Yaponiyani dunyoning eng zo’r mamlakatlaridan biriga aylantirgan ta’limning 10 xususiyati
Nima uchun yaponlar bunday aqlli ekanini bilasizmi? Chunki
ularning ta’lim tizimi juda ajoyib. AdMe shu mavzudagi maqolasi bilan bo’lishdi.
Avval odob - keyin bilim
Yaponiyadagi maktab o’quvchilari 4-sinfgacha imtihon topshirishmaydi,
faqat kichik mustaqil ishlar yozishadi. Ilk uch yilda asosiysi - akademik bilim
emas. Boshlang`ich sinflarda asosiy e’tibor tarbiyaga qaratiladi: bolalar insonlar
va jonivorlarga hurmat bilan munosabatda bo’lish, bag`rikenglik, birovning dardiga
sherik bo’lish, haqiqatparvarlik, o’z-o’zini nazorat qilish va tabiatga ehtiyotkorona
munosabatda bo’lishga o’rgatiladi.
O’quv yilining boshlanishi 1-aprelga to’g`ri keladi.
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalar o’quv yilini
yakunlayotgan bir paytda yaponlarda o’qish boshlanadi. Yil boshi mamlakatdagi tabiatning
eng ko’rkam pallasi - sakura gullashiga to’g`ri keladi. Shu tariqa ular jiddiy va
yangi pallaga qadam qo’yishadi. Akademik yil uch trimestrdan iborat: 1-aprel - 20-iyul, 1-sentyabr - 26-dekabr, 7-yanvar - 25-mart. Shunday qilib yaponlar yozgi ta’tilda
6 hafta, qish va bahorda esa 2 haftadan dam olishadi.
Yapon maktablarida farroshlar yo’q, xonalarni bolalarning o’zlari tozalashadi.
Har bir sinf navbatma-navbat xonalar, koridorlar va hatto
hojatxonalarni tozalaydi. Shu tariqa bolalar jamoada ishlash va bir-biriga yordam
berishni o’rganishadi. O’quvchilar tozalash ishlarini o’zlari bajargandan keyin
xonalarni ifloslantirishmasa kerak. Bu ularni boshqalar mehnatini hurmat qilish
va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga o’rgatadi.
Maktablarda faqat standart tushlik tayyorlanadi.
Boshlang`ich va o’rta maktabda bolalar uchun maxsus lanchlar
tayyorlanadi. Taomlar maksimal darajada sog`lom va foydali bo’lishi uchun ularning
menyusi nafaqat oshpazlar, balki tibbiyot xodimlari tomonidan ham ishlab chiqilgan.
Barcha sinfdoshlar o’qituvchi bilan birga xonada tushlik qilishadi. Ular bunday
norasmiy sharoitda ko’proq muloqot qilishadi va ishonchli munosabatlar o’rnatishadi.
Qo’shimcha ta’lim keng tarqalgan.
Bolalar yaxshi o’rta maktabga chiqish uchun boshlang`ich
sinflardayoq xususiy va tayyorlov mashg`ulotlariga qatnashadi. Bunday mashg`ulotlar
kechqurun o’tkaziladi, shu bois soat 21:00da avtobuslarning qo’shimcha mashg`ulotlardan
qaytayotgan bolalarga to’la bo’lishi Yaponiyada tabiiy holatdir. Ular hatto yakshanba
va ta’til kunlari ham shug`ullanishadi.
Shunday ekan, statistikaga ko’ra, Yaponiyada ikkinchi yilga o’qishga qoldirish holatlarining
deyarli yo’qligi ajablanarli holat emas.
O’quvchilar maktab dasrlaridan tashqari yapon kalligrafiya san’ati va she’riyatga o’rgatiladi.
Yapon kalligrafiyasi yoki shodo tamoyili - juda oddiy:
bambuk cho’tka siyohga botiriladi va guruch-qog`ozga iyerogliflar chiziladi. Yaponiyada
shodo odatiy tasviriy san’at darajasida qadrlanadi. Xayku esa - she’riyatning tabiat
va insonni bir butun qilib ko’rsatuvchi milliy shakli. Ikki predmet ham sharq estetikasi
tamoyillaridan birini aks ettiradi - oddiylik va nafislik uyg`unlashuvi. Mashg`ulotlar
bolalarni ko’p asrlik madaniyatni qadrlash va hurmat qilishga o’rgatadi.
Barcha maktab o’quvchilari formada bo’lishi kerak.
O’quvchi o’rta maktabdan boshlab uniforma kiyishga majbur.
Ko’p maktablar o’z formasiga ega, lekin odatda bu o’g`il bolalar uchun - harbiy
uslubdagi kiyim, qiz bolalar uchun esa - dengizchi uslubi. Qoidalar o’quvchilarni
tartibga keltiradi, zero maxsus kiyimning o’ziyoq ishchi muhitni yaratadi. Shuningdek
bir xil forma sinfdoshlarni birlashtirishda yordam beradi.
O’quvchilarning darslarga qatnashi 99,99 foizni tashkil qiladi.
Hayoti davomida biror marta maktabdagi darslarni qo’yib
yubormagan odamni izlab topish qiyin bo’lsa kerak, bu yerda esa butun boshli millat!
Shu bilan birga yapon o’quvchilari hech qachon darslarga kechikishmaydi. 91 foiz
o’quvchi o’qituvchining gaplarini diqqat bilan tinglaydi. Yana qaysi mamlakat shunday
statistika bilan maqtana oladi?!
Bir bitirish imtihonining natijalari barchasini hal qiladi.
O’quvchilar yuqori sinflarni tugallagach, birgina test
topshirishadi va bu ularning oliy ta’lim muassasasi (OTM)ga kirish yo kirmasligini
hal qiladi. Bitiruvchi faqat bir OTMni tanlashi mumkin - uning qanday bo’lishi kelajakdagi
ish haqi va turmush darajasini belgilab beradi. Raqobat katta: 76 foiz bitiruvchi
maktabdan keyingi o’quv jarayonini davom ettiradi. Aynan shuning uchun ham Yaponiyada
"imtihon jahannami" degan ibora mashhur.
Universitet yillari — hayotdagi eng yaxshi ta’til.
"Imtihon jahannami"ga
ko’p yillik tinimsiz tayyorgarlikdan keyin yaponlarning kichik tanaffus qilishni
istashi hayratlanarli emas. Bu har bir yapon hayotida eng oson va betashvish hisoblangan
universitet yillariga to’g`ri keldi. Ishlashdan oldingi ajoyib hordiq, zero yaponlar
bolaligidan ishga nafaqat mas’uliyat, balki butun hayotiy faoliyatiga bo’lgan katta
mehr-muhabbat bilan yondashishga o’rgatilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.
Sharhlar - 1