Qo`ltiqdagi katta to`lqin
Tabiatda to'satdan ro'y beradigan
eng dahshatli hodisalardan biri — sunamidir. Sunami,
asosan, kuchli zilzilalar vaqtida dengiz tubining birdaniga ko'tarilishi yoki
pasayishidan, shuningdek suv osti va sohil vulqoni otilishidan, suvga ulkan
massali jinslar qulashidan, ba'zan esa tayfunlar dastidan vujudga keladigan
bahaybat to'lqinlardir.
Yer sharida sunamilarning 95
foizi materik yon bag'rida va okean chuqurliklaridagi zilzila oqibatida sodir
bo'ladi. «Sunami» yaponcha so'z bo'lib «qo'ltiqdagi ulkan to'lqin» degan
ma'noni bildiradi. Sunami juda halokatli bo'lib, katta ko'lamdagi vayronalarga,
ko'plab qurbonlarga sabab bo'ladi. Sunami qirg'oqdan uzoqdagi, okean
o'rtasidagi kemalarga xavf tug'dirmaydi; ammo sohilga yaqinlashgan sari
to'lqinning balandligi ortib, kemalar turishi uchun qulay bo'lgan qo'ltiqlarda
juda dahshatli, vayron etuvchi kuchga aylanadi. Sunami to'lqinlari atrofga
soatiga 750-1000 kilometrgacha tezlikda tarqaladi, to'lqinlar qo'ltiqda 15
metrdan 30 metrgacha balandlikka ko'tariladi.
Sunami insoniyatga juda qadimdan ma'lum. Sunami haqidagi dastlabki ma'lumotlar eramizdan avvalgi ikki minginchi
yillarga oid.
869 yil iyulda Yaponiyaning Sanrika rayoniga sunami to'lqinlari bostirib kelgan. Mingdan ortiq odamning bir qismi xarobalar
ostida qolib nobud bo'lgan, bir qismini to'lqinlar okeanga olib ketgan.
Sunami sohildagi yuzlab qishloqni yuvib
ketgan. 1692-yil 7-iyulda Karib dengizidagi Yamayka orolida kuchli zilzila
bo'lgan. Zilzila va sunami to'lqinlari Port Royyalni batamom vayron qilgan,
shaharning uchdan bir qismi suv ostida qolgan; juda ko'p odamni yer va suv o'z
qa'riga olgan, ko'plab kemalar g'arq bo'lgan.
1755-yil 1-noyabr kuni Portugaliya poytaxti
Lisabon shahridagi aholi barcha avliyolarni katta bayram bilan nishonlayotgan
ekan. Shahar fuqarosining ko'pchiliga butxonalarda ibodatga to'plangan paytda
qattiq zilzila bo'lgan. Qulagan shamlardan yong'in chiqqan. Zilzilaning
dastlabki zarbidayoq shahar vayronaga aylangan. Yigirma daqiqadan so'ng zilzila
dastlabki kuch bilan yana takrorlangan, ayni vaqtda balandligi 20-30 metr
keladigan bahaybat dengiz to'lqini shaharga yopirilgan, ayrim joylarda suv
shaharning 15 kilometr ichkarisigacha kirib borgan va yo'lida duch kelgan
barcha narsani xarob etgan. Shahardagi 32 ibodatxona va 52 saroy yer bilan bitta
bo'lgan, yangi prichal (kema to'xtaydigan joy) suv ostida qolgan, ko'p kemalar
pachaqlanib suvga cho'kkan, 50 mingdan ko'prok odam halok bo'lgan.
Zilzila natijasida ro`y beradigan sunamilarning 85 foizi Tinch okean havzasiga to'g'ri keladi. 684-yildan buyon
355 ta halokatli sunami ro'y bergani ma'lum, shularning 308 tasi Tinch okeanda
bo'lgan. Tinch okean sohillarida 800 marta sunami bo'lgani ma'lum. Zilzila va sunami dastidan, asosan, Yapon orollari, Janubiy Amerika, Gavay orollari,
Kamchatka, Kuril orollari axolisi zarar kuradi. Zilzila oqibati bo`lgan sunamilardan eng talafotlisi 1896-yil 15-iyunda Yaponiyaning sharqiy sohilida Sanrin rayonida
ro`y bergan. Zilzila uchogi Yaponiya orollaridai 200-240 kilometr sharqda
joylashgan. Yer qimirlab 20 daqiqagacha o'tgach, dengiz bir oz chekingan,
taxminan bir soatlardan keyin qirg'oqqa balandligi 25 metr keladigan to'lqin
yopirilib, 320 kilometr uzoqlikdagi qirg'oqni qoplagan. Sunami 2466 ta uyni
vayron etgan, 10 167 ta uyni yuvib ketgan; 27 122 kishi halok bulgan va 9427
kishi jarohatlangan. Shu paytda sohildan uzoqda — dengizda baliq ovlab yurgan
baliqchilarning bu voqeadan xabarlari ham bo'lmagan, ertasiga uylariga qaytib,
fojiadan hang-mang bo'lib kolganlar.
1946-yildan buyon Tinch okeanda 20 ga yaqin
yirik tsunami bo'lib, Alyaska, Gavay orollaridagi portlar shikastlandi. 1960
yil may oyi oxirida Chilida bo`lgan zilzila vaqtida ham dengiz tubi tik
yo'nalishda harakatlanib, kuchli tsunami vujudga keldi va Chili sohilidagi
yuzlab odamning yostig'ini quritdi. Sunami to'lqinlari reaktiv samolyot
tezligida harakatlanib, Kaliforniya, Gavay orollari, Yangi Zelandiya,
Avstraliya, Filippin, Yaponiya, Kuril orollari va Kamchatka sohillarigacha
borib etdi. Natijada Yangi Zelandiya sohillaridagi kemalar ag'darildi,
Filippin sohillaridagi bir necha shaharni suv bosdi. Balandligi 10 metr
keladigan to'lqin Chilidan 16 ming kilometr uzoqda joylashgan Yaponiya
qirg'oklariga 21 soatda kelib etgan va 36 ming uy suv ostida qolgan. Baliq ovlaydigan
900 ta kema ag'darilib, yuzlab odam halok bo'lgan. Sunami insoniyatga katta
zararlar etkazgan. Lekin tabiatda uning ham o'ziga xos vazifasi bor.
2011-yil Yaponiyaning Xonsyu orolidagi sunami oqibati
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.