loading...

Sun`iy omillar ta`sirida sodir bo`ladigan jarayonlar 

11857

 Sun’iy omillarga ilgari aytganimizdek, qishloq va suv xo‘jaligi sanoat va transport vositalari ta’sirida sodir bo‘ladigan jarayonlar kiradi.
 Qishloq xo‘jaligining rivojlanishi natijasida sho‘rlanish, shamol va suv eroziyasi ham rivojlanadi.
 Yer osti suvlari sathi yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘lsa, suvlarning bug‘lanishi oqibatida tuproq sho‘rlana boshlaydi. Chunki suv bug‘langanda uning tarkibidagi tuzlar tuproqda qolib, tuz miqdorining ortib ketishiga olib keladi. Bunday holat Xorazm vohasida va Mirzacho‘lda namoyon bo‘lmoqda.
 Shamol eroziyasi doimiy shamollar esadigan joylarda ko‘proq uchraydi, bunda tuproqning yuqori unumdor qismi uchirib olib ketiladi.
 Suv eroziyasi qiya joylarni sug‘orish jarayonida ro‘y beradi va turli kattalikdagi jarlarning vujudga kelishiga va hosildor yerlarning ishdan chiqishiga olib keladi.
 Suv inshootlarining qurilishi ham ayrim noxush hodisalarni keltirib chiqaradi. Qoraqum kanalining qurilishi, Amudaryo va Sirdaryo suvlarining sug‘orishga sarflanishi natijasida Orol dengizining sathi 1960-yildan so‘ng pasaya boshladi. Orol dengizi tubining ochilib qolgan qismidan tuzlarning shamollar ta’sirida uchirib olib ketilishi natijasida Orolbo‘yi atrofidagi yerlarning sho‘rlanish darajasi ortib bormoqda. Hozirgi paytda Orol tubining ochilib qolgan joylariga tuzlarning uchirib ketishining oldini olish maqsadida sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilmoqda.
 Sanoat tarmoqlarining rivojlanishi munosabati bilan turli noxush tabiiy geografik jarayonlar vujudga keladi. Masalan, tog‘-kon sanoatining rivojlanishi natijasida juda ulkan surilmalar, yer yuzasining cho‘kishi, o‘pirilishlar, yer osti suvlari sathining pasa- yishi va boshqa hodisalar ro‘y beradi. Ohangaron vodiysida 20-25 yil davomida ko‘mir gazga aylantirilishi oqibatida yer ostida 1 kv.km dan ortiqroq maydonda bo‘shliq hosil bo‘lgan. Natijada, tog‘ yonbag‘rining barqarorligi buzilib, hajmi 700-800 mln kub m ni tashkil qilgan surilma hosil bo‘ldi va xalq xo‘jaligiga katta mod- diy zarar yetkazdi. Foydali qazilma konlarini qazib olish jarayoni­da suvlarni kondan tashqariga chiqarib yuborish oqibatida yer osti suvlarining sathi keskin pasayib ketadi. Juda katta maydonlarda neft va gaz qazib olish esa yer yuzasining cho‘kishiga olib keladi. Masalan, neft va gaz qazib olish natijasida Rossiyaning G‘arbiy Sibir pasttekisligi cho‘kmoqda, oqibatda bu tekislikda yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, botqoqliklar va ko‘llar maydoni kengayib bormoqda.
  Sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqarilayotgan changlar havoni ifloslab, «issiqxona samarasi»ni keltirib chiqarmoqda, oqi­batda Yer yuzasidagi o‘rtacha harorat ortib bormoqda.

Ohangaron vodiysidagi "Asr surilmasi”
 Ohangaron vodiysidagi Angren ko`mir konining Otchasoy havzasida ko`mir yer ostida gazga aylantiriladi. Hosil bo`lgan gaz quvurlar orqali iste`molchilarga yetkazib beriladi, Uzoq vaqt davomida (20 yildan ortiq) ko`mirning gazga aylantirilishi oqibatida yer ostida maydoni bir kvadrat kilometrdan ortiqroq bo`shliq (g`or) vujudga keldi. Natijada Qurama tizmasining shimoliy yonb`agrining muvozanati buzilib, vodiy tomon surila boshladi. Surilmaning uzunligi 4 km, kengligi 2 km, maydoni 8 km, chuqurligi 100-120 metr, hajmi 700-800 mln metr.kubni tashkil qildi. Surilmaning etagida joylashgan Teshiktosh qishlog`ida uylar buzila boshladi. Ohangaron daryosining to`silib qolishi xavfi tug`ildi. Surilma oqibatida Teshiktosh qishlog`i tamoman boshqa joyga ko`chirildi. Ohangaron daryosi uchun yangi kanal qazilib, xavfli zonadan tashqariga olib o`tildi. Mazkur surilma "Asr surilmasi” deb nom olgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash