Ekspertiza uchun zarur bo`lgan ma`lumotlar
Ekspertiza ma’lum bir
ma’lumotlar jamlangan loyihaming tahlili natijasida amalga oshiriladi.
Ma’lum bir
obyekt yoki muhandislik inshootining loyihasini o‘tkazish uchun ekspertga yoki
ekspertlar guruhiga quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim.
1. Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud
to‘g‘risidagi tabiiy geografik ma’lumotlar. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: obyekt
yoki muhandislik inshooti hududining geografik joylashishi; hududning
geologik tuzilishi, ya’ni mazkur joyda tarqalgan tog‘ jinslari; hudud yer
yuzasining tuzilishi, asosiy relyef shakllarining joylashishi; yerosti
suvlari, ularning sathi va sho‘rligi; yer usti suvlari (daryo, ko‘l, botqoq),
ularning suv sarfi, me’yori, minerallashish darajasi, hududning iqlimi,
hududda tarqalgan asosiy tuproq turlari, ularning sho‘rlanish darajasi;
o‘simlik qoplami va ularning turlari, hayvonot dunyosi, asosiy landshaft
turlari.
2. Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud
to‘g‘risida iqtisodiy geografik ma’lumotlar. Bu turdagi ma’lumotlar quyidagilarni o‘z
ichiga oladi: hududning iqtisodiy geografik joylashishi, ya’ni yirik transport
yo‘llariga yaqin yoki uzoqligi; hudud aholisining soni, joylashishi; hududning
tabiiy resurslari va ulardan foydalanish darajasi; hududda joylashgan sanoat
korxonalari; hudud qishloq xo‘jaligi, asosiy dehqonchilik ekinlari,
yaylovlar, hudud transporti, hududning yoqilg‘i va elektroenergiya hamda suv
ta’minoti.
3. Hudud to‘g‘risidagi ekologik ma’lumotlar. U quyidagilarni o‘z ichiga
oladi: hudud tabiiy muhitining ifloslanishiga ta’sir etadigan manbalar; tabiiy
manbalar (shamol, surilma, zilzila, sel, suv toshqinlari va h.k.), sun’iy
omillar (zavod, fabrika, kommunal xo‘jalik korxonalari, qishloq xo‘jaligida
qo‘llaniladigan o‘g‘it, pestitsidlar va h.k.); atmosferaga chiqariladigan
chiqindilar; suvning ifloslanish darajasi; tuproq, o‘simlik va hayvonot
dunyosining o‘zgarishi; aholi salomatligi, keng tarqalgan kasalliklar va
ularning sabablari.
4. Obyekt yoki inshoot to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Bu ma’lumotlar quyidagilarni
o‘z ichiga oladi: obyekt yoki inshootning maydoni, balandligi, chuqurligi,
qismlari, qurilish muddatlari, faoliyati, mahsuloti, xomashyosi. Masalan,
obyekt foydali qazilma koni bo‘ladigan bo‘lsa, quyidagi ma’lumotlar taqdim
etiladi: foydali qazilma turi, zaxirasi, maydoni, chuqurligi, qazib olish
usuli (ochiq yoki yopiq); chiqindilar hajmi va ular egallaydigan maydon,
yordamchi inshootlarning joylashishi, shaxtaning yillik quvvati (mln t);
shaxtaning ishlash muddati (50, 100 yil va h.k.). Ushbu
ma’lumotlar asosida ekspertlar tomonidan mazkur obyekt yoki inshootning qurilishi maqsadga
muvofiq yoki muvofiq emasligi aniqlanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.