Loyihalash ishlarida landshaft tahlili
Hozirgi paytda shaharsozlik,
suv inshootlari, sanoat korxonalari va boshqa yirik inshootlarni loyihalashda
landshaft tahlili qo‘llanilmoqda. Landshaft tahlili muhandislik inshootlarini
to‘g‘ri joylashtirishga, tabiatda sodir bo‘ladigan noxush hodisalarning oldini
olishga imkon beradi.
Landshaft tahlili deganda
landshaftlarning xossa va xususiyatlarini, tuzilishini, rivojlanishini,
vujudga kelish tarixini, unda ro‘y beradigan jarayonlarni o‘rganish uchun
qo‘llaniladigan usullar majmuasi tushuniladi.
Landshaft tahlili usuli
landshaftning ikki tarkibiy qismi bo‘lgan tabiiy va antropogen qismlarini
tadqiq qilish va xaritalashni o‘z ichiga oladi. Landshaft tahlili tabiiy
sharoitning o‘zgarishini baholash va bashoratlash uchun asos bo‘ladi.
Landshaft tahlili usuli
tabiiy sharoit va resurslarni o‘rganishda yangi yerlarni o‘zlashtirish va
sug‘orish hamda zovur tarmoqlarini, sanoat korxonalarini, shahar qurilishini
loyihalashda qo‘llaniladi.
Tabiiy sharoit va resurslarni
o‘rganishda landshaft tahlili quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
O‘rganilayotgan hududning
landshaft xaritasi tahlil qilinib, unda qanday landshaft turlari (tabiiy va
antropogen) tarqalganligi aniqlanadi. Xaritadan hududda tarqalgan asosiy relyef
shakllari, tuproq turlari, o‘simlik qoplami, sug‘oriladigan, sug‘orilmaydigan
yerlar, yaylovlar, daryo terrasalari, sanoat korxonalari, suv inshootlari
aniqlanadi. Muhandislik inshootlari va antropogen landshaftlarning qanday
relyef shakllarida tarqalganligi tahlil qilinadi. Masalan, sholizorlar daryo
qayirlarida, paxtazorlar yuqori terrasalarda, yaylovlar cho‘llarda yoki tog‘
yonbag‘irlarida joylashgan va h.k.
Hududni yirik masshtabli
landshaft xaritalari yordamida o‘rganish ko‘pincha fatsiyalar xaritasini
o‘rganish orqali amalga oshiriladi (1:2500-1:5000).
Sizga ma’lumki, fatsiyalar
bir xil mikrorelyefga, geografik tuzumga, tuproq turiga, yer osti va yer usti
suvlariga, mikroiqlimga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega bo‘lgan eng
kichik tabiiy hududiy komplekslardir.
Fatsiyalar xaritasining
tahlili natijasida hududda qanday tuproq va o‘simlik qoplami, qanday tog‘
jinslari va qanday relyef shakllari tarqalganligi aniqlanadi. Masalan, daryoning qayeirida
asosan shag‘al toshlar, qumlar tarqalgan bo‘ladi, tuproq qoplami yupqa yoki
yo‘q darajada, terrasa yuzlarida esa lyoss va lyossimon jinslar tarqalgan,
tuproq qoplami qalin, pastqam joylarda yer osti suvlari sathi baland, shuning
uchun bunday yerlarda botqoqliklar ko‘proq tarqalgan bo‘ladi.
Hududning tabiiy sharoiti va resurslarini
o‘rta va mayda masshtabli landshaft xaritalari yordamida ham o‘rganish mumkin.
Bunday landshaft xaritalari asosida yer, o‘simlik, yaylov, o‘rmon, tuproq va
hayvonot resurslari haqida ma’lumotlar olinadi.
Yangi yerlarni o‘zlashtirish va ularni
sug‘orishga tayyorlash loyihalashini tuzayotganda relyef va yer osti
suvlarining harakat yo‘nalishi va ularning to‘planish hududlarini aniqlash
muhim ahamiyatga ega. Masalan, XX asrning 60-yillarida Tojikistondagi Zarafshon
tumanida Mirzacho‘lning janubiy qismidagi prolyuvial tekislikning yuqori
qismida 15 ming gektar yer o‘zlashtirilib, sug‘orila boshlandi. Oqibatda
prolyuvial tekislikning quyi qismida joylashgan O‘zbekistonning 50 ming gektar
yerida yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, tuproqlarni sho‘r bosdi. Chunki,
prolyuvial tekislikda yer osti suvlarining gorizontal (yotiq) harakati kuchli
bo‘lishi tufayli Zafarobod tumanida sug‘orish boshlanishi bilan tuproqqa
shimilgan suvlar prolyuvial tekislikning etak qismlari tomon harakat qilgan.
Oqibatda yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, Mirzacho‘lning avvaldan sug‘orib
kelinayotgan yerlarida katta hududni sho‘r bosishiga olib kelgan.
Sug‘orish va zovur tarmoqlarini
loyihalashda landshaft tahlilini amalga oshirish uchun quyidagilarga e’tibor
beriladi: hududning relyefi chuqur tahlil qilinadi, sug‘orish tarmoqlari
hududning baland joylaridan, zovur tarmoqlarini esa pastqam joylaridan
o‘tkazish loyihalashtiriladi. Chunki pastqam joylarda yer osti suvlari sathi
yer yuzasiga yaqin bo‘ladi. Shuning uchun bunday joylardan kollektor-zovur
tarmoqlari o‘tkazilganda yer osti suvlari tez pasayadi va sho‘rlanishning oldi
olinadi.
Sanoat korxonalarini joylashtirishda juda
ko‘p omillarni hisobga olish lozim. Sanoat korxonasi qanday mahsulot ishlab
chiqaradi, atrof-muhitga qanday zararli moddalar tarqaladi va h.k.
Atmosferaga ko‘proq ifloslovchi moddalarni chiqaradigan sanoat korxonalarini
loyihalashtirishda relyef, doimiy shamollar yo‘nalishi, aholi
manzilgohlarining joylashishi va boshqa omillar hisobga olinishi zarur. Atmosferaga tashlanayotgan
chiqindilar tez tarqalib ketishi uchun korxona balandroq joyga qurilgani
ma’qul.
Sanoat korxonasi qurilishda
doimiy shamollar yo‘nalishini hisobga olish muhim hisoblanadi. Masalan,
O‘zbekiston chegarasidan 25
km uzoqlikda joylashgan Tojikiston hududidagi alumin
zavodini qurishda shamollar yo‘nalishi hisobga olinmagan. Natijada, bu
zavoddan chiqayotgan zararli chiqindilar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo,
Denov tumanlariga shamol ta’sirida uchib kelib, ekologik vaziyatni
keskinlashtirib yuborgan.
Shaharsozlik loyihalarini
tuzishda quyidagilar e’tiborga olinishi lozim: hududning geologik tuzilishi,
gidrogeologik sharoiti va relyefi, foydali qazilmalarning joylashishi va h.k.
Shahar yoki qishloq qurilishidan avval
hududning geologik tuzilishi chuqur tahlil qilinishi lozim. Shaharning asosi
mustahkam bo‘lishi zarur. Agar inshootlar asosi g‘ovak, yumshoq va suvda erib
ketadigan tog‘ jinslaridan iborat bo‘lsa, bino qurilganidan so‘ng ular
o‘pirilishlar, cho‘kishlar natijasida ishdan chiqishi mumkin. Mabodo, shahar
asosi suv tekkanda shishib ketadigan gillardan iborat bo‘lsa, binolarda
yoriqlar paydo bo‘lib, yaroqsiz holga kelib qolishi mumkin. Masalan, Zarafshon
shahri qurilganda 5-10 m chuqurlikda suv tekkanda tezda shishib ketadigan
gillar borligi hisobga olinmagan. Oqibatda shahar qurilib, suv olib
kelinganidan so‘ng, gillar shishib, 5-9 qavatli binolarning devorlarida
yoriqlar paydo bo‘lib, ularning ba’zilari yaroqsiz holga kelib qolgan. Yangiyer
shahrini qurishda relyef va yer osti suvlarining yo‘nalishi hisobga olinmagan
edi. Natijada, tog‘ tarafdan shahar tomonga yer osti suvlarining oqishi oqibatida
yer osti suvlarining sathi ko‘tarilib, yerlar sho‘rlanib ketdi. Shu sababli,
Sirdaryo viloyatining markazi Yangiyer shahridan Guliston shahriga ko‘chirildi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.