Mitti mamlakatning katta muammolari
Tinch okeanining janubi-g`arbiy qismidagi Nauru
orolida joylashgan mamlakat haqida eshitganmisiz? U rasman respublika maqomiga ega
bo’lgan dunyodagi eng kichik hamda rasmiy poytaxti bo’lmagan sayyoramizdagi yagona
davlat ekanligi bilan mashhur. So’nggi yillarda esa bu davlat bilan bog`liq turli
muammolar jahon afkor ommasi e’tiboriga tushdi.
YOTIB YEGANGA TOG` HAM CHIDAMAYDI
Ota-bobolarimizning
hayotiy kuzatishlari, turmushda ko’rgan-kechirganlari asosida topib aytilgan bu
naql Naurudagi bugungi holatga juda mos keladi. Masalan, XX asrning 70–80 yillarida
ham aholi jon boshiga to’g`ri keladigan daromad bo’yicha Nauru dunyoning eng boy
mamlakatlari sirasiga kirardi. Oradan yarim asrga yaqin vaqt o’tib esa mamlakat
aholisi qashshoqlikdan aziyat chekmoqda. Xo’sh, nega?
Sababi juda oddiy. Bu yerga odamlar endi-endi
kelib yashay boshlagan vaqtlarda orolning markaziy qismi balandligi 30 metrga yetadigan,
dengiz qushlarining axlatlaridan paydo bo’lgan tabiiy azot-fosforit o’g`it — guanoning
qalin qatlami bilan qoplangan platodan iborat edi. Ahamiyatlisi, bu mineral o’g`it
jahon bozorida juda qadrlanadi. Shu bois Nauruda asosiy e’tibor guano qazib olish
va uni eksport qilishga qaratildi. Buning ortidan katta daromad olindi. Ammo
1990 yilga kelib orolda guano zaxiralari tugadi, mamlakat esa muhim tirikchilik
manbaidan ajraldi. Hozirgi kunda hudud aholisining asosiy daromadi Avstraliya hukumati
tomonidan berilayotgan yordamdan iborat bo’lib qolmoqda.
OROL FAUNA VA FLORASIGA DARZ KETGAN
Nauruda guano qazib
olishdan keyingi eng ommalashgan serdaromad tarmoq kokos palmasini yetishtirishdir.
Guano qazib olish natijasida orolning markaziy qismi xuddi oy sirtiga o’xshash,
qoraygan bo’shliqdan iborat ko’rinishga kelib qolgan bo’lsa, kokos palmalari yetishtirishga
zo’r berish oqibatida boshqa tabiiy o’simliklar yo’qolib ketgan. Ya’ni, orolning
nabotot va hayvonot dunyosi juda kambag`al.
Mamlakat janubida
bitta uchish maydoniga ega Nauru xalqaro aeroporti joylashgan, mazkur aviakompaniya
ixtiyorida atigi bitta "Boing-737” samolyoti mavjud. Temir yo’llarning uzunligi
3,9 kilometrni tashkil etadi va ushbu yo’llar guano konlarini dengiz bo’yidagi port
bilan bog`laydi. Orolda jamoat transporti yo’q, aholi shaxsiy avtomobillaridan foydalanadi.
Mana shu sabablarga ko’ra, Nauruda turizm ham rivojlanmagan. Boshqa orol davlatlar
esa bunday imkoniyatdan juda samarali foydalanishadi. Ularning ko’pchiligini bugungi
kunda turizm boqayotgani sir emas.
SUV O’RTASIDA SUVSIZLIK AZOBI
Ha, hamma tomoni
suv bilan o’ralgan orol aholisi uchun suv muammosi doim sezilib turadi. Sababi,
Nauruda daryolar yo’q. To’g`ri, orolning janubi-g`arbiy qismida kichikkina Buada
ko’li mavjud. Bu ko’lda faqat yomg`ir suvlarigina to’planadi.
Biroq bu suvlar tuproqdagi tuzni ham yuvib kelishi oqibatida ko’lning suvi ancha
sho’r. Shu bois, ichimlik suvi tanqisligi oroldagi dolzarb muammolardan biriga aylangan.
Hozirgi kunda orolda okean suvini chuchuklashtiruvchi faqat bitta moslama ishlab
turibdi. Mazkur moslama ham bu yerdagi yagona elektr stansiyasining texnik eskirgani,
tez-tez nosozliklar kuzatilishi, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bois
aksariyat hollarda to’xtab qoladi.
Nauru aholisi hozirgi
kunda asosan yomg`ir suvlarini yig`ib, ichish, bog` va uy hayvonlarini sug`orish
uchun foydalanadi. Bundan tashqari, qurg`oqchilik mavsumida orolga ichimlik suvi
Avstraliyadan ulkan kemalarda keltiriladi.
MAMLAKAT SUV OSTIDA QOLIB KETIShI MUMKIN
Aslida yuqoridagi
muammolar Nauru davlati va xalqining kichik muammolari va astoydil harakat qilinsa,
bu qiyinchiliklardan chiqib ketish mumkin. Biroq ushbu davlatga so’nggi yillarda
iqlim o’zgarishi degan yana bir xavf tahdid solmoqdaki, bundan mamlakat hukumati
ham, xalqi ham, qolaversa, boshqa davlatlar ham xavotirda.
O’tgan yilning sentyabr
oyida Nauru respublikasi prezidenti Baron Uaka BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasida
chiqish qilib, xalqaro hamjamiyatni iqlim o’zgarishlari bilan bog`liq muammolarni
hal etish uchun tezkor choralar ko’rishga chaqirdi. U vayron qiluvchi dovul va sunamilarni
qudratli bombalar portlashiga qiyosladi, dunyo okeani suv sathining ko’tarilishi
esa, uning ta’biri bilan aytganda, dushman qo’shinlarining yurishidir.
Baron Uakaning ayni
mavzuda bu qadar jon kuydirib gapirishi bejizga emas. Zero, global iliqlashuv natijasida
dunyo okeanida suv sathining ko’tarilishi sayyoramizdagi eng kichik respublikani
juda katta muammolarga ro’baro’ etmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu davlat
yaqin yillar ichida dunyo xaritasidan yo’qolib ketishi hech gap emas. Shuningdek,
mutaxassislar bu borada xalqaro hamjamiyat birdek qayg`urmas, atmosferaga zaharli
gazlar chiqarilishi davom etar ekan, suv sathining ko’tarilishi tez orada yana ko’plab
davlatlar taqdirini xavf ostida qoldirishi mumkinligidan ogohlantirishdi.
Nauru Respublikasi
— Tinch okeanining janubi-g`arbiy qismidagi Nauru orolida joylashgan davlat.
1968 yil 31 yanvarda mustaqil deb e’lon qilingan. Buyuk Britaniya Hamdo’stligi a’zosi.
Nauru davlatining qurolli kuchlari yo’q va uning xavfsizligini Buyuk Britaniya ta’minlaydi.
Davlat boshlig`i
— prezident, u parlament tomonidan uch yil muddatga saylanadi.
Maydoni 21,3 kvadrat
kilometrni tashkil etadi, aholisi o’n ikki ming uch yuz kishidan iborat.
Nauru mustaqillikka
erishgan vaqtda orolda 3 ming kishi yashagan. O’tgan yarim asrga yaqin vaqt mobaynida
mamlakat aholisi to’rt barobarga ko’paydi. Orol aholisining aksariyati dengiz qirg`oqlari
hamda Buada ko’li atrofida yashaydi. Ularning 60 foizini mahalliy naurular, qolgan
qismini Okeaniyaning boshqa qismidan kelganlar, xitoyliklar, filippinlar va yevropaliklar
tashkil etadi.
Manbalar asosida JAHONGIR tayyorladi.
Manba: «Qashqadaryo» gazetasi
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.