Amaliy geografiyaning tadqiqot usullari
Amaliy geografiya tabiiy va
ijtimoiy muhitni o‘rganishda turli tadqiqot usullaridan foydalanadi. Mazkur
tadqiqot usullariga quyidagilar kiradi: sistemali, ekologik, landshaft va
iqtisodiy. Ushbu usullarni yondashuv deb atash ham mumkin.
Sistemali usul (yondashuv). Mazkur usulda
o‘rganilayotgan hudud ma’lum bir sistema sifatida qaraladi. Bu sistema esa
bir-biri bilan bog‘langan qator kichik sistemalardan iborat bo‘ladi. Masalan,
Chirchiq vodiysini ma’lum bir yaxlit sistema sifatida oladigan bo‘lsak, u
bir-biri bilan bog‘langan quyidagi sistemalardan iborat: geologik tuzilishi;
relyefi; suvlari (daryolari, ko‘llari, muzliklari, botqoqliklari, yerosti
suvlari); iqlimi; tuproqlari; o‘simlik va hayvonot dunyosi; qishloq
xo‘jaligi; sanoati; transporti; aholi manzilgohlari (shahar va qishloqlar);
gidrotexnik inshootlar va h.k. Ushbu sistemalar bir-biri bilan chambarchas
bog‘langan. Bu sistemalarning biri o‘zgarsa boshqalari ham o‘zgaradi.
Masalan, iqlim yoki suv sistemasi o‘zgaradigan bo‘lsa, tuproq, o‘simlik va
hayvonot dunyosi ham o‘zgaradi.
Ekologik usul (yondashuv). Ushbu usulda
ma’lum bir hudud yoki muammo o‘rganilayotganda, unga tirik mavjudotlarning
(o‘simlik va hayvonot dunyosi), insonning atrof-muhit bilan bo‘ladigan o‘zaro
aloqalari nuqtayi nazaridan qaraladi. Masalan, Chorbog‘ suv ombori qurilishi
munosabati bilan vodiyning ancha qismi suv ostida qoldi, yerosti suvlari sathi
ko‘tarildi, tuproq va havoda namlik miqdori oshdi. Buning oqibatida
tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi o‘zgarishga uchradi. Suv ostida qolgan
qishloqlar aholisi ko‘chirildi, yangi, shinam va go‘zal Chorbog‘ shaharchasi,
dam olish zonalari vujudga keldi. Demak, ekologik yondashuvda tabiatda sodir
bo‘ladigan o‘zgarishlarning tirik ogranizmga ta’siri oldindan o‘rganilar va
bashorat qilinar ekan.
Landshaft usuli (yondashuvi).Mazkur usul qo‘llanganda, hudud ma’lum bir landshaft turlariga bo‘lib
o‘rganiladi. Masalan, biror tuman hududini o‘rganadigan bo‘lsak, mazkur tuman
hududi avval tabiiy va antropogen landshaftlarga ajratiladi. Tabiiy landshaftlar o‘rmonlardan, yaylovlardan, pichanzorlardan, toshloq va qumlardan,
botqoqlardan, sho‘rxoklardan, soy vodiylaridan, yonbag‘irlardan va boshqa
landshaft turlaridan iborat bo‘lishi mumkin. Antropogen landshaftlar esa
qishloq xo‘jalik yerlaridan, sanoat korxonalaridan, yo‘llardan, shahar va
qishloqlardan iborat bo‘lishi mumkin. Har bir landshaft turi alohida-alohida
tahlil qilinadi.
Iqtisodiy usul (yondashuv).Bu usulda aniq matematik-statistik hisoblashlar orqali tabiiy sharoitga, tabiiy
resurslarga, aholi va xo‘jalik korxonalariga baho beriladi hamda ularning
o‘zgarishi bashorat qilinadi. Masalan, aholi sonining o‘sishi yoki kamayish va
h.k.
Amaliy geografiya muhandislik geologiyasi,
muhandislik geografiyasi, amaliy landshaftshunoslik fanlariga yaqin turadi,
ularning tajriba va ilmiy yutuqlaridan foydalanadi. Shu bilan birgalikda, bu fan tomonidan ishlab chiqilgan
ilmiy usullardan tabiatni muhofaza qilishda, atrof-muhitning tabiiy va sun’iy
omillar ta’sirida o‘zgarishini
bashorat qilishda boshqa fanlar ham keng foydalanadi.
Eslab qoling!
Amaliy
geografiyada sistemali, ekologik, landshaft va iqtisodiy Ф tadqiqot
usullari qo‘llaniladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.