Urbanizatsiya jarayonining global va regional jihatlari
Ma’lumki,
urbanizatsiya (lotincha urb – "shahar”) – bu shaharlar va shahar aholisining
o‘sish, shahar turmush tarzining keng tarqalish jarayonidir.
Shaharlar eng qadimgi
davrlarda vujudga kelib,
qishloqlar bilan birgalikda aholi
manzilgohlarining ikkita asosiy turidan birini tashkil qiladi. Shaharlar
tarixan ijtimoiy mehnat taqsimoti natijasida paydo bo‘lgan va rivojlangan.
Qadimgi davrlarda shaharlar hunarmandchilik, savdo-sotiq, ma’muriy
boshqaruv, mudofaa ishlari, diniy ibodatxona va ziyoratgohlar
negizida
vujudga kelgan. Tarixdan ma’lumki, bir necha ming yillar avval Yer yuzida
Fiva, Bobil (Vavilon),
Ur, Afina, Rim,
Iskandariya, Karfagen, Moxenjo-Daro,
Samarqand (Marokand) kabi
yirik shaharlar mavjud bo‘lgan. Ammo haqiqiy shaharlashuv jarayoni qizg‘in sur’atlar bilan faqat XIX asrda, dastlab
Yevropada, keyinchalik esa Shimoliy Amerikada boshlandi. Bu hodisa G‘arb
davlatlarida o‘sha paytda ro‘y bergan sanoat inqilobining natijasi
bo‘ldi. Dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida esa urbanizatsiya jarayonlari XX asrning
o‘rtalarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi ijobiy o‘zgarishlar tufayli
boshlandi va hozirgi kungacha yuqori sur’atlar bilan davom etmoqda.
Oxirgi 200
yil davomida dunyo
aholisida shahar aholisining
ulushi muntazam ravishda o‘sib
borgan. 1800-yilda insoniyatning
taxminan 3 % i shahar joylarida
istiqomat qilgan edi. 1900-yilga
kelib bu raqam 14 % gacha ko‘tarildi. Yarim asrdan so‘ng, 1950-yilda
jahon urbanizatsiya darajasi 29 % ni tashkil etdi, 1990-yilda bu ko‘rsatkich 45
%, 2001-yilda – 47 % ga yetadi. 2010-yilga kelib Shaharliklarning
jahon aholisi tarkibidagi ulushi 50 % dan ortdi va hozirgi kunda u 54 % ga
teng.
Urbanizatsiya
jarayoni 3 ta asosiy bosqichdan o‘tib rivojlanadi.
I.
Shakllanayotgan urbanizatsiya bosqichida shahar aholisining ulushi 50 %
dan past bo‘lib,
yangi shaharlar vujudga
keladi, ayrim qishloq joylar shahar
manzilgohlari toifasiga o‘tib
ketadi. Ayniqsa, yirik
shaharlar tez o‘sishni
boshlaydi. Bunda eng
yirik shahar boshqalarga nisbatan
ancha ilgarilab ketadi. Eng yirik shaharlarning o‘sishi ayrim hollarda "soxta” urbanizatsiya tarzida, ya’ni
shahar chekkalarida qishloqdan ko‘chib
kelgan past daromadli
aholi uy-joylarining zichlashib borishi ko‘rinishida
kechadi. Hozirda Osiyo va Afrikadagi qator rivojlanayotgan mamlakatlar
urbanizatsiyaning ana shu bosqichini kechirmoqdalar.
II. Rivojlangan urbanizatsiya bosqichi
"millioner” shaharlarning yuqori sur’atlar
bilan o‘sishi hamda
yirik shaharlar atrofida
aglomeratsiyalarning vujudga kelishi
bilan tavsifl anadi.
Shaharliklarning jami aholidagi
ulushi 50 % dan ortib ketadi, yangi shaharlar deyarli vujudga kelmaydi, mavjud
shaharlar esa, ayniqsa, yiriklari tez rivojlanadi, shahar manzilgohlarining
tizimlari shakllanib boradi. Urbanizatsiyaning bu bosqichi Sharqiy Yevropa, MDH
davlatlari, Lotin Amerikasi, Shimoliy Afrika, Janubi-g‘arbiy Osiyo,
Okeaniyadagi ko‘p mamlakatlarga xos.
III. Yetuk
urbanizatsiya bosqichi Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, AQSH, Kanada,
Avstraliya, Yaponiya, Isroilda kuzatilmoqda. Bunda aholi
yirik shaharlarning markazlaridan
asta-sekin shahar atrofiga ko‘chib boradi,
lekin shaharda ishlash, o‘qish, turli faoliyat
yuritishni davom ettiradi.
Natijada shaharlar markazlari, asosan, tadbirkorlik, bank-moliya sektori,
boshqaruv sohalarining rivojlanish maskanlariga aylanib, aholi yashash massivlari esa tobora markazdan
uzoqla shib boraveradi. Bunday ijtimoiy-geografik jarayon suburbanizatsiya deb
ataladi. Transport va
aloqaning zamonaviy texnologiyalari rivojlangan
sari urbanizatsiyaning bu bosqichida
shahar iqtisodiyoti tarmoqlari
va shahar turmush
tarzi qishloq joylarda
ham keng tarqalib
boradi, natijada shahar va
qishloqlardagi yashash sharoiti
tobora yaqinlashadi, ya’ni, qishloq joylar
rasman o‘zining qishloq maqomini
saqlab tursada, aslida, tub ma’noda
shaharlashib ketadi. Shahar bilan qishloq joylar orasidagi ijtimoiy-iqtisodiy farq
va chegaralarning yo‘qolib
borish jarayoni rurbanizatsiya
atamasi bilan yuritiladi.
Dunyo va yirik regionlarning urbanizatsiya darajasi (2016-yil)
№ | Hududlar | Urbanizatsiya |
1 | Dunyo | 54 |
2 | Rivojlangan davlatlar | 78 |
3 | Rivojlanayotgan davlatlar | 49 |
4 | Yevropa | 74 |
5 | Osiyo | 48 |
6 | Afrika | 41 |
7 | Shimoliy Amerika (AQSH va Kanada) | 81 |
8 | Lotin Amerikasi | 80 |
9 | Avstraliya va Okeaniya | 70 |
Demak,
jahon mamlakatlarida urbanizatsiya jarayoni turli bosqichlarida rivojlanib
bormoqda va bu,
birinchi navbatda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan
belgilanadi. Yevropa, Shimoliy Amerika, Lotin
Amerikasi, Avstraliya va Okeaniya kabi yirik
mintaqalardagi davlatlarda urbanizatsiya ko‘rsatkichi o‘rtacha hisobda
70 foizdan oshgan. Bu borada,
ayniqsa, Islandiya, Buyuk
Britaniya, Belgiya, Daniya, Niderlandiya,
Avstraliya, Yangi Zelandiya,
Argentina, Venesuela kabi
shaharlashuv darajasi 90
foizdan yuqori bo‘lgan
davlatlar ko‘zga tashlanadi.
Jahon aholisining
60 foizi va
dunyodagi shaharliklarning
yarmi yashaydigan Osiyo qit’asida urbanizatsiyaning umumiy
darajasi birmuncha pastroq,
50 foiz atrofida bo‘lib, o‘sishi davom
etmoqda. Afrikada esa urbanizatsiya ko‘rsatkichi 40
foizdan sal ko‘proq. Lekin har
ikkala qit’ada ham yuqori urbanizatsiyalashgan mamlakatlar bor. Jumladan, Osiyoda bu borada Yaponiya,
Janubiy Koreya, Isroil, Fors qo‘ltig‘i arab mamlakatlari, Tailand, Afrikada esa
Liviya, Jazoir, Misr, Marokash, JAR kabi
davlatlar ajralib turibdi.
Shu bilan birga,
Butan, Burundi, Malavi,
Uganda, Chad, Afg‘oniston va
boshqa mamlakatlarda urbanizatsiya darajasi
25 foizga ham yetmaydi. Ammo oxirgi
yillarda shahar aholisining umumiy soni va jahon aholisidagi
ulushi aynan Osiyo va Afrika davlatlarida kechayotgan urbanizatsiya jarayonlari
hisobiga ko‘paymoqda. Bunda eng
salmoqli hissa shaharlari
ancha yuqori sur’atlar
bilan o‘sib borayotgan Xitoy va Hindiston davlatlariga tegishli.
Jahon urbanizatsiyasining hozirgi
bosqichida xalqaro savdo-iqtisodiy va
bank-moliya munosabatlari rivojlanishi,
transmilliy korporatsiyalar faoliyati
doirasining kengayishi, zamonaviy
transport va aloqa tarmoq lari vujudga
kelganligi hisobiga ayrim
juda yirik shaharlarning ta’sir doirasi
joylashgan davlati bilan
chegaralanib qolmasdan, boshqa mamlakat va mintaqalar, ba’zan esa
jahonni qamrab olmoqda. Bunday shaharlarning aholisi soni
bir necha million
kishiga teng bo‘lib, yirik transmilliy korporatsiyalar va
xalqaro tashkilotlar qarorgohlari,
dunyodagi eng yirik port, sanoat korxonalari, bank, moliyaviy jamg‘arma
va birjalar joylashganligi bilan
boshqa shaharlardan ajralib
turadilar. Shu toifadagi shaharlarga
nisbatan global (yoki
jahon) shaharlari atamasi qo‘llaniladi. Global shaharlar qatoriga, eng
avvalo, Nyu-York, London, Tokio, Shanxay, Gonkong, Parij, Dubay, Singapur kabi
savdo-moliyaviy va transport salohiyati
o‘ta katta shaharlar
kiritiladi. Global shaharlar safi borgan sari
kengaymoqda, ularning ta’sir
doirasi esa barcha
qit’a va ularning yirik qismlarini qamrab olishga intilmoqda.
Urbanizatsiya jarayonlari
ijtimoiy-iqtisodiy
taraqqiyotning ajralmas qismi va
ularning bevosita hosilasi bo‘lib, qator muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.
Bu muammolarning qamrovi keng bo‘lib, ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy, tibbiy, madaniy, ma’naviy-axloqiy jihatlar bilan tavsiflanadi.
Bunda ishlab chiqarish
atrof-muhitga o‘tkazadigan bosimining kuchayishi, suv ta’minotidagi kamchiliklar,
transport tarmoqlariga me’yoridan ortiq
yuk tushayotgani, shahar
turmush tarzi bilan
bog‘liq
kasalliklarning
tarqalishi, jinoyatchilikning ortishi va boshqa muammolar eng dolzarb
hisoblanadi. Demak, jahon
urbanizatsiyasining zamonaviy bosqichi miqdor
va sifat xususiyatlari, shuningdek,
turli ko‘rinishdagi muammoli
jihatlari bilan tavsiflanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.