Landshaft va uning tuzilishi
«Landshaft» nemischa so‘z
bo‘lib, «joy» degan ma’noni bildiradi. Hozirgi paytda landshaft tushunchasi
geografiyada keng va tor ma’noda ishlatiladi.
Keng ma’noda landshaft
deganda tabiiy hududiy kompleks tushuniladi. Masalan, tayga zonasi, botqoq,
tundra, so‘l va h.k.
Tor ma’noda landshaft — yer
yuzasidagi tabiiy chegaralari bilan ajralib turuvchi joydir. Landshaft hududiy
yaxlitligi, vujudga kelishiga ko‘ra bir butunligi, geografik tuzilishi,
relyefi, iqlimi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining bir xilligi bilan
ajralib turadigan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, Qizilqumdagi qumli,
gilli, taqirli, sho‘rxokli landshaftlar, tog‘lardagi yaylov, o‘rmon, vodiy
landshaftlari shular jumlasidandir.
Odatda landshaftlar tabiiy va antropogen landshaftlarga ajratiladi. Tabiiy landshaft — faqat tabiiy omillar
ta’sirida shakllangan yoki shakllanayotgan landshaftdir. Unga inson faolliyati
ta’sir etmagan bo‘ladi. Masalan, Chotqol biosfera
qo‘riqxonasidagi archazorlar shular jumlasiga kiradi.
Antropogen landshafti — tabiiy va antropogen
omillar ta’sirida shakllangan va shakllanayotgan landshaftdir. Bunga inson
faoliyati ta’sirida vujudga kelgan landshaftlar kiradi.
Tabiatning barcha
komponentlari va landshaftlar u yoki bu darajada inson ta’sirida bo‘ladi.
Fan-texnika inqilobi sharoitida insonning tabiatga ta’siri tobora kuchaymoqda.
Mazkur landshaftlar insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida shakllanadi, ammo
tabiiy xususiyatlarini saqlab qoladi va tabiat qonunlariga bo‘ysunadi.
Antropogen landshaftlar
quyidagi turlarga bo‘linadi: qishloq xo‘jalik yoki agrolandshaftlar
(ekinzorlar, bog‘lar, yaylovlar); suv yoki gidrogen landshaftlar (kanallar,
hovuzlar, suv omborlari); shahar yoki seliteb landshaftlar (shaharlar,
qishloqlar); sanoat landshaftlar (zavodlar, shaxtalar, chiqindilar uyumi,
aerodromlar, yo‘llar va h.k.).
Landshaftlar joy, maydon va
fatsiyadan tuzilgan bo‘lib, uning eng kichik birligi fatsiyadan iboratdir.
Fatsiya — bir xil tog‘ jinslariga,
relyefga, tuproqqa, namlikka, mikroiqlimga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega
bo‘lgan eng kichik tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, qayir fatsiyasi, o‘zan
fatsiyasi, toshli qayir, gilli qayir fatsiyalari.
Maydon (urochisha) — fatsiyalar
tizimidan iborat tabiiy hududiy kompleksdir. Demak, maydon hudud jihatdan katta
bo‘lib, bir necha fatsiyalarni birlashtiradi. Masalan, botiqdagi sho‘r va
sho‘rxoklar; oq saksovulli tekis qumlar; do‘ngli qumlar va h.k.
Joy — maydonlar majmuasidan
iborat bo‘lgan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, yoyilmalarning yuqori,
o‘rta va quyi qismlari, tog‘larning suvayirg‘ichi, yonbag‘irlari va h.k.
Ma’lum bir hududdagi joylar
yig‘indisi landshaftni tashkil qiladi. Masalan, cho‘l landshafti — qumli,
gilli, toshli, taqirli joylardan iborat.
Demak, landshaft — joylar
majmuasidan, joylar — maydonlar majmuasidan, maydonlar esa fatsiyasidan iborat.
Yoki landshaftlar — joylarga, joylar — maydonlarga, maydonlar — fatsiyalarga
bo‘linar ekan.
Eslab qoling!
Landshaft — hududiy yaxlitligi, vujudga kelishiga ko‘ra bir
butun, geografik tuzilishi, relyefi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi bir
xil bo‘lgan tabiiy hududiy kompleksdir.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.