loading...

Tabiiy geografik jarayonlar 

15831

Ma’lumki, tabiatda sodir bo‘ladigan barcha jarayonlar tashqi va ichki  kuchlar  ta’siri natijasida  yuzaga  keladi.  Tabiiy  geograf  k jarayonlar- ning tabiiy omillar ta’sirida sodir bo‘ladigan, ya’ni nurash, sel, eroziya,  abraziya,  surilma,  karst,  sho‘rlanish kabilarning  kelib  chiqish  sabablarini o‘rganish va sodir bo‘lish jarayonlarini tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.  Tabiatda  sodir  bo‘layotgan  jarayonlarga  ta’sir  qiluvchi antropogen  omillar:  masalan,  yerlarning  sho‘rlanishi,  irrigatsiya  eroziyasi, o‘pirilishlar,  cho‘llashish  kabilarni  tahlil  qilish,  ularning  oldini  o lish  choralarini ishlab chiqish muhim ekanini  mavzuni  o‘rganish davomida  bilib olasiz.
 
Tabiiy geografik jarayonlar deb,  Yerning  tashqi  (ekzogen) kuchlari  va inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida sodir bo‘ladigan jarayonlarga aytiladi.
 
Tabiiy  geografik  jarayonlar  tog‘  jinslarining  yemirilishida,  tog‘ jinslari fizik holatining o‘zgarishida,  yer  yuzasi  relyefining  shakllanishi  va o‘zgarishida, atmosfera hodisalari rivojlanishida  namoyon  bo‘ladi.  Ular rivojlangan hududlarda turli xil inshootlarni joylashtirish,  qurish  va  ishlatishda  ma’lum  bir  qiyinchiliklar yuzaga keladi.  Shuning uchun  bunday  jarayonlar  rivojlangan  va  tarqalgan  joylarda turli xil inshootlar qurishning ilmiy  asoslarini ishlab  chiqish muammosi vujudga kelmoqda.
 
Sel, surilma, ko‘chki, botqoqlanish, ko‘p yillik muzloq, qurg‘oqchilik,  o‘pirilma  tarqalgan joylarda  qurilish  ishlari  olib  borish  uchun  hozirgi  paytda maxsus qoidalar, yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan.
 
Tabiiy  omillar,  o‘z  navbatida,  ikki  katta  guruhga  bo‘linadi: Yerning  ichki  kuchlari bilan  bog‘liq  va  tashqi  kuchlar  bilan  bog‘liq  bo‘lgan  omillar.
 
Yerning  ichki  kuchlari endogen  (yunoncha  «endo» – ichki, «genos»  –  kelib chiqish) kuchlar  deb  ataladi.  Ular  ta’sirida  vulqonlar  otiladi,  zilzilalar,  tektonik harakatlar sodir  bo‘ladi.  Bunday  jarayonlar  endogen  yoki geologik jarayonlar deb ataladi.
 
Tashqi omillar ekzogen (yunoncha «ekzo» – tashqi, «genos» – kelib  chiqish) omillar yoki  kuchlar  deb  ataladi. Tashqi  kuchlar ta’sirida  vujudga keladigan jarayonlar ekzogen jarayonlar yoki tabiiy geografik jarayonlar deb ataladi. Bunday jarayonlar Quyosh issiqligi, og‘irlik kuchi,  yer  usti va osti  suvlari hamda  organizmlar ta’sirida vujudga keladi  va  rivojlanadi. Ekzogen jarayonlarga nurash, eroziya, abraziya, deflyatsiya,  surilma, karst, sel, qor ko‘chkisi kabi hodisalar kiradi.
 
Nurash deb, haroratning o‘zgarishi, kimyoviy jarayonlar, atmosfera, suv va organizmlar ta’sirida tog‘ jinslarining yemirilishiga aytiladi.
 
Nurash uch turga ajratiladi: fizik, kimyoviy va organik nurash. Fizik nurash, asosan, harorat  va  namlikning  o‘zgarishi  natijasida  sodir  bo‘ladi. Kunduzi havo haroratining ko‘tarilib ketishi natijasida tog‘ jinslarida darzlar hosil bo‘lib, ular bo‘laklarga bo‘linib ketadi. Ammo tog‘ jinslarining  kimyoviy  tarkibi  o‘zgarmaydi.  
 
Fizik  nurash  cho‘llarda  va  qoyali  tog‘larda keng tarqalgan. Kimyoviy nurash deb, havo, suv ta’sirida tog‘ jinslarining yemirilishi  va  kimyoviy  o‘zgarishiga  aytiladi. Kimyoviy  nurash  ta’sirida  barqaror  minerallar hosil bo‘ladi.
 
Organik nurash  deb, tog‘ jinslarining organizmlar  (o‘simlik,  hayvonot dunyosi, mikroorganizmlar) ta’sirida yemirilishiga aytiladi. 
 
Eroziya  (lotincha  «erosio»  –  yemirish,  yuvilish)  deb  tog‘  jinslari  va  tuproqning oqar  suvlar  ta’sirida  yuvilishiga aytiladi.  Eroziya  yuzalama  va  chiziqli  turlarga bo‘linadi. Yuzalama eroziya  jarayoni  tog‘  yonbag‘irlarida  keng  tarqalgan. Uning oqibatida  tog‘  yonbag‘irlaridagi  jinslar  yuvilib,  pastga  tushadi. Yumshoq jinslardan tashkil  topgan  qiya joylarda yuvilish natijasida jarlar vujudga keladi. Chiziqli eroziya daryo eroziyasi deb ham ataladi. Buning natijasida daryo o‘zanlari va qirg‘oqlari yuviladi.
 
Daryo qirg‘oqlarining yuvilishi Xorazm va Qoraqalpog‘istonda «deygish»  deyiladi. Amudaryo  1925-yilda  sobiq  To‘rtko‘l  shahrining  yaqinidan oqqan. 1938-yilga kelib Amudaryo shaharni yuvib keta boshladi,  1950-yilga  kelib  esa  daryo  To‘rtko‘l shahrini butunlay  yuvib  ketgan.  Keyinchalik  daryodan  ancha  uzoqda  yangi,  hozirgi To‘rtko‘l  shahri  bunyod etildi.
 
Abraziya  (lotincha «abrasio»  – qirish, qirtishlash)  deb,  okean, dengiz va ko‘l qirg‘oqlarining to‘lqinlar tomonidan yemirilishi va tekislanishiga  aytiladi. Abraziya natijasida  okean  va dengiz,  ko‘l  qirg‘oqlarida  tekisliklar hosil  bo‘ladi. Respublikamizdagi yirik  ko‘llar  va  suv omborlarining qirg‘oqlarida abraziya jarayonini kuzatish mumkin. 
 
Deflyatsiya (lotincha "defl atsio” – puflash) –  tog‘ jinslarining shamol  ta’sirida yemirilib, maydalangan  zarralarning  boshqa joylarga  ko‘chishi. Deflyatsiya qurg‘oqchil o‘lkalarda, ayniqsa, qumli cho‘llarda kuchli bo‘ladi. Shamol qumlarni to‘zg‘itib, bir joydan ikkinchi joyga tashib uylarga,  yo‘llarga, quduqlarga zarar yetkazadi. Ayniqsa, o‘simlik qoplamini zararlab chorvachilikka ziyon keltiradi. Deflyatsiyaning oldini olish va zararini kamaytirish uchun daraxt va buta o‘simliklarini ekish lozim. 
 
Sel – tog‘ vodiylari, soylar va jarlardan qisqa vaqt ichida juda katta  tezlik  bilan  oqib keluvchi  tosh  aralash  loyqa  suv oqimi. Sellar tog‘li o‘lkalarda jala yog‘ishi natijasida yuzaga keladi. Sellar o‘zi bilan birga  loyqa va toshlarni olib keladi. Tezligi soatiga 10–15 km ni tashkil etishi  mumkin.  U  yo‘lda  uchragan  hamma narsani yuvib  ketadi  va juda  katta  moddiy  va ma’naviy  zarar  yetkazadi.  Sel  hodisasi  O‘rta  Osiyo- da, Kavkaz, G‘arbiy Yevropa,  Shimoliy va Janubiy Amerikaning  tog‘li o‘lkalarida ko‘proq sodir bo‘ladi. Respublikamizning  tog‘li hududlarida  ham  sel  hodisalari  tez-tez  bo‘lib turadi. Ularning zararini kamaytirish va sel suvlaridan foydalanish uchun tog‘ yonbag‘irlari va tog‘oldilarida  selxonalar qurilgan. 
 
Karst  deb,  suvda  yaxshi  eriydigan  tog‘  jinslarining  yer  usti  va  osti  suvlari ta’sirida eritilib, oqizib ketilishiga va yerostida turli xil bo‘shliqlar  (g‘orlar)ning, yer yuzasida esa o‘pirilmalar va chuqurliklar hosil bo‘lishiga aytiladi. Suvda tez eriydigan jinslarga ohaktosh, dolomit, bo‘r, mergel,  gips va  turli  xil  tuzlar kiradi.  Bunday jinslar tarqalgan joylarda  qurilish  ishlari olib borish ancha murakkab jarayon hisoblanadi.
 
Surilma deb, tog‘ jinslarining og‘irlik kuchi ta’sirida yonbag‘ir bo‘ylab  pastga surilib tushishiga aytiladi. Surilmalar, asosan, tog‘li o‘lkalarda sodir bo‘ladi. Ko‘pincha suvli va suv o‘tkazmaydigan gilli qatlamlar  ustma-ust  joylashgan  tik  yonbag‘irlarda  ro‘y beradi.  Surilmalar  ham  sellar  kabi  xo‘jalikka  juda  katta  moddiy  zarar  yetkazadi. Yonbag‘irlar  tuproq va o‘simliklarini olib ketib, yo‘l va inshootlarni ko‘mib yuboradi. Surilmaning oldini olish uchun yonbag‘irlarda suvli qatlamga tushadigan  suv miqdorini kamaytirish tadbirlari amalga oshiriladi. 
 
Sug‘orma  dehqonchilik  natijasida  o‘pqonlar  avj  olib,  yerlar  qishloq  xo‘jaligida foydalanishga yaroqsiz holga keladi.
 
Antropogen  omillarga  insonning  turli  xil  xo‘jalik  faoliyati  kiradi:  qishloq  xo‘jaligi, suv  xo‘jaligi, konchilik  sanoati,  metallurgiya,  qurilish,  transport va boshqalar. Antropogen omillar  ta’sirida  antropogen  yoki  texnogen  jarayonlar sodir bo‘ladi. Bunday jarayonlarga  surilmalar,  yer  yuzasining  cho‘kishi,  o‘pirilma lar,  yerosti suvlari  sathining ko‘tarili shi yoki pasayishi, daryo va  ko‘llarning  qurishi,  yangi  suv havzalarining vujudga kelishi, yerlarning sho‘rlanishi  kabilar  kiradi. Mazkur  jarayonlar xo‘jalik faoliyatiga katta zarar yet kazadi. Qishloq  xo‘jaligining  rivojlanishi natijasida sho‘rlanish, shamol va  suv eroziyasi  ham  rivojlanadi.  Yerosti  suvlari sathi yer  yuzasiga  yaqin  joylashgan  bo‘lsa,  suvlarning  bug‘lanishi oqibatida  tuproq sho‘rlana  boshlaydi. Chunki,  suv bug‘langanda uning  tarkibidagi  tuzlar tuproqda qolib, tuz miqdorining ortib  ketishiga  olib  keladi.  Bunday  holat  Xorazm vohasida va Mirzacho‘lda namoyon bo‘lmoqda.
 
Deflyatsiya  doimiy  shamollar  esadigan  joylarda  ko‘proq  uchraydi,  haydalgan yerlarda tuproqning yuqori unumdor qismi uchib ketadi. Yerlarni  o‘zlashtirib,  haydash va  sug‘orish  natijasida  eroziya  jadallashadi.  Bunday  jarayonga  irrigatsiya eroziyasi  deyiladi.  Irrigatsiya  eroziyasi  tog‘oldi  hududlarida  lyoss  va  lyossimon jinslar  tarqalgan,  nishabligi 2° dan katta bo‘lgan yerlarda sug‘orish me’yori va qoidalariga  amal  qilinmagan  hollarda juda kuchli yuz beradi.  Natijada yerlar jarlanib, unumdor tuproq qoplami yuvilib ketadi. Buning oldini olish uchun  yerdan foydalanishda agrotexnika qoidalariga qat’iy amal qilish lozim.  
 
Suv  inshootlarining  qurilishi  ham  ayrim  noxush  hodisalarni  keltirib  chiqaradi. Qoraqum kanalining qurilishi, Amudaryo va Sirdaryo suvlarining sug‘orishga sarflanishi natijasida, Orol dengizining sathi 1960-yildan  so‘ng  pasaya  boshladi.  Orol dengizi tubining  ochilib  qolgan  qismidan  tuzlarni  shamollar  uchirib  olib  kelishi  oqibatida Orolbo‘yi  atrofdagi  yerlarning sho‘rlanish  darajasi  ortib  bormoqda.  Hozirgi  paytda buning  oldini olish maqsadida sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilmoqda.
 
Sanoat tarmoqlarining rivojlanishi munosabati bilan turli noxush tabiiy  geografik jarayonlar  vujudga  keladi. Masalan, konchilik  sanoatining  rivojlanishi  natijasida juda  ulkan  surilmalar,  yer  yuzasining  cho‘kishi,  o‘pirilishlar,  yerosti  suvlari sathining  pasayishi  va  boshqa  hodisalar  ro‘y  beradi.  Ohangaron  vodiysida  20–25  yil  davomida  ko‘mirni  gazga aylantirilishi  oqibatida  yerostida  1  km 2  dan ortiqroq  maydonda bo‘shliq  hosil bo‘lgan. Natijada,  tog‘  yonbag‘rining barqarorligi buzilib,  hajmi  700–800  mln  m.kub. ni  tashkil  qilgan  surilma  hosil bo‘ldi  va xo‘jalikka  katta moddiy zarar yetkazdi.  Foydali qazilma  konlarini  qazib  o lish jarayonida  suvlarni  kondan  tashqariga  chiqarib  yuborish  oqibatida yerosti suvlarining  sathi  keskin  pasayib  ketadi.  Juda  katta  maydonlarda  neft  va  gaz qazib  olish  esa,  yer  yuzasining cho‘kishiga  olib  keladi.  Masalan,  neft  va  gaz qazib  olish  natijasida  Rossiyaning  G‘arbiy  Sibir  pasttekisligi cho‘kmoqda, oqibatda bu  tekislikda yerosti  suvlari sathi ko‘tarilib, botqoqliklar va ko‘llar may- doni kengayib bormoqda.
 
Sanoat  korxonalaridan  atmosferaga  chiqarilayotgan  changlar  havoni  ifloslab, «issiqxona  samarasi»ni  keltirib chiqarmoqda,  oqibatda  Yer  yuzi da o‘rtacha harorat ortib bormoqda.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash