O`zbekistonda atrof-muhit monitoringini amalga oshirish
O‘zbekistonda qishloq va suv
xo‘jaligi, tog‘-kon, kimyo, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarining
so‘nggi 30-40 yil davomida tez sur’atlar bilan rivojlanishi natijasida
atrof-muhitda kuchli o‘zgarishlar ro‘y berdi, mintaqaviy va mahalliy ekologik
muammolar kelib chiqdi. Natijada atrof-muhit holatini muntazam kuzatish,
nazorat qilish va boshqarishning yagona davlat tizimini ishlab chiqish va
amalga oshirish zarurati tug‘ildi.
Atrof-muhit monitoringi
mamlakatimizdagi bir qancha muassasa va tashkilotlar tomonidan amalga
oshiriladi.
Atmosfera havosi va suv
havzalarining ifloslanishi O‘zbekiston Gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi
tomonidan, yerosti suvlarining ifloslanishi, noxush tabiiy geografik
jarayonlarning rivojlanishi O‘zbekiston Geologiya vazirligiga qarashli
«O‘zbekgidrogeologiya» korxonasi tomonidan, tuproqlarning sho‘rlanishi va
grunt suvlari me’yori, kollektor suvlari minerallashuv darajasi Qishloq va suv
xo‘jaligi vazirligi tomonidan, o‘rmonlar holati O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi
tomonidan, atrof-muhitning inson salomatligiga ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan
masalalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kuzatib, nazorat qilib
turiladi. Bu tashkilot va muassasalarning monitoring sohasidagi faoliyati
Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan boshqariladi. Bu qo‘mita
atrof-muhit bo‘yicha turli axborot va ma’lumotlarni yig‘ib, yuzaga kelgan
ekologik vaziyatni baholaydi. Noxush ahvol vujudga kelgan bo‘lsa, tegishli
tashkilotlarga xabar berish bilan birga uning oldini olish bo‘yicha tegishli
chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Atrof-muhit monitoringini kuzatish
va nazorat qilish turli usullarda olib boriladi: aerokosmik, avtomatik
laboratoriyalar, ko‘chma laboratoriyalar va h.k.
Aerokosmik usul
bilan atmosfera havo massalarining yo‘nalishi, havoning ifloslanishi,
tog‘lardagi muzliklar, qorliklar rejimi, tuproq va o‘simlik qoplamlarining
holati, ekinlarning o‘sishi, ularning holati hamda hosildorligi kuzatib
turiladi. O‘zbekistonning ma’lum bir hududi aerokosmik usulda
kuzatilayotganda olingan ma’lumotlar avtomatik ravishda tegishli
tashkilotlarga uzatib turiladi.
Atmosfera havosi monitoringi O‘zbekiston
hududida asosiy gidrometeorologik stansiya va postlar (avtomatik ravishda
ishlaydigan maxsus uychalar — Post-2)da amalga oshiriladi.
Atmosfera va suv tarkibidagi zararli,
ifloslantiruvchi moddalar miqdori maxsus laboratoriyalarda kimyoviy usullar
yordamida aniqlanadi.
Sanoat rivojlangan hududlarda maxsus
kuzatish asosan statsionar (doimiy), marshrutli va harakatdagi postlarda olib
boriladi. Mazkur postlarda gazlarning miqdori avtomatik usulda aniqlanadi.
Suv havzalarining ifloslanishi ham muntazam
ravishda kuzatib va nazorat qilib turiladi. Daryolar, kanal va kollektor
suvlarining ifloslanish darajasi bir yo‘la bir necha joylarida yuqoriqismida,
sanoat markazlari va shaharlarga kirish joylarda, ichkarisida va chiqish
joyida) aniqlanadi.
Yil davomida mamlakatimiz bo‘yicha olib
borilgan kuzatish va nazorat ma’lumotlari yig‘ilib, o‘rtacha oylik
ko‘rsatkichlar aniqlanadi. Tuproq, suv va o‘simliklardagi turli zararli
chiqindilar, asosan, sanoat korxonalari atrofida, pestitsidlar ekinzorlar va
ular hududidagi suv havzalarida kuzatiladi va nazorat qilib turiladi.
Sug‘oriladigan hududlarda tuproqning
sho‘rlanishi bo‘yicha kuzatish va nazorat amalga oshiriladi. Kuzatish va
nazorat ma’lumotlari yilda ikki marta — 1-aprel va 1-oktabrda yig‘iladi.
Yaylovlar asosan aerokosmik usulda kuzatiladi va
nazorat qilib turiladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.