Muhandis-geografik tadqiqotlar
Muhandislik geografiyasi
inson bilan tabiat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida vujudga kelishi mumkin
bo‘lgan oqibatlarni baholash va bashorat qilish hamda ularning oldini olish
muammolari bilan shug‘ullanadi.
Muhandis-geografik
tadqiqotlar qurilish loyihalarini amalga oshirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Muhandis-geografik tadqiqotlar asosan sanoat korxonalarini joylashtirishda,
gidrotexnik inshootlarni (kanallar, to‘g‘onlar, suv omborlari va h.k.),
yo‘llarni loyihalashda, foydali qazilma konlarini qidirishda olib boriladi.
Sanoat korxonalarini
joylashtirishda muhandis-geografik tadqiqotlar ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda korxona qanday xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishi va
atrof-muhitga qanday chiqindilar tashlashi aniqlanadi. Ikkinchi bosqichda
korxona uchun joy tanlanadi va mazkur joyning tabiiy-geografik sharoitining
asosiy xususiyatlari aniqlanadi geologik tuzilishi, relyefi, iqlimi, suvlari,
tuprog‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi, aholisi, xo‘jaligi). Sanoat korxonasi
zararli chiqindilarni ko‘proq chiqaradigan bo‘lsa (ko‘mir asosida ishlaydigan
issiqlik elektrostansiyalari, sement, kimyo zavodlari), ularni aholi manzilgohlaridan olisda, shamol yo‘nalishiga teskari bo‘lgan hududlarga joylashtirish
zarur. Masalan, Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor neftni qayta ishlash zavodi,
Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtang gazni qayta ilshash zavodi cho‘lda, ya’ni
aholi zich yashaydigan hududlardan ancha olisda joylashgan, shuning uchun
ularning tabiat va insonga ta’siri kam.
Gidrotexnik inshootlarni loyihalashda
muhandis-geografik tadqiqotlar olib borishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
suv inshooti va tabiiy muhit o‘zaro ta’sirining asosiy qirralari, suvning
kirish-chiqishi, sho‘rlanganlik darajasi, loyqaligi, bug‘lanishi, to‘lqinlar
ta’sirida qirg‘oqlarning yemirilishi, suvning shimilishi va suv inshootining
samaradorligi, botqoqlanish, tuz to‘planishi, o‘simlik va tuproq qoplamining o‘zgarishi kabilar
aniqlanadi, ayrim noxush hodisalarning oldini olish bo‘yicha choralar ishlab
chiqiladi. Masalan, Amudaryo suvi loyqa bo‘lganligi (1 kub m da 3500 g loyqa bor) sababli,
undan suv oladigan Amu-Buxoro, Qarshi, Shovot, Toshsoqa, Qizketken va boshqa
kanallarda «o‘tirib» qoladigan loyqa nasoslar yordamida qirg‘oqqa chiqarib
tashlanadi.
Yo‘l qurilishini loyihalashda
muhandis-geografik tadqiqotlar asosan relyefning tahliliga yo‘naltirilgan
bo‘ladi. Chunki ko‘p hollarda loyihalanayotgan yo‘lning yo‘nalishini,
uzunligini, kengligini, arzon-qimmatligini relyef sharoiti belgilab beradi.
Shuning uchun yo‘llarni loyihalashda relyefning qiyaligi, qanday tog‘ jinslaridan
tashkil topganligi, mutlaq balandligi birinchi navbatda tahlil qilinadi.
Avtomobil yo‘llarining qiyaligi 12-15° dan oshmasligi lozim.
Baland va qiyaligi yuqori bo‘lgan joylarda
yo‘llar yer osti tunnellari orqali o‘tkaziladi. Masalan, Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lining qamchiq
dovonida uzunligi 2,5 km
li tunnel qazilgan.
Bundan tashqari, yo‘llarni loyihalashda
surilmalar, sellar, qor ko‘chkilari, daryo toshqinlari ham hisobda olinadi.
Foydali qazilma konlarini qidirish davomida
muhandis-geografik tadqiqotlar ikki yo‘nalishda olib boriladi. Birinchi
yo‘nalishda kon joylashgan hududning tabiiy va iqtisodiy-geografik sharoiti
o‘rganiladi va baholanadi. Ikkinchi yo‘nalishda foydali qazilma konini qazib
olish jarayonida atrof-muhitda ro‘y beradigan o‘zgarishlar bashorat qilinadi
(relyef, tuproq, o‘simlik, iqlim, ichki suvlari, qishloq xo‘jaligi, sanoati,
transporti, aholisi va h.k.).
Eslab qoling!
Muhandislik
geografiyasi inson bilan tabiat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida vujudga
kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baholash va bashorat qilish hamda ularning
oldini olish muammolari bilan
shug‘ullanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.