishda asosiy e’tibor chang miqdorining ortib ketishiga, «issiqxona samarasi»ning vujudga kelishiga, qutbiy mintaqalarda ozon qatlamining yupqalanishiga qaratiladi.

Eslab qoling!
  Monitoring deb, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ma’lum bir hudud tabiiy sharoitining holatini kuzatish, nazorat qilish va boshqarish tizimiga aytiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash