Dunyoning yangi yetti mo’jizasi
2000-yilda boshlangan
"Yangi Ming Yillik "proyektlari doirasida boshlangan "Dunyoning yangi 7
mo’jiasi" ro’yxatini tuzish 2007-yilda o’z yakuniga yetdi. Deyarli 100 million
nafardan ortiq sayyoramiz aholisining telefon va internet orqali bergan
ovozlari bilan dunyoning yangi yetti mo’jizasi dunyoning 200 ta eng sara
inshootlari orasidan tanlab olindi hamda ushbu ro’yxat Portugaliyaning Lissabon
shahridagi "Luz” stadionida 2007-yilning 7-oyi 7-kuni 7-iyulda taqdim
etildi.Tadbirda amerikalik kosmonavt Nil Armstrong, futbolchi Krishtianu
Ronaldo, YUNESKO ning sobiq bosh direktori Federiko Mayor Saragosa, amerikalik
aktrisa Jennifer Lopes va raqqos Xoakin Kortes kabi mashhur insonlar
qatnashdilar. Shou translyatsiyasidan tushgan mablag‘ning yarmi
2001-yilda vayron etilgan Afg‘onistondagi Budda haykalini tiklash uchun
sarflanadigan bo‘ldi.
Faqat
o‘z texnik yoki badiiy mukammalligi bilan insonlar hayratiga sabab bo‘lgan
yaratmalargina yetti mo‘’jiza turkumiga kiritildi, deyiladi tashkilotchilar
bayonotida. Aslida dunyoning yangi yetti mo‘’jizasi ro‘yxatini 2001-yil
shveytsariyalik millioner, kinematograf va muzey kuratori Bernard Veber
butunjahon ovoz berish yo‘li bilan yangilashni taklif etgandi. Shundan so‘ng u Syurixda «Duyoning yangi yetti mo‘’jizasi» jamg‘armasini
tuzdi. 2005-yil so‘ngida ovoz berish jarayoni boshlandi. Ovoz beruvchilar avvaldan
tanlangan 21 ta arxitektura javohiri orasidan eng sara yettitasini tanlashlari
kerak edi. Asosiy talab inshootlar inson mehnati mahsuli bo‘lib, u 2000 yilga
qadar qurilgan bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, sayyoramizning eng sara
inshootlarining ilk ro‘yxati IV asrda grek yozuvchisi Filon Vizantiyskiy
tomonidan tuzilgan. Unga Semiramida (Bobil) osma bog‘lari, Olimpiyadagi Zevs
haykali, Efesdagi Artemida ibodatxonasi, Galikarnasmavzoleyi, Iskandar mayog‘i,
Misr ehromlari va Gelios haykali kiritilgan.
"Yangi yetti mo‘’jiza” nomiga esa Buyuk
Xitoy devori, Iordaniyadagi toqqa o‘yib ishlangan Petra majmuasi, Braziliyaning
Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovadu tog‘ida joylashgan Isoning ulkan haykali,
Perudagi qadimgi inklar shahri Machu-Pikchu, Meksikaning Chichen-Ittsa
shahridagi qadimgi mayya piramidasi, Rim Kolizeyi va Hindiston Tojmahali
sazovor bo‘ldi.
Misr ehromlari bu ro‘yxatga
kiritilmagan. U tashkilotchilar tomonidan "faxriy mo‘’jiza” sifatida e’tirof
etildi. Ma’lumki, qadimgi mo‘’jizalardan faqat Misr ehromlarigina saqlanib
qolgan. Ular ming yillar davomida tabiat va inson ta’siriga bardosh berib,
"Hamma vaqtdan qo‘rqadi, lekin vaqt ehromlardan qo‘rqadi” degan ta’rifni
isbotlab kelmoqda.
Endi dunyoning yangi yetti mo‘’jizasi,
deya e’lon qilingan inshootlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Buyuk
Xitoy devori
U xitoychada "Vanli chongchang” deya nomlanib, "10 ming li uzunlikdagi
devor” ma’nosini anglatadi. Uning dastlabki qismi qal’a devori sifatida
miloddan avvalgi IV-III asrlarda imperator Sin Shixuan davrida qurilgan. Devor
tosh va g‘ishtdan ishlanib, ichini tuproq bilan to‘ldirgan holda, shibbalab
bunyod etilgan. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda g‘arb tomonga 500 kilometrga
uzaytirilgan. 2001 yilda ilmiy tadqiqotlar natijasida uning asli uzunligi 530
kilometr, deya e’tirof etildi. Buyuk Xitoy devorining o‘rtacha balandligi 9
metr. Kengligi 5-6,5 metr. Devorda soqchilar uchun to‘rtburchak burjlar
qurilgan va ularning balandligi 10-12 metrgacha yetgan. Har 10 kilometrda
kuzatish, xabar berish minoralari, tog‘dagi muhim o‘tish joylarida qo‘rg‘onlar
bo‘lgan.
Kolizey
Rim Kolizeyi – qadimiy Rim me’morchiligining ulkan yodgorligi. Aslida
ham Kolizey so‘zi lotin tilida "ulkan” degan ma’noni anglatadi. U milodimizning
70-80-yillarida imperator Tit tomonidan qurilgan. Ellips shaklidagi inshoot
balandligi 57 metr. Unga 50 ming tomoshabin bemalol sig‘adi. O‘rindiqlar
toshdan ishlangan. Imperator o‘rindig‘i sahna bilan teng bo‘lgan (ya’ni 3,5
metr balandlikda). Kolizey sahnasida bayram tantanalari, teatr tomoshalari,
gladiatorlar janglari va qurbonliklar o‘tkazilgan.
Hindiston
Tojmahali
Temuriylar avlodlari tomonidan Hindiston zaminida bunyod etilgan ushbu
me’moriy yodgorlik 1631-52-yillarga mansubdir. U Agra shahri yaqinidagi Jamna
daryosi bo‘yida Shoh Jahonning Arjumandbonuga bo‘lgan muhabbati ramzi o‘laroq
qad ko‘targan. Shoh Jahonning o‘zi ham keyinchalik shu yerda dafn etilgan. Inshoot
murabba tarxli bo‘lib, 3 qavat va 5 gumbazdan iborat. Bino marmar supa ustiga
qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 45 metr bo‘lgan minoralar barpo etilgan. Oq
marmardan ishlangan devorlarga aqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, zumrad, yoqut,
fil suyagi kabi qimmatbaho toshlardan qadama naqshlar ishlangan.
Iordaniyadagi
Petra majmuasi
U qoyalarni o‘yib ishlangan ibodatxonalar, maqbaralar, turar joy
binolari, 3 ming kishilik teatr va boshqa binolarning betakror majmuasidir. Eramizdan
avvalgi III asr va eramizning I asrida bunyod etilgan. Majmua 3 kv. km. bo‘lib,
unda 1000 dan ortiq o‘yma inshootlar mavjud.
Iso
haykali
Iso haykali Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovadu tog‘ida
joylashgan. U g‘olib yodgorliklarning eng Yoshi bo’lib, 1922 – 1931 yilda
bunyod etilgan. 700 metr balandlikda joylashgan haykalning balandligi 30 metr.
Perudagi
qadimgi inklar shahri-Machu-Pikchu
Machu Pikchu so‘zi eski pirmaida ma’nosini anglatib, bu shahar
"yo‘qolgan shahar” nomi bilan ham mashhur. Ushbu shahar XV asrda inklar
tomonidan 2430 metr balandlikka qurilgan bo’lib, bu yerda to‘g‘ri burchakli
kvartallar, tor ko‘chalar, qo‘rg‘onlar kabi bir qator inshootlar bo‘lgan. Shaharda
hayot ispanlar bir ardan keyin bostirib kelganda o’z yakuniga yetgan hamda
qir’gindan omon qolganlar shaharni butunlay tashlab ketishga majbur bo’lganlar.
1911-yilgacha bunday shahar mavjudligini mahalliy aholidan boshqa hech kim
bilmagan. Hozirda shahar nafaqat Janubiy Amerikadagi, balki dunyodagi eng ko’p
turist tashrif buyuradigan obidalardan biri sanaladi.
Mayya
ehromi
U Meksikaning Yukatan yarim orolida Chichen-Ittsa shahrida joylashgan. Zinapoyali
ulkan ehrom. Miloddan avvalgi 1 ming yillikda barpo etilgan. U qadimgi
madaniyatga ega mayya xalqining nodir merosi.
Biroq,
aytish kerakki, Yunesko mazkur ovoz berish jarayonini qo‘llab-quvvatlash va
uning natijalarini tan olishdan voz kechdi. Tashkilot vakillari bu reklama
kampaniyasi ekanini ma’lum qilib, aynan Yunesko o‘zi maxsus jamg‘armasi orqali
tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish bilan shug‘ullanishini aytdilar. Tashkilot
matbuot kotibi Syu Uilyamsning aytishicha, tanlov tamoyillari YuNYeSKO
tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi. Yuneskoning
ta’kidlashicha, dunyo madaniy merosiga kiritilgan 800 dan ortiq
yodgorliklarning bari e’tiborga loyiq.
Yuneskoning Afg‘oniston madaniy merosi
bo‘yicha mutaxassisi Manxart Budda haykalini tiklash uchun Veber Afg‘oniston
hukumati mandatiga ega emasligini, qolaversa, haykalni tiklash uchun uning
qoldiqlarini olib tashlash lozimligini, biroq qadimiy yodgorlik parchalarini
buzishga ruxsat berilmasligini ma’lum qilgan.
Tanlov tashkilotchisi Veber esa "Agar
siz biror narsani asrab qolmoqchi bo‘lsangiz, uni chindan ham qadrlang”, deya
amalga oshirilayotgan ishni ma’lum ma’noda izohladi va amalga oshirilgan ishlar
rivojlantirilishini ma’lum qildi. Veber kelgusi safar – 2008-yil 8-avgustda "Tabiatning yetti mo‘’jizasi” e’lon qilinishi va ovoz berish
jarayoni boshlanishini e’lon qildi.
Ehtimol, tanlov tashkilotchilarining
qarori ko‘pchilik mamlakatlar, xalqaro tashkilotlarni qoniqtirmagan bo‘lishi
mumkin. Bu o‘rinda siyosiy, diniy, iqtisodiy jihatlar bir-biriga muvofiq
kelmasligi aniq. Ammo bu insoniyatning o‘z ajdodlari merosini himoya qilishga
urinish ramzi sifatida e’tirofga loyiq urinishdir.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.