loading...

Xalqaro migratsiya jarayonlari va muammolari 

17061

Jahon mamlakatlarida aholi  tarkibi  va  joylashuviga migratsiyalar  katta ta’sir ko‘rsatadi. Migratsiya (lotincha migratio – "ko‘chish”) – aholining  bir  hududdan  boshqa  hududga  doimiy  yoki  vaqtincha  muddatga ko‘chishi.  Bitta  manzilgoh  ichidagi  ko‘chish  migratsiya  hisoblanmaydi. Migratsiyalar bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflanishi mumkin. Hududiy miqyosi jihatidan tashqi va ichki migratsiyalar ajratiladi. Tashqi migratsiya deganda, boshqa davlatga ko‘chish tushuniladi. Ba’zida tashqi migratsiyalar materik  ichidagi va materiklararo  migratsiyalarga  bo‘linadi.  Ichki migratsiya  bir  davlat  ichidagi  boshqa  hududga  ko‘chish  hisoblanadi.  U, o‘z navbatida, rayon ichidagi va rayonlararo migratsiyalarga bo‘linadi. 

Muddatiga  ko‘ra  migratsiyalar  doimiy  va  vaqtincha  turlarga  bo‘linadi. Vaqtincha  migratsiyalar  mavsumiy,  vaxtali  hamda  mayatniksimon  (tebranma) bo‘ladi. Mavsumiy migratsiyalar ko‘proq qishloq xo‘jalik ishlari bilan  bog‘liq  bo‘lsa,  vaxtali  migratsiyalar,  asosan,  tabiiy  sharoiti  noqulay hududlar dagi foydali qazilma konlarida yoki qurilish obyektlarida mehnat qilish  bilan  bog‘liq.  Mayatniksimon  migratsiyalar  esa  shahar  va  uning atrofi   o‘rtasida kunlik va haftalik tartibda kechadi: shaharga uning atrofidagi qishloq va kichikroq shaharlardan aholi ishlashga, o‘qishga va boshqa maqsadlarda, shaharliklar esa chetga, asosan, dam olish, ziyorat qilish yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun tez-tez qatnab turishadi.

Aholi  migratsiyasiga  iqtisodiy, oilaviy, etnik, diniy, siyosiy, ekologik (tabiiy) kabi  omillar sabab  bo‘ladi. Migratsiyalar,  asosan,  iqtisodiy sabablar, ya’ni muayyan yashash sharoiti  va ish o‘rinlarini qidirish bilan bog‘liq.  Oilaviy  migratsiyalar  turli  joylarda  yashayotgan  oila  a’zolarining o‘zaro birlashuvi borasida amalga oshadi. Etnik va diniy migratsiyalar deganda, ma’lum millat yoki din vakillarining boshqa davlat yoki hududga ko‘chishi tushuniladi. Siyosiy migratsiyalar urush yoki siyosiy inqiloblar  natijasida  ro‘y  beradi.  Ekologik  migrantlar  tabiiy  muhitning buzilishi  tufayli  yashash hududini  tark etadilar.  Bundan  tashqari, aholi migratsiyalari  ixtiyoriy va majburiy, tashkillashtirilgan va tashkillashtirilmagan kabi turlarga ham bo‘linadi. 

Hozirgi  vaqtda  eng  katta  migratsiya  to‘lqini  rivojlanayotgan  mamlakatlardan rivojlangan Mamlakatlarga tomon yo‘nalgan. Bunda  eng  ko‘p  xorijiy  migrantlarni  AQSH  qabul  qiladi.  Oxirgi  yillarda bu davlatdagi immigrantlar soni 45 mln kishidan oshgani qayd etilgan. G‘arbiy Yevropa davlatlari orasida esa eng ko‘p immigrantlar Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyaga kelgan. Bu davlatlarning har birida 7-10 mln immigrant yashamoqda. G‘arbiy Yevropaga immigrantlarning asosiy qismi Janubi-g‘arbiy  va  Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika  hamda Sharqiy  Yevropa  davlatlaridan  bormoqdalar.  Boshqa  rivojlangan  davlatlardan  Avstraliya,  Kanada,  Yangi  Zelandiya,  Isroil  va  JAR  ko‘plab xorijiy migrantlarni qabul  qilmoqda. Shunday  ekan, barcha  rivojlangan davlatlarda migratsiya saldosi (balansi) musbat hisoblanadi.

Aksariyat  qismi  manfiy  migratsiya  balansiga  ega  bo‘lgan  rivojlanayotgan  mamlakatlar  o‘rtasida  ham  yirik  migratsion  oqimlar  vujudga kelgan. Jumladan, katta miqdordagi xorijiy migrantlarni Fors qo‘ltig‘idagi arab mamlakatlari, ayniqsa, Saudiya Arabistoni va BAA hamda Janubiy Koreya,  Singapur, Malayziya singari  yangi  sanoatlashgan  davlatlar jalb qilmoqda. Bu davlatlarga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Yaman, Indoneziya,  Vyetnam,  Misr  kabi Osiyo  hamda Afrika  mamlakatlaridan millionlab immigrantlar borib mehnat qilishmoqda.

Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika qit’alarida qo‘shni davlatlar orasida nafaqat  iqtisodiy,  balki  siyosiy,  ekologik,  etnik  omillarga  bog‘liq  holda soni  jihatidan  yirik,  lekin  hududiy  ko‘lami  nuqtayi  nazaridan  lokal (mahalliy) migratsion oqimlar ham ro‘y bermoqda. Masalan, Suriyadan Turkiyaga, Afg‘onistondan  Eronga,  Ugandadan  Keniyaga  millionlab kishilar ko‘chib bormoqdalar. Yirik migratsiya oqimlari MDH hududida ham mavjud bo‘lib, ko‘proq Rossiyaga yo‘nalgan.  

Hozirgi  zamondagi  xalqaro  aholi  migratsiyalariga  qator  xususiyatlar va muammoli  jihatlar  xos.  Eng  ahamiyatlisi  shundaki,  migratsiya jarayonlari bugungi kunga kelib chindan  ham globallashdi,  deyarli  barcha mintaqa  va  mamlakatlarni  o‘z  doirasi  bilan  qamrab  oldi.  Tashqi  migratsiya  ayrim  hollarda,  ayniqsa,  rivojlangan  va  o‘tish  iqtisodiyotidagi davlatlar  uchun  aholining  umumiy  ko‘payishida  katta  rol  o‘ynaydigan bo‘ldi.  Ammo  xalqaro  migratsiya  oqimlari  immigratsiya  markaziga aylangan  davlatlar  aholisining  tarkibi  va  harakatiga,  jamiyatdagi  etnik va  konfessional  (diniy)  xilma-xillikka,  millatlararo  va dinlararo  munosabatlarga  sezilarli  darajada  ta’sir  o‘tkazmoqda. Ba’zida  mahalliy aholi va kelgindilar orasida to‘qnashuv, mojarolar ham sodir bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, oxirgi yillarda dunyoda aholining majburiy migratsiyalari kuchayib bormoqda. Bu migratsion to‘lqinlarning o‘choq lari sifatida Suriya, Iroq, Falastin, Liviya, Afg‘oniston va boshqa harbiy-siyosiy vaziyati og‘ir va aholining keng qatlamlari uchun xavfli bo‘lgan davlatlar alohida ajralib turibdi. 

Zamonaviy  migratsiyaning  yana  bir  muhim  jihati  shundan  iboratki, xalqaro  migrantlarning  sifat  tarkibi  (masalan,  ta’lim  darajasi  nuqtayi nazaridan) o‘zgarib bormoqda, davlatlararo migratsiya oqimlarida yuqori malakali  mutaxassislarning  ishtiroki faollashmoqda. Bu vaziyat  immigratsiya markazlari bo‘lmish rivojlangan davlatlar uchun ijobiy ahamiyat kasb etsa, emigratsiya o‘choqlari – rivojlanayotgan va o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar uchun esa buning aksi, ya’ni salbiy holat hisoblanadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash